Gates Cambridge Scholarships dasturi milliarder Bill Geyts va uning sobiq rafiqasi Melinda Geyts tomonidan tashkil etilgan boʻlib, butun dunyo mamlakatlarida boʻlgan, Britaniydagi Kembrij universitetining bakalavriatdan keyingi bosqichlarida tahsil olish va tadqiqot olib borishni xohlovchi nomzodlarga toʻliq grantlarni taqdim etadi.
Mazkur dastur har yili 80 nafar nomzodga (25 nafar AQSH, 55 nafari dunyoning Britaniya va AQSHdan boshqa davlatlari fuqarolariga) grant taqdim etadi.
Grantlar Kembrij universiteti taklif etadigan istalgan yoʻnalish boʻyicha PhD (doktorantura), MLitt (magistratura) yoki bir yil davom etadigan aspirantura kurslariga oʻqishga qabul qilinganlar uchun taqdim etiladi. Bu yilgi qabul 2026-yildan boshlanadigan oʻqish uchun boʻladi.
Maʼlumot uchun: Kembrij universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, ushbu universitet 2025-yil sentabr oyi holatiga koʻra, dunyodagi eng yaxshi universitetlar roʻyxatida 6-oʻrinni egallab turibdi (QS reytinggi boʻyicha).
Grant kimlar uchun?
Bakalavriatdan keyingi bosqichlarda oʻqishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Mazkur grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imkoniyatlar bilan taʼminlanadi:
- Kembrij universitetida oʻqish puli (tuition fee) toʻliq qoplanadi.
- Yashash xarajatlari uchun yillik stipendiya bilan taʼminlanadi. 2024-2025-oʻquv yili uchun bu stipendiya miqdori 12 oy uchun 21 000 funt-sterling etib belgilangan. 2026-2027-oʻquv yilda bu miqdor bir oz oʻzarishi mumkin.
- Dastur boshlanishi va tugashida ekonom-klass aviachipta olib beriladi (faqat nomzodning oʻziga, oila aʼzolari boʻlsa, ularga olib berilmaydi).
- Kiruvchi viza xarajatlari va immigratsion tibbiy yigʻim toʻlovi qoplab beriladi.
Shuningdek, dastur gʻoliblarga quyidagi turdagi imtiyozlarni berish masalasini ham koʻrib chiqadi:
- Oʻqish davomiyligi va qatnashiladigan seminar hamda konferensiyalarga qarab, 500-2000 funt-sterling miqdoridagi mablagʻ.
- Oila aʼzolari uchun yordam puli – bir nafar farzand uchun yiliga 11 604 funt-sterling, 2 nafar yoki undan kop farzand uchun yiliga 16 548 funt-sterlingacha yordam puli (2024-2025-oʻquv yili kursi boʻyicha). Turmush oʻrtoq uchun mablagʻ ajratilmaydi.
- Onalik/otalik uchun mablagʻ – agar onalik yoki otalik qilish uchun zarur boʻlsa, oʻqishingizni 6 oygacha toʻxtatib turish va shu toʻxtatilgan davr ichida stipendiya olishda davom etish uchun ariza berish mumkin.
- Kutilmagan qiyinchiliklar tugʻilganda qiyinchiliklar yuzasidan moliyaviy yordam uchun ariza topshirish ham mumkin.
Talablar:
Bu grantga ariza bera olishi uchun nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
- Birlashgan Qirollikdan (UK) boshqa barcha davlat fuqarolari bu grantga topshira oladi.
- Nomzod Kembrij universitetidagi quyidagi kurslardan biriga ariza topshirishi kerak:
– PhD (full-time yoki part time).
– MLitt magistratura kurslari (full-time).
– 1 yillik aspirantura.magistratura kurslari (bunda ayrim istisnolar bor, keyingi talabga qarang). - Kembrij universiteti taklif etadigan bir nechta darajalar (kurslar) uchun ushbu grant ajratilmaydi. Grant ajratilmaydigan kurslar/darajalar bilan bu yerda tanishing.
Ushbu grant uchun nomzodlarni saralab olish mezonlari bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.
Shuningdek, Kembrij universitetining ham oʻz qabul talablari mavjud va bu talablar tanlangan bosqich hamda yoʻnalishga qarab farq qilishi mumkin. Nomzod oʻzi tanlagan bosqich va yoʻnalishning qabul talablariga ham mos boʻlishi lozim.
Dasturga qabul jarayoni:
Nomzodlar Kembrij universitetining “Graduate Application” portali orqali oʻzlariga mos dasturga (PhD, MLitt yoki 1 yillik aspirantura kursi) hamda Gates Cambridge Scholarship grantiga ariza topshiradi. Kembrij universitetidagi bakalavriatdan keyingi bosqich kurslari bilan BU YERDA tanishing
Hujjat topshirish bilan bogʻliq muhim sanalar quyidagicha:
- 2025-yil 10-sentabr – arizalar qabuli boshlanadi.
- 2025-yil 2-dekabr yoki 2026-yil 7-yanvar 15-oktabr – arizalar qabuli tugaydi. Ariza topshirish muddatlari kursga qarab farq qiladi, shu sababli tegishli kursni tanlab, uning sahifasiga kiring va qabul muddatini tekshirib oling (kurslar roʻyxatini: bu yerda).
- 2026-yil 4-martgacha – barcha nomzodlar kursga qabul natijalari haqida xabardor qilinadi.
- 2026-yil 6-aprelgacha – gʻoliblarga grantlar taklif qilinadi. Gʻolib 72 soat ichida grant taklifini qabul qilishi lozim.
Gates Cambridge Scholarship grantiga talabgor sifatida koʻrib chiqilish uchun nomzod onlayn arizada oʻziga mos kursga topshirish boʻlimini, universitetda oʻqish oʻrni boʻlimini (College place) va arizaning “Funding” boʻlimida Gates Cambridge qismini toʻldrishi lozim. Gates Cambridge granti saralash komissiyasi topshirilgan barcha hujjatlarni koʻrib chiqish huquqiga ega.
Arizaning “Funding” boʻlimining Gates Cambridge Scholarship qismida quyidagilarni topshirish/yozish soʻralari:
- Gates Cambridge saralash savollari. Bunda nomzod berilgan savollarga javob berishi va javoblar koʻrsatilgan belgilardan oshib ketmasligi kerak.
- Tadqiqot rejasi – Research Proposal (buni faqat PhDga nomzodlar topshiradi). Aksariyat PhD nomzodlaridan PhD kursiga ariza topshirishda tadqiqot rejasini yuklash soʻraladi. Lekin bu soʻralmasa, PhDga nomzod Gates Cambridge Scholarship uchun tadqiqot rejasini topshirishi lozim. PhD darajasidan boshqa darajaga topshirayotgan nomzodlar grant uchun tadqiqot rejasini topshirishi shart emas.
- Tavsiyanoma.
MUHIM: Yuqorida hujjatlar taʼrifi umumiy keltirilgan, hujjatlar va ularning batafsil taʼrifi bilan BU YERDA tanishing.
Shuningdek, nomzodlar oʻzlari tanlagan kursga qabul uchun soʻralgan hujjatlarni ham yuklaydi. Grantga ham, kurs qabuliga ham barcha hujjatlar ingliz tilida topshiriladi.
Nomzodlarni saralab olish jarayoni BU YERDA keltirilgan.
Ariza topshirishga kirishishdan oldin grantning rasmiy saytidagi maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.
Savollar yuzasidan murojaat qilish uchun kontaktlarni BU YERDAN topasiz.