×

EPFL Excellence Fellowships: Shveytsariyada magistraturani oʻqish uchun yiliga 22 ming dollar stipendiya


Grant

MUHLAT

15.04.2022

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Shveytsariya

O'QILGAN

6155 marta

Shveytsariyadagi Lozanna federal politexnika institutining (EPFL) magistraturada oʻqishni xohlovchi iqtidorli va yuqori akademik koʻrsatkichlarga ega nomzodlarga EPFL Excellence Fellowships stipendiyasini taklif etadi. Ushbu stipendiya institutdagi barcha magistrlik dasturlari uchun taqdim etiladi.

Odatda har yili qabul qilingan magistrlarning taxminan 3 foizi ushbu stipendiya bilan taqdirlanadi.

Institutdagi magistratura dasturiga ariza topshirgan va ariza shaklida “Excellence fellowship” uchun talabgor sifatida koʻrib chiqilishini bildirgan (katakcha belgilanadi) barcha nomzodlar ushbu grantga daʼvogarlik qiladi.

Qabul yiliga 2 marta boʻladi:

  • 15-dekabrgacha.
  • 15-aprelgacha.

Hozirda 2022-yil sentabrda boshlanadigan magistrlik dasturlariga arizalar qabul qilinmoqda.

Maʼlumot uchun: EPFL dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2021-yil oktabr oyi holatiga koʻra, EPFL dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 14-oʻrinni egallab turibdi (QS reytinggi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Magistraturada oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dastur gʻoliblariga maksimal 4 semestr (90 kreditli magistrlik dasturlari uchun 3 semestr) davomida 1 semestr uchun 10 000 CHF (taxminan 11 000 AQSH dollari) stipendiya beriladi. Bu kontrakt pulini toʻlash va yashash xarajatlari uchun yetarli mablagʻdir.

Shuningdek, stipendiyani qoʻlga kiritganlar ixtiyoriyiga koʻra, ularga yotoqxonadan kafolatlangan xona ajratiladi (yotoqxona bepul emas, talaba o’zi to’lashi kerak). Magistrlik dasturi yakunida esa diplomdan tashqari alohida sertifikat ham taqdim etiladi.

Magistratra talabalari oʻqish toʻlovi va boshqa badallar uchun har semestrda 780 CHF (taxminan 852 AQSH dollari) toʻlov qilishi kerak. Oʻqish puli va boshqa badallar bilan BU YERDA tanishing.

Stipendiya 2-oʻquv yilda ham davom etishi uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:

  • Yil yakunida 6 lik tizimda talabaning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi (GPA) kamida 5 boʻlishi lozim.
  • 1-oʻquv yilida talaba kamida 50 kredit yigʻishi lozim.

Maʼlumot uchun: Stipendiya talabaning bank hisob raqamiga oʻtkazib beriladi. Talaba kontrakt toʻlovi, boshqa badallar, turar joy toʻlovi va shu kabi xarajatlarni toʻlash jarayonini oʻzi mustaqil amalga oshirishi kerak.

Talablar:

Stipendiya uchun nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Nomzod magistrlik darajasi (diplomi)ga ega boʻlmasligi kerak.
  • EPFLdagi birorta magistrlik dasturiga ariza topshirish va qabul qilinish kerak.
  • Ushbu stipendiyani EPFL tomonidan taqdim etiladigan va miqodir semestriga 6000 CHFdan ortiq boʻlgan boshqa stipendiya/moliyaviy yordam bilan bir vaqtda olib boʻlmaydi.
  • Nomzod oʻzi tanlagan magistrlik dasturining taʼlim tilini yetarli darajada bilishi kerak. Ayrim dasturlar faqat t tilda (ingliz tilida), ayrimlari 2 tilda (ingliz va fransu tilida) oʻqitiladi. Qaysi magistrlik dasturi qaysi tilda oʻqitilishi haqida BU YERDA batafsil bilib olishingiz mumkin. Til bilish darajasi aniq koʻrsatilmagan. Lekin til bilish darajasi qancha yuqori boʻlsa, shuncha yaxshi.

Stipendiyalar nomzodlarning akademik koʻrsatkichlari va foiliyati asosida taqdim etiladi.

Shuningdek, mavjud magistrlik dasturlarining qabul talablari ham bir-biridan biroz farq qiladi. Bu talablar bilan BU YERDA kerakli magistrlik dasturini tanlash va uning shifasiga kirish orqali maʼlumot olishingiz mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Ushbu stipendiya dasturiga alohida ariza topshirilmaydi. Kerakli magistrlik dasturiga ariza topshirgan va arizada “Excellence fellowship” grantiga talabgor sifatida koʻrib chiqilish istagini bildirgan (katakchani belgilash orqali) barcha nomzodlar mazkur stipendiya daʼvogar sifatida koʻrib chiqiladi.

Hozirda 2022-yil sentabrda boshlanadigan magistrlik dasturlariga arizalar qabul qilinmoqda. Arizalar qabul uchun 2 ta dedlayn (muhlat) mavjud:

  • 2021-yil 15-dekabr.
  • 2022-yl 15-aprel.

Yuqoridagi har ikkala qabul ham 2022-yil sentabrda boshlanadigan oʻqish uchun. Xorijlik talabalarga 2022-yil 15-dekabrgacha ariza topshirish tavsiya etiladi, chunki viza olish masalalarini hal qilish uchun koʻproq vaqt ketib qolishi mumkin.

Magistratura dasturi uchun onlayn tarzda maxsus platforma orqali ariza topshiriladi (qabul platformasi noyabr oyi oʻrtalarida ochiladi). Onlayn ariza topshirish jarayonida quyidagi hujjatlar soʻraladi:

  • CV (Rezyume).
  • Bakalavrlik diplom(lar)i. Bakalavriatning oxirgi bosqichida oʻqiyotdanlar ham ariza topshira oladi va ular bakalavrlik diplomini hali olmagan boʻlsa, diplom topshirilmaydi.
  • Bakalavriatda oʻtilgan fanlar va ularga qoʻyilgan baholar.
  • 1000 soʻzdan oshmagan maqsad bayoni (statement of purpose).
  • Sizga tavsiya beruvchi 3 nafar oʻqituvchi / professorning kontakt maʼlumotlari.
  • Pasport yoki ID kartasi nusxasi.

Barcha hujjatlar ingliz yoki fransuz tilida topshirilishi lozim. Yuqoridagi hujjatlar va ularning taʼrifi, ariza topshrish jarayoni haqida BU YERDA va BU YERDA batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Magistrlik dasturiga topshirish uchun 150 CHF (taxmnan 164 AQSh dollari) toʻlovni amalga oshirish kerak.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin stipendiya dasturi yoʻriqnomasi bilan batafsil tanishib chiqing.

Savollar yuzasidan e-fellowship@epfl.ch elektron pochtasiga murojaat qilishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!