Future Scientist Exchange Program (FuSEP) dasturi USTC — University of Science and Technology of China tomonidan tashkil etilgan bo’lib, hozirda bakalavr va magistraturaning fizika, kimyo, moddashunoslik, hayot haqidagi fanlar (Lice Sceince), tibbiyot, yer va kosmik fanlar, matematika, muhandislik, kompyuter fanlari, ijtimoiy fanlar kabi yo’nalishlarida oʻqiyotgan talabalar uchun mo’ljallangan yozgi dastur hisoblanadi. Dastur ilm-fan va texnologiya orqali jahon muammolarini hal qilish boʻyicha fikr almashish uchun butun dunyo boʻylab yosh olimlarni bir joyga jamlashni maqsad qilgan. Ishtirokchi talabalar bilim va tajribalarini oʻzaro almashish, xalqaro muhitda kuchli mutaxassislar bilan birgalikda ishlash hamda aloqa (networking) oʻrnatish kabi imkoniyatlarga ega boʻladilar.
Dastur 2025-yil 28-iyundan 31-iyulga qadar Xitoyning Xefey shahridagi USTC oliygohida boʻlib oʻtadi. 5 hafta davomida talabalar USTC professorlari rahbarligidagi eksperimental guruhlarda ilmiy tadqiqot loyihalari ustida ishlaydi, xitoy madaniyatiga oid tadbirlar, maʼruzalar va boshqa tadbirlarda qatnashadi.
Dastur toʻliq ingliz tilida boʻlib oʻtadi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavr va magistratura talabalari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Qabul qilingan talabalar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
- Dasturda ishtirok etish va roʻyxatdan oʻtish toʻlovlaridan ozod qilinadi.
- Borish-kelish, sugʻurta va turar joy xarajatlari qoplanadi.
- Dasturda ishtirok etishganligi uchun maxsus sertifikat taqdim etiladi.
- Dasturda qatnashgan talabalar kelgusida ushbu oliygohda toʻliq oʻqish uchun ariza topshirsa, ularga grant yutishda ustunlik beriladi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Nomzod yozgi dastur boshlangan vaqtda oʻz universitetining kunduzgi taʼlimida (full-time) fizika, kimyo, materialshunoslik, hayot fanlari, tibbiyot, Yer va kosmik fanlar, matematika, muhandislik, kompyuter fanlari, ijtimoiy hamda shunga aloqador mutaxassisliklar boʻyicha bakalavr yoki magistraturada oʻqiyotgan boʻlishi kerak. Bunda bakalavr talabalari 2024-yil yozigacha tegishli mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik kunduzgi taʼlimni tamomlagan boʻlishi shart.
- Yuqori akademik koʻrsatkichga ega boʻlishi kerak.
- Ingliz tilini yetarli darajada bilishi lozim.
Dasturga qabul jarayoni:
Dasturda qatnashish uchun nomzodlar BU YERDA onlayn ariza shaklini toʻldirishlari va talab etilgan hujjatlarni yuklashlari kerak. Arizalar 2025-yil 15-martga qadar qabul qilinadi. Ariza shaklida nomzod oʻzi qatnashmoqchi boʻlgan 2 tagacha tadqiqot loyihasini koʻrsatishi kerak. Tadqiqot loyihalari bilan BU YERDA tanishing.
Ariza topshirish davomida kerakli hujjatlar:
- Universitetda olingan baholar.
- Shaxsiy bayon – bunda akademik tarixingiz va oʻzingiz tanlagan tadqiqot loyihasi/loyihalariga qoʻshilishga nega qiziqishingiz tushuntirib berilishi kerak.
- Rezyume (CV).
- Bitta tavsiyanoma.
- Pasport nusxasi.
- Agar nomzod tanlagan nazoratchi olim “Projects & Supervisors” sahifasida koʻrsatilmagan boʻlsa, shartli qabul shakli ham toʻldirilgan holda yuborilishi kerak. “Projects & Supervisors” sahifasida koʻrsatilgan nazoratchi olimning tadqiqot loyihasida qatnashishni tanlasangiz, bu shakl topshirilmaydi.
MUHIM: Ariza topshirishdan avval rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing.Qoʻshimcha savol va murojaatlar uchun:
Savollar yuzasidan quyidagi email manzillariga murojaat qilishingiz mumkin: incoming@ustc.edu.cn, visiting@ustc.edu.cn