×

Germaniya: Bakalavr va magistrlar uchun qisqa muddatli til kurslari; safar xarajatlari qoplanadi; stipendiya – 1061 yevro!


Grant

MUHLAT

01.12.2022

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Germaniya

O'QILGAN

15648 marta

Germaniyaning DAAD tashkiloti turli nemis universitetlarida tashkil etilgan qisqa kurslar uchun University Summer Courses offered in Germany for Foreign Students and Graduates dasturini taklif etadi. Dastur bakalavr va magistratura bosqichlari talabalari uchun moʻljallangan. Dastur maqsadi – talabalarga nemis tili yoki turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻz bilimlarini kengaytirishga imkon berish. Dasturda Germaniyaning oliy ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etilgan bir necha haftalik qisqa kurslar mavjud. DAAD grant yutgan talabalar uchun bu kurslarda qatnashishni moliyalashtirib beradi. Universitet qisqa kurslari kamida 18 kun (haftasiga ko’pi bilan 5 kun, 25 soat o’qish) davom etadi va iyundan noyabrgacha oraliqda boʻladi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat va magistraturada oʻqiyotganlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Grant yutib olgan nomzodlarga quyidagi imtiyozlar beriladi:

  1. Talabaga (oʻzbekistonlik talabalarga ham) 1061 yevro miqdoridagi bir martalik stipendiya beriladi. Nisbatan kam rivojlangan davlatlar fuqarolariga esa 1125 yevro stipendiya ajratiladi (Oʻzbekistan bu davlatlar ro’yxatida yoʻq).
  2. Talabaga safar xarajatlarini qoplash uchun mablagʻ beriladi. Bu toʻlov dunyoning turli davlatlari uchun turlicha miqdorda boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston uchun bu mablagʻ 875 yevroni tashkil etadi. Boshqa davlatlar fuqarolari safar xarajatlariga qancha mablagʻ ajratilishini bilmoqchi bolsangiz, shu yerga murojaat qiling.
  3. Talabaning sogʻliq, javobgarlik uchun va shaxsiy sugʻurta xarajatlari qoplab beriladi.

Odatda qisqa kurslarga qatnashish kontrakt toʻlovi DAAD stipendiyasidan toʻgʻridan-toʻgʻri chegirib tashlanadi, shuning uchun talabaga stipendiyaning kurs toʻloviga toʻlangandan qolgan qismi beriladi.

Dastur haqida batafsil: shu yerda tanishish mumkin.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • Barcha davlatlardan fuqarolar ariza topshira oladi.
  • Nomzod magistratura yoki bakalavr bosqichida oʻqiyotgan boʻlishi va grant ajratiladigan vaqtda kamida 18 yoshda boʻlishi zarur.
  • Qoida tariqasida, nomzodlar ariza topshirish vaqtida va Germaniyadagi til kursida qatnashish vaqtida oʻz vatanidagi universitetning talabasi boʻlib turishi kerak.
  • Oldin bu grantni yutganlar yana ariza topshirishi uchun oxirgi marta shu grantni yutganiga kamida 2 yil boʻlgan boʻlishi kerak.
  • Nomzod nemis tilini kamida A2 darajasida bilishi zarur. Hujjat topshirish jarayonida nomzodning nemis tilini bilish darajasini isbotlovchi hujjat (sertifikat) ham taqdim etilishi kerak boʻladi, bu hujjat olinganiga 2 yildan oshmagan boʻlishi zarur. Nemis tilini bilish darajasini onSET-Deutsch, TestDaF, Goethe Institut–Nachweis, DSD, DSH, telc Deutsch, ÖSD-Zertifikat sertifikatlari tasdiqlashi mumkin.

Barcha talablar: shu yerda berilgan (Application Requirements).

Dasturga qabul jarayoni:

Bu grant uchun arizalar har yili 15-sentabrdan 1-dekabrgacha davom etadi.

Joriy yilda 2023-yilgi yozgi til kurslariga arizalar qabul qilinadi va qabul 2022-yil 15-sentabrda boshlanib, 2022-yil 1-dekabrda yakunlanadi.

Bu grantga hujjat topshirish DAAD portali orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi. Bunda dastlab DAAD portalida roʻyxatdan oʻtish lozim. DAAD portalida roʻyxatdan oʻtish haqidagi qoʻllanma bilan BU YERDA tanishing.

Roʻyxatdan oʻtilgandan keyin xuddi shu portalning oʻzida grant uchun ariza topshiriladi (ariza topshirish 2022-yil 15-sentabrda boshlanadi, ungacha ariza topshirib boʻlmaydi). Grantga ariza topshirish haqidagi qoʻllanma bilan BU YERDA tanishing.

Ariza topshirishda portalga quyidagi hujjatlarni yuklashin kerak:

  1. Toʻldirilgan ariza.
  2. CV/resume (nemis tilida).
  3. Motivatsion xat (nemis tilida).
  4. Oxirgi ikki yilda olingan baholardan koʻchirma (nemis yoki ingliz tilida).
  5. Universitet diplomi nusxasi (magistrlar uchun) yoki maktab attestati / kollej yoki litsey diplomi nusxasi (bakalavriat talabalari uchun). Bu hujjat ham ingliz yoki nemis tilida boʻlishi yoki shu tillardan biriga qilingan tarjimasi bilan birga topshirilishi kerak.
  6. Til sertifikat(lar)i.
  7. Siz ushbu dastur uchun muhim deb oʻylagan boshqa hujjatlar nemis yoki ingliz tiliga qilingan tarjimasi bilan birga (masalan, amaliyot oʻtaganlik yoki ishlayotganlikni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqalar).

Nomzodlar ilgari erishgan yutuqlari, motivatsion argumentlari va nemis tilini bilish darajalariga koʻra saralanadilar. Grant dasturiga qabul qilingan talabalar DAAD tomonidan oʻzlari tanlagan yoʻnalishlar boʻyicha turli nemis universitetlari kurslariga taqsimlanadilar.

Muhim! COVID-19 pandemiyasi sababli shengen hududida joylashgan davlatlar, jumladan, Germaniyaga borish, sayohat qilish va o’qish bo’yicha DAAD tomonidan maxsus ko’rsatmalar ishlab chiqilgan. Ular bilan: shu yerda tanishing.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!