Community Solutions Program (CSP) – bu atrof-muhit, tinchlik va ziddiyatlarni hal qilish, shaffoflik va hisobdorlik, ayollar hamda gender masalalariga oid muammolar yechimi ustida ishlovchi kishilarga moʻljallangan 1 yillik professional yetakchilikni rivojlantirish dasturidir. Dasturda qatnashish uchun saralab olingan yetakchilar quyidagi mashgʻulotlarda ishtirok etadi:
- AQSHda 4 oylik amaliyot: Dastur ishtirokchilari AQShdagi turli mezbon tashkilotlarga joylashtiriladi va u yerda 4 oylik amaliyot oʻtaydi.
- Jamiyatdagi yetakchilik instituti: Dastur ishtirokchilari Jamiyatdagi yetakchilik instituti malaka oshirish dasturida qatnashadi, bu dastur yetakchilik va boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu malaka oshirish dasturi yuzma-yuz treninglar, onlayn kurslar, professional murabbiylik va netvorkingni oʻz ichiga oladi.
- Jamiyatga yoʻnaltirilgan tashabbuslar: Ishtirokchilar AQSHda boʻlgan vaqtda mezbon tashkilotlar koʻmagida oʻz vataniga qaytganda amalga oshirish uchun jamiyatni rivojlantirish boʻyicha tashabbus yoki loyiha ishlab chiqadi ve rejalashtiradi. Ishtirokchilardan AQSHdan joʻnab ketgach, oʻz jamiyatlarida mazkur loyihalarni amalga oshiradi.
Grant kimlar uchun?
25-38 yoshlilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturda ishtirok etish uchun saralab olinganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
- J-1 viza olishda yordam beriladi.
- AQSHga borish va kelish uchun aviachipta bilan taʼminlanadi.
- AQSHda vaqti turar joy, oziq-ovqat va boshqa kundalik xarajatlarni qoplash uchun stipendiya beriladi.
- Baxtsiz hodisalar va kasallikka qarshi sugʻurta qilinadi.
Talablar:
Nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi lozim:
- Belgilangan davlatlardan birining fuqarosi boʻlishi kerak (bu davlatlar orasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston ham bor).
- 2024-yil 1-yanvar holatiga koʻra 25 va 38 yosh orasida boʻlish kerak.
- Nomzod oʻz davlatida yashayotgan va ishlayotgan boʻlishi kerak.
- Jamiyatni rivojlantirish boʻyicha kamida 2 yillik tajribaga ega boʻlish kerak; toʻliq stavkali ish tajribasi ham, toʻliqsiz stavkasiz ish tajribasi ham, volontyorlik faoliyati ham hisobga oʻtadi.
- Hozirda AQSHda biror akademik, malaka oshirish yoki tadqiqot dasturida qatnashmayotgan boʻlishi kerak.
- Ariza topshirish jarayonida nomzodning yozma va ogʻzaki ingliz tilisi yuqori darajada boʻlishi kerak. Ariza topshirish jarayonida til sertifikati topshirish soʻralmasa-da, saralashda yarim finalga oʻtganllardan IELTS yoki TOEFL testi natijalarini topshirish yoki shu imtihonlardan birini topshirish soʻraladi.
- 2024-yilning avgustidan dekabrigacha 4 oy AQSHga borib, amaliyot dasturida qatnasha olishi kerak.
- Nomzod AQSH fuqarosi yoki doimiy rezidenti boʻlmasligi, shuningdek, oxirgi 3 yil ichida AQSHda doimiy rezidentlik uchun arza topshirmagan boʻlishi lozim.
- J-1 vizani olish talablariga javob berishi kerak. AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan biror dasturda qatnashgan nomzodlar J-1 viza olish uchun AQSHdan qaytgach, oʻz davlatida kamida 2 yil yashaganlik shartini bajargan boʻlishi kerak.
- Dastur yakunlangandan soʻng oʻz vataniga qaytish va kamida 2 yil oʻz vataniga qolish masʼuliyatini olish kerak.
- Nomzodlar hozirda IREX tashkilot xodimi yoki maslahatchisi yoki ularning yaqin qarindoshi boʻlmasligi kerak.
Yuqoridagi talablarga mos boʻlmagan nomzodlarning arizalari koʻrib chiqilmaydi.
Dasturga qabul jarayoni:
Dasturga arizalar 2023-yilning 5-oktabridan 1-noyabrigacha davom etadi. Arizalar faqat onlayn shaklda BU YERDA qabul qilinadi (Onlayn ariza shakli 2023-yil 5-oktabrda ochiladi).
Dasturga saralash jarayoni onlayn ariza topshirish, intervyu va TOEFL yoki EILTS imtihonini topshirish (agar nomzodda shu sertifikatlardan biri boʻlmasa) kabilarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, keyingi bosqichlarga oʻtganlardan yana qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etish soʻraladi.
Ariza topshirish jarayoni, kerakli hujjatlar va muddatlar bilan ushbu QOʻLLANMADA batafsil tanishib chiqing.
Tez-tez soʻraladigan savollar va ularga javoblarni BU YERDAN topasiz.
Qoʻllanmani oʻqib chiqqach ham savolingiz boʻlsa, cspapply@irex.org elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin.