Germaniyada joylashgan nufuzli oliygohlardan biri – Hertie School universitetining 2021-yil 1-sentyabrda boshlanadigan bepul doktorantura kursiga arizalar qabul qilinmoqda. Universitetda davlat siyosati yo’nalishida doktorantura kursi mavjud bo’lib, bu kursga iqtisod, siyosatshunoslik, huquq, davlat boshqaruvi, sotsiologiya, menejment va davlat boshqaruviga aloqador bo’lgan sohalarda magistratura kursini tamomlagan, a’lo darajadagi bilim va tadqiqot tajribasiga ega nomzodlar qabul qilinadi. Doktorantura kursi haqida batafsil ma’lumot bilan bu yerda tanishishingiz mumkin. Doktorantura kursiga 10-15 nafar talaba qabul qilinadi. Kurs 3 yil davom etadi.
Grant kimlar uchun?
Doktorantura kursida o’qishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Doktorantura kurslari bepul, ya’ni, talaba kontrakt to’lashi talab etilmaydi. Undan tashqari, har yili 10 nafar talabaga oyiga 1200 yevro stipendiya bilan ta’minlovchi grant beriladi.
Talablar:
- Nomzod iqtisod, siyosatshunoslik, huquq, davlat boshqaruvi, sotsiologiya, menejment va davlat boshqaruviga aloqador bo’lgan sohalarda magistratura kursini tamomlagan bo’lishi kerak.
- Baholari, tadqiqot tajribasi oliy darajada bo’lishi kerak. Dasturga favqulodda yetuk tadqiqot layoqatiga ega nomzodlar qabul qilinadi.
- Nomzod Hertie School tadqiqot loyihalariga mos mavzuda tadqiqot taklifiga ega bo’lishi kerak.
- Ingliz tiliga talab: IELTS 7,0 (Writing – 7,0), TOEFL IBT 100, PBT 600, CBT 250 yoki Cambridge ESOL CAE C yoki CPE B.
Dasturga qabul jarayoni:
Grantga alohida ariza topshirilmaydi – doktoranturaga topshirilgan arizalar grant uchun ham ko’rib chiqiladi.
Doktorantura kursiga hujjat topshirish uchun Hertie School universitetida mavjud tadqiqot markazlari va ilmiy rahbarlik qilishi mumkin tadqiqotchilar haqidagi ma’lumot bilan batafsil tanishib chiqing. Universitetda olib boriladigan loyihalarga mos tadqiqot mavzusi tanlab, ilmiy rahbarlar bilan bog’lanish ariza topshirishdan avval amalga oshiriladi.
Universitetga faqat ilmiy rahbar bilan kelishilgandan keyin hujjat topshiriladi. Arizani bu yerda to’ldiring. Hujjat topshirishning oxirgi kuni – 2021-yil 31-yanvar.
Ilmiy rahbar topib, tadqiqot mavzusi tasdiqlanishi doktorantura kursiga qabul qilinishni kafolatlamaydi. Universitetda markaziy qabul tizimi yo’lga qo’yilgan, shuning uchun hatto tadqiqotchilar siz bilan ishlashga rozi bo’lsa ham, qabul qilinishingizni ular belgilamaydi. Qabul uchun doktorantura kursi talablariga mos bo’lishingiz va arizani to’g’ri topshirishingiz zarur.
Ariza topshirishda quyidagi hujjatlar kerak bo’ladi:
- Ariza va tadqiqot taklifi abstrakt qismi (400 so’z)
- Tadqiqot taklifining asosiy matni (1500-2500 so’z)
- CV (2 betgacha)
- Motivatsiya xati (250-400 so’z)
- Barcha diplom va baholari
- Ingliz tili testi sertifikati
- Nomzodning ta’lim tarixi PDF shaklida (Education history).
Undan tashqari, ikkita tavsiyanoma nomzod tomonidan emas, tavsiya beruvchi tomonidan phd-applications@hertie-school.org manziliga 31-yanvargacha jo’natilishi kerak. Tadqiqot taklifi tayyorlash qoidalari bilan bu yerda, “3. Write your research proposal” bo’limida tanishing.