×

Germaniya: Kompyuter fanlari boʻyicha barcha sohalarda toʻliq moliyalashtiriladigan amaliyot; barcha bosqich talabalari va soha vakillari qatnasha oladi


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

Germaniya

O'QILGAN

16205 marta

Germaniyadagi informatika, dasturiy taʼminot tizimlari hamda xavfsizlik va maxfiylik boʻyicha Max Planck institutlari barcha kompyuter fanlari (Computer Science) sohalari boʻyicha tadqiqot olib borish uchun amaliyot dasturlarini taklif etadi. Max Planck institutida amaliyot oʻyash – kompyuter fanlari sohasida dunyo tan oladigan darajadagi tadqiqot olib borish imkoniyatidir.

Amaliyot dasturi butun dunyodan boʻlgan iqtidorli bakalavriat, magistratura va doktorantura talabalari, shuningdek, kompyuter fanlari boʻyicha ilmiy tadqiqot tajribasiga ega boʻlishga qiziquvchi iqtidorli soha vakillari uchun ochiqdir. Taʼkidlash joizki, amaliyot oʻrinlari cheklangan va qabul jarayonidagi raqobat kuchli.

Dastur davomida har bir amaliyotchi bevosita ishtirok etayotgan institutlardan birida biriktirilgan mentor bilan ish olib boradi. Amaliyot loyihalari amaliyotchining akademik qiziqishlari, yetukligi va avvalgi tajribasiga asoslanadi.

Odatda amaliyot dasturi 12-14 oy davom etadi, biroq bundan uzoqroq vaqt davomida amaliyot oʻtash ham mumkin. Amaliyot dasturi ingliz tilida olib boriladi.

Grant kimlar uchun?

Bakalvriat, magistratura va doktorantura bosqichi talabalari, shuningdek, kompyuter fanlari sohasida ilmiy tadqiqot olib borishni istagan soha vakillari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Amaliyotga qabul qilingan ishtirokchilar quyidagi iqtisodiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Yashash xarajatlarini qoplashga yetarli boʻlgan oylik stipendiya.
  • Turar joy xarajatlari qoplanadi.
  • Ishtirokchining yashab turgan davlatidan amaliyot oʻtaladigan institutgacha orish va kelish xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Agar COVID-19 tufayli amaliyot oʻtaladigan institutga borishning imkoni boʻlmasa va amaliyotchi hamda mentor oʻzaro kelishsa, amaliyot onlayn (masofadan turib) amalga oshirilishi mumkin. Masofaviy amaliyotda ham amaliyotchiga oylik stipendiya ajratiladi.

Talablar:

Nomzodga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Istalgan davlat fuqarolari ushbu amaliyot dasturga ariza topshira oladi.
  • Kompyuter fanlari sohalari boʻyicha taʼlim olayotgan / tajribaga ega hamda kompyuter fanlari sohasida tadqiqot olib borishga qiziquvchi bakalavriat, magistratura va doktorantura talabalari dasturga ariza topshirishi mumkin (nomzod amaliyot boshlanguniga qadar taxminan kompyuter fanlari sohasida 3 yillik bakalavrlik taʼlimini olgan boʻlishi yoki tegishli soha(lar)da tadqiqot oʻtaganlik tajribasiga ega boʻlishi kerak). Amaliyot loyihalari alohida amaliyotchilarning taʼlimi / tajribasiga moslanadi.
  • Xuddi shunday taʼlim / tajribaga ega va kompyuter fanlari sohasida ilmiy tadqiqot olib borishga qiziquvchi soha vakillari ham ariza topshirishlari mumkin.
  • Bakalavrlik diplomi ishi yoki magistrlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqchi boʻlgan nomzodlar ham topshirishi mumkin. Agar talabaning universiteti ruxsat bersa, amaliyot loyihasi diplom ishi / dissertatsiyaga aylantirilishi mumkin.
  • Yuqoridagi talablarga mos boʻlsa, turli sohadagi taʼlim va sohalararo qiziqishga ega, masalan, ijtimoiy fanlar, iqtisodiyot, huquqshunoslik, gumanitar fanlar va boshqa sohalarga ham qiziquvchi nomozdlarning ariza topshirishi ragʻbatlantiriladi.
  • Amaliyotga saralash jarayonida raqobat juda kuchli va barcha nomzodlardan aʼlo baholarga ega boʻlish kutiladi.
  • Nomzod ingliz tilini yetarli darajada bilishi lozim (amaliyot ingliz tilida olib boriladi). Nemis tilini bilish majburiy emas.

Dasturga qabul jarayoni:

Amaliyot dasturiga arizalar qabuli uchun 2 xil muddat mavjud:

  • May va avgust oylari oʻrtasida boshlanadigan amaliyot uchun har yili 1-noyabrgacha.
  • Yuqoridagilardan boshqa oylarda boshlanadigan amaliyot uchun amaliyot boshlanishidan kamida 5 oy oldin ariza topshirish lozim.

Ariza topshirish va saralash jarayoni tartibi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.

1. Onlayn ariza topshirish. Arizalar onlayn tarzda BU YERDA topshiriladi. Ariza toshirishda quyidagi hujjatlarni arizaga ilova qilish kerak:

  • CV.
  • Baholar.
  • Tavsiyanoma berishi uchun kamida 1 nafar tavsiya beruvchi kishining kontakt maʼlumotlari.
  • Ixtiyoriy motivatsiya xati (buni topshirish majburiy emas, xohlaganlar topshiradi).

Shuningdek, istasangiz, ishtirok etayotgan institutlardagi oʻzingiz birga ishlashni xohlaydigan ilmiy xoimlar hamda siz amaliyot oʻtashni xohlagan muddatni ham koʻrsatishingiz mumkin (bu ham ixtiyoriy).

Amaliyot dasturida quyidagi institutlar ishtirok etadi:

Amaliyot loyihalari roʻyxati oldindan berilmaydi. Aksincha, qabul qilingandan keyin amaliyotchi va mentor amaliyotchi qiziqadigan loyihani amalga oshirishni kelishib oladi. Bu jarayon loyihalarni amaliyotchi ehtiyojlari va qiziqishlariga yaxshiroq moslash imkonini beradi.

2. Moslash jarayoni. Ishtirok etayotgan institutlardagi tadqiqot guruhlari arizangizni koʻrib chiqadi. Bu jarayonda siz bilan telefon orqali suhbat oʻtkazilishi ham mumkni..

3. Natijalar haqida xabar berish. Arizangiz natijasi haqida email orqali xabar qilinadi. Agar dasturda ishtirok etish uchun tanlansangiz, amaliyotning aniq sanalari va amaliyot loyihasini kelishib olish uchun biriktirilgan mentor bilan ham aloqga kirishasiz.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dasturning rasmiy saytidagi maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.

Rasmiy saytdagi maʼlumotlar va koʻp berildigan savollar bilan batafsil tanishib chiqqaningizdan keyin ham savolingiz boʻlsa, quyidagi elektron pochta manzilga murojaat qilishingiz mumkin: cis-internships@cis.mpg.de.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!