×

CERN Summer Student Programme: Bakalavr va magistrlar uchun Shveytsariyada amaliyot dasturi; barcha xarajatlar qoplanadi!


Grant

MUHLAT

26.01.2026

QOLGAN VAQT

65 kun

HUDUD

Shveytsariya

O'QILGAN

14559 marta

Shveytsariyada joylashgan CERN tashkiloti fizika, kompyuter fanlari, muhandislik matematika yoki shu sohalarga aloqador soha boʻyicha oʻqiyotgan bakalavriat va magistratura talabalariga “CERN Summer Student Programme: 2026” amaliyot dasturini taklif etmoqda.  Amaliyot 2 oy davom etadi va amaliyotchilar tajriba oʻtkazish yoki muhandislar jamoasida ilgʻor texnologik loyiha ustida ish olib boradi.

Dastur mobaynida ishtirokchilar oʻtiladigan nazariy va amaliy fizika, muhandislik hamda hisoblash sohasidagi mavzular boʻyicha maʼruzalarda qatnashadi. CERN obyektlariga tashrif, muhokama mashgʻulotlari va seminarlar ham tashkil etiladi. Ishtirokchilardan ingliz tilini yetarli darajada bilish talab etiladi.

Dasturga qabul qilinganlar 2026-yil iyun oyidan boshlab CERN tashkilotiga amaliyot uchun borishlari mumkin.

Amaliyot oxirida CERN tashkilotida siz ishtirok etgan loyiha yoki ish boʻyicha qisqa hisobot topshirish kerak boʻladi. Dastur davomidagi mashgʻulotlar haqida BU YERDAN maʼlumot olishingi zmumkin.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat va magistratura talabalari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Texnik loyiha ustida ish olib borish uchun 2 oylik mehnat shartnomasi tuziladi.
  • Fizika boʻyicha maʼruzalar (ishtirokchilar Openlab tomonidan tashkillashtiriladigan IT maʼruzalarga ham qatnashishi mumkin).
  • Butun dastur davomida turar joy va oziq-ovqat xarajatlarini qoplash uchun kuniga 93 CHF (taxminan 115 AQSH dollari) miqdoriga mablagʻ beriladi.
  • Jeneva shahriga borish xarajatlari uchun mablagʻ ajratiladi.
  • CERN kompleks tibbiy sugʻurtasi xarajatlari qoplanadi.
  • CERN hududi yoki unga yaqin yerdan turar joy topishda yordam koʻrsatiladi.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan atalablaqr quyidagicha:

  • Istalgan davlat fuqarosi ushbu dasturga ariza topshira oladi.
  • Nomzod fizika, muhandislik, kompyuter fanlari, matematika  yoki shu sohalarga aloqador soha boʻyicha tahsil olayotgan bakalavriat yoki magistratura talabasi boʻlishi lozim (PhD bosqichi talabalari ariza topshira olmaydi). Bakalavriat talabalari 2026-yil yozida kamida 3-bosqichni tugatgan boʻlishi lozim.
  • Amaliyot davomida oʻz universitetida talabalar safida boʻlishi lozim. 2026-yil may oyida oʻqishni tugatadigan nomzodlar ham ariza topshira oladi.
  • Nomzod oldin CERN tashkilotidagi Summer Student Programme dasturida qatnashmagan hamda boshqa lavozimda (Technichal Student, Trainee, User yoki boshqa lavozimda) 3 oydan koʻp ishlamagan boʻlishi lozim.
  • Ingliz tilini yaxshi bilish kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Dastur uchun arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2026-yil 26-yanvargacha onlayn shaklda BU YERDA qabul qilinadi.

Ariza shaklini toʻldirish davomida quyidagi hujjatlarni topshirish talab etiladi:

  • Ingliz yoki fransuz tilida tayyorlangan CV. CVni qanday tayyorlash boʻyicha CERN maslahatlari bilan BU YERDA tanishing.
  • Baholari chiqqan eng oxirgi semetrdagi baholar (ingliz yoki fransuz tilida).
  • Sizga maʼruza oʻtadigan oʻqituvchilar va/yoki oldingi amaliyot joy(lar)ingizdan 1 yoki 2 ta tavsiyanoma (ingliz yoki fransuz tilida). Tavsiyanoma olinganiga 12 oydan oshmagan boʻlishi kerak.

Hujjatlar PDF formatda va nomi aniq koʻrsatilgan shaklda (masalan, “CV”, “Academic transcripts” va hk) joylanishi kerak.

Ariza shaklini toʻldirishni boshlashdan oldin barcha hujjatlarni tayyor qilib qoʻyish tavsiya etiladi.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!