×

Germaniya: Magistratura – oyiga 850, doktorantura – oyiga 1200 yevro stipendiya!


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

Germaniya

O'QILGAN

9315 marta

DAAD (Deutscher Akademischer Austauschdienst)-hozirda akademik hamkorlik yo’nalishida dunyodagi eng yirik tashkilotdir. DAAD Germaniyaning 365 OTMlarini birlashtirgan yirik tizim bo’lib, uning asosiy faoliyati unga hamkor nemis OTMlarida ta’lim olishlari uchun chet ellik talabalarga moddiy yordam ajratish. Tashkilot nemis talabalarining chet davlatlardagi o’qishlarini ham moliyalashtiradi. Iqtidorli talabalar o’qishini moliyayalashtirish tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan turli grant va stipendiyalar orqali amalga oshiriladi. Ushbu dasturlardan maqsad turli sohalardagi iqtidorlarning Germaniyaga kelishini va nemislarning boshqa davlatlarda o’qishiga moddiy jihatdan yordam berish orqali butun dunyodagi umumiy o’sishga yo’l ochib berish. DAAD grantlarini har yili 100000dan ortiq talabalar yutib olib Germaniyada o’qish imkoniyatini qo’lga kiritadi. Ushbu ko’rsatkich bu dasturni shu toifadagi loyihalar ichida dunyoda birinchi o’ringa chiqaradi. Grantlar barcha sohalar uchun ajratilgan, DAADga dunyo miqiyosida reytingi juda yuqori OTMlar ham a’zo, shuning uchun grantni yutib olgan talaba eng nufuzli nemis universitetlaridan birida ilmiy daraja bilan qaytish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Hozirda DAAD’ning oliy ta’limni davom ettirishni-ya’ni magistratura va doktoranturada o’qishni xohlovchilar uchun taqdim etilayotgan grantlaridan biriga arizalar qabul qilinmoqda va quyida aynan shu dastur haqida ma’lumot bilan tanishasiz. Ushbu dastur EPOS deb nomlanadi va uning doirasida mutaxassislar va mejenerlarga turli nemis universitetlarida rivojlanish sohasidagi (development) magistratura va doktorantura kurslarida o’qish uchun stipendiyalar beriladi.

Hujjat topshirish muhlati: Ushbu dasturga hujjat topshirish muhlati universitetga qarab farq qiladi.  Grant ajratilgan barcha kurslar va hujjat topshirish muhlatlarini bu yerdan yuklab oling.

Grant kimlar uchun?

Magistratura va doktorantura bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dastur doirasida grant yutib olgan talabalarga quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:

  1. Magistratura kursida o’qiyotgan talabaga oyiga 850 yevro miqdoridagi stipendiya;
  2. Doktorantura kursida o’qiyotgan talabaga oyiga 1200 yevro miqdoridagi stipendiya beriladi;
  3. Undan tashqari, talabaning tibbiy, baxtsiz hodisa va shaxsiy javobgarlik sug’urtalariga ketadigan xarajatlari ham dastur tomonidan qoplab beriladi;
  4. Agar boshqa manbalar bu xarajatlarni qoplashni o’z zimmasiga olmagan bo’lsa, talabaning sayohat xarajatlari ham qoplanadi.
  5. Dasturning nomoddiy manfaatlariga sifatli ta’lim, nufuzli nemis universitetlaridan birida o’qib xalqaro diplom olish, tajriba orttirish, kerakli aloqalarni shakllantirish, kuchli CV uchun yetarli asosga ega bo’lish kabi imkoniyatlar kiradi.

Talablar:

Ushbu grant rivojlanayotgan davlatlardan bo’lgan nomzodlar uchun ochiq. Nomzodlar quyidagi talablarga mos bo’lishsa, ularga grant taqdim etilishi mumkin:

  1. Nomzod bakalavr darajasiga ega bo’lishi kerak (bu darajaning olinganiga 6 yildan oshmagan bo’lishi zarur);
  2. Nomzod kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo’lishi kerak;
  3. Nomzod o’z qiziqishi va motivatsiyasi rivojlanish sohasga aloqador ekanligini ko’rsatishi kerak;
  4. O’qishga qabul qilingach a’lo baholarga o’qishi zarurligini tushunishi va bunga tayyor bo’lishi kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Ariza topshirishda quyidagi muhim hujjatlarni to’plang:

  1. Ariza;
  2. CV (unga qo’lda imzo qoyilgan bo’lishi kerak);
  3. Motivatsion xat-bunda hozirgi ish joyiga ilova qilinishi kerak va tagiga qo’lda imzo qo’yish kerak. Motivatsion xat yozish bo’yicha DAAD’ning tavsiyalarini ko’rib chiqib, xatingizni shunga asoslangan holda yozishingiz mumkin ;
  4. Tatqiqot taklifi (research expose). Bu hujjatni agar topshirilayotgan universitet tomonidan so’ralgan bo’lsagina topshirish zarur. DAAD bu hujjatni tayyorlashda bu yerda yo’l-yo’riq ko’rsatgan va unga amal qilish tavsiya etiladi;
  5. O’qish joyidan tavsiyanoma(lar). Bu tavsiyanomalarni dastur uchun maxsus yozdirib olish tavsiya etiladi. Ular yangi, muxrlangan va imzolangan bo’lishi zarur. Tavsiya xatlarini konvertga solmang.
  6. Ish joyidan tavsiyanoma(lar). Bu tavsiyanomalarni dastur uchun maxsus yozdirib olish tavsiya etiladi. Ular yangi, muxrlangan va imzolangan bo’lishi zarur. Tavsiya xatlarini konvertga solmang.
  7. Ish joyidan nomzodning chindan shu yerda ishlashini tasdiqlovchi hujjat. Agar imkoni bo’lsa, o’qishdan qaytgach qayta ishga kirishini kafolatlovchi xat ham qo’shib olinishi kerak;
  8. Ingliz tilini bilish darajasini ko’rsatuvchi hujjat – IELTS balli kamida 5.5 bo’lishi zarur. Dastur uchun TOEFL sertifikati qabul qilinmaydi.
  9. Agar nomzod nemis tilini bilsa, uni ham isbotlovchi hujjat;
  10. Barcha ilmiy daraja diplomlari nusxalari;
  11. Barcha baholar nusxalari;
  12. Kolej/litsey diplomi nusxasi.

Barcha hujjatlar duplikat (rasmiy nusxa) ko’rinishida bo’lishi kerak.  Kurslarning talablaridan kelib chiqib, keyinchalik qo’shimcha hujjatlar taqdime tishga to’g’ri kelishi ham mumkin.

Eslatmalar

  • Grant ajratilgan barcha kurslar va hujjat topshirish muhlatlarini bu yerdan yuklab oling.
  • Grant ajratilgan davlatlarning to’liq ro’yxati bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin (ro’yxatda O’zbekiston ham bor).
  • Savollaringiz bo’lsa, muhim savol-javoblarni ko’rib chiqing, odatda sizni qiziqtirgan savollarga shu yerdan javob topish mumkin.
  • Stipendiyalar kursning davomiyligiga qarab 12-36 oy davomida beriladi.
  • Qo’shimcha ma’lumot ushbu broshyuradan olishingiz mumkin.
  • Mana bu yerdagi savollarga berilgan javoblarda aynan qanday hujjat topshirishning barcha detallari aniq ko’rsatilgan. Bu sahifani albatta to’liq ko’rib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!