×

VU Fellowship Programme: Gollandiyada magistraturada tahsil olish uchun to‘liq grant!


Grant

MUHLAT

01.12.2023

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Gollandiya

O'QILGAN

8802 marta

Gollandiyaning Amsterdam shahrida joydashgan Amsterdam ozod universiteti (Vrije Universiteit Amsterdam) ingliz tilida oʻtiladigan magistrlik dasturlarida oʻqishni xohlovchi xorijlik talabalar VU Fellowship Programme (VUFP) grantlarini taklif etadi. Ushbu grant iqtidorli talabalarni universitetga jalb qilish va ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Shuningdek, VUFP grantiga ariza topshirgan nomzodlar avtomatik tarzda Holland Scholarship Programme (HSP) grantiga talabgor sifatida koʻrib chiqiladi. Munosib nomzodlar bir vaqtning oʻziga shu ikkala grant yoki faqat ulardan biri bilan taqdirlanadi.

Universitetdagi magistrlik dasturlari 1 yillik va 2 yillik dasturlarga boʻlinadi. VUFP grantlarini universitetda mavjud boʻlgan ingliz tilida oʻtiladigan barcha magistrlik dasturlari uchun qoʻlga kiritish mumkin.

Bu grant har yili kuzgi semestrdan oʻqishni boshlash uchun taqdim etiladi.

Maʼlumot uchun: Amsterdan ozod universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2023-yil iyul oyi holatiga koʻra, ushbu universitet dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 207-oʻrinni egallab turibdi (QS reytinggi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Magistraturada oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

VUFP grantini qoʻlga kiritganlar magistrlik dasturida oʻqish pulidan 100% ozod qilinadi. 2 yillik magistrlik kurslariga kirgan va VUFP grantini yutganlar 2-yilda ham ushbu granti olishi uchun 1-yilda barcha zaruriy kreditlarni yigʻishi kerak (oʻtilgan fanlar va saotlar asosida kredit beriladi).

Shuningdek, talaba VUFP granti bilan birga yoki VUFP grantisiz HSP grantini ham qoʻlga kiritishi mumkin. HSP granti 1-oʻquv yili uchun 5000 yoki 10 000 yevro stipendiya taqdim etiladi, talaba bu summani yashash xarajatlari uchun ishlatishi mumkin. HSP granti faqat 1-oʻquv yil uchun beriladi, 2-oʻquv yilida berilmaydi.

20-25 nafar talabaga HSP granti beriladi.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Nomzod Yevropa Ittifoqi yoki Yevropa Iqtisodiy hududi tarkibiga kirmaydigan davlat fuqarosi boʻlishi kerak hamda kamaytirilgan kontrakt toʻlash huquqiga ega boʻlmasligi kerak (Oʻzbekiston fuqarolari bu shartlarga mos)
  2. Gollandiya fuqarosi boʻlmasligi kerak.
  3. Nomzodning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi Gollandiya tizimida (10 ballik tizimda) kamida 8 ga teng boʻlishi kerak.
  4. Ingliz tilida oʻtiladigan va oʻqish sentabrda (navbatdagisi 2024-yil sentabr) boshlanadigan magistrlik dasturlaridan biriga ariza topshrib, kunduzgi taʼlim shaklida (full-time) oʻqish uchun shartli yoki shartsiz ravishda qabul qilinishi kerak. Yodda tuting:
    • fevral oyida oʻqishni boshlaydigan talabalar bu grantga ariza topshira olmaydi;
    • qabul jarayonini Amsterdam ozod universiteti amalga oshirmaydigan qoʻshma dasturlar uchun VUFP granti berilmaydi.
  5. Nomzod bundan oldingi ilmiy darajani (bakalavrlik yoki magistrlik darajasi) Gollandiyada olmagan boʻlishi kerak.
  6. Nomzodning magistrlik dasturini boshlash uchun tayyorlov dasturida oʻqish ehtiyoji boʻlmasligi kerak.
  7. Xilma-xillik universitetning asosiy qadriyatlaridan biridir. Shu sababli, qaysi davlatdan bu universitetda oʻqiyotgan talabalar soni 10 nafardan kam boʻlsa, shu davlat fuqarolariga bu grantga topshirish tavsiya etiladi (Oʻzbekiston shunday davlat hisoblanadi).

Shuningdek, magistraturaga qabul talablari ham mavjud. Bunda nomzoddan kamida IELTS 6,5 TOEFL iBT 92 sertifikati talab etiladi. Magistraturaga qabul talablari, kerakli hujjatlar va qabul jarayoni haqida BU YERDA batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Hozirda 2023-yil sentabr oyidan boshlanadigan oʻqish uchun qabul tugagan. Endi 2024-yil sentabrdan (kuzgi semestrdan) boshlab oʻqish uchun ariza topshirish mumkin.

Magistratura kurslariga qabul 2023-yil 1-oktabrda boshlanadi va 2023-yil 1-dekabrda tugaydi. VUFP dasturiga arizalar esa 2023-yil 1-noyabrdan 2024-yil 1-fevralgacha qabul qilinadi. VUFP grant dasturiga ariza topshirish uchun ingliz tilidagi magistrlik dasturlaridagi biriga shartli yoki shartsiz ravsihda qabul qilinish lozim.

Ariza topshirish jarayoni quyidagicha boʻladi:

1-qadam: magistrlik dasturiga roʻyxatdan oʻtish. Magistrlik dasturiga Studielink tizimida, undan soʻng vu.nl saytidagi shaxsiy kabinetingizda (personal dashboard) roʻyxatdan oʻting. Ingliz tilidagi magistrlik dasturlariga qanday ariza topshirish haqidagi batafsil maʼlumotni BU YERDAN topasiz.

Magistrlik dasturlariga arizalar 2023-yil 1-oktabrdan 1-dekabrgacha qabul qilinadi. VUFP grantiga ariza topshira olishingiz uchun magistrlik dasturiga shartli yoki shartsiz ravishda qabul qilingan boʻlishingiz kerak. Magistrlik dasturiga qabul natijalari odatda ariza topshirilgandan keyin 6 hafta ichida chiqadi. Nomzodlarga magistrlik dasturiga imkon qadar ertaroq ariza topshirish tavsiya etiladi.

2-qadam: VUFP ariza shaklini topshirish (Submit). VU shaxsiy kabinetingizda (personal dashboard) toʻldirilgan VUFP ariza shaklini topshiring (2023-yil 1-noyabrdan 2024-yil 1-fevralgacha topshiriladi).

Arizani faqat 1 marta topshira olasiz, shu sababli topshirishdan oldin arizaning toʻliq toʻldirilganini yaxshilab tekshiring.

VUFP arizangiz uchun 2 ta hujjat talab etiladi:

1. Bakalavriatdagi baholar yoki GPA va baholash shkalasi. Bakalavriatdagi baholaringiz va baholash shkalasi koʻrsatilgan, GPA (oʻrtacha oʻzlashtirish darajasi) qanday hisoblanishi aniq tushuntirilgan boʻlishi kerak. Magistraturani bitirib, yana magistrlik dasturiga va VUFP grantiga ariza topshirayotgan boʻlsangiz ham, grantda saralashda bakalavriatdagi baholaringiz hisobga olinadi. Agar hozir bakalavriatning oxrigi kursida boʻlsangiz, ariza topshirgungacha boʻlgan baholaringiz GPA koʻrsatilgan holda topshiriladi.

2. VUFP ariza shakli. Ariza shaklini BU YERDAN yuklab olishingiz mumkin.

Arizadagi barcha savollarga javob berilishi va barcha boʻlimlar toʻldirilishi kerak.

3-qadam: qaror. Qabul qilingan arizalar magistrlik dasturi tegishli boʻlgan fakultet tomonidan koʻrib chiqiladi va munosib talabgorlarning nomzodi Markaziy stiepndiya qoʻmitasiga tavsiya etiladi. Qoʻmita akademik oʻzlashtirish darajasi va motivatsiya xati asosida VUFP grantlari kimlarga berilishi haqida qaror chiqaradi.

4-qadam: natijalarni eʼlon qilish. Barcha talabalar grant yutgan yoki yutmagani haqida email orqali xabardor qilinadi. Natijalar 2024-yil mart oyi oʻrtalarida eʼlon qilinadi.

5-qadam: VUFP yoki HSP granti taklifini qabul qilish.
Tanlangan nomzodlar VUFP va / yoki HSP granti taklifini grant taklif etilgandan keyin 2 hafta ichida VU shaxsiy kabineti orqali qabul qilishi yoki rad etishi kerak.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing.

Gran boʻyicha savollar yuzasidan vufp@vu.nl elektorn manziliga murojaat qilishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!