×

Honjo International Scholarship Foundation: Yaponiyada bakalavriatdan keyingi bosqichlarda oʻqish uchun oyiga 1600 dollargacha stipendiya!


Grant

MUHLAT

31.10.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Yaponiya

O'QILGAN

10344 marta

Yaponiyaning Honjo International Scholarship Foundation jamgʻarmasi Yaponiyada magistratura yoki doktorantura (PhD) bosqichida tahsil olishni xohlovchi xorijiy talabalarga turli miqdordagi stipendiyalarni taqdim etadi. Stipendiyalar ham kuzgi, ham bahorgi semestrdan boshlanadigan oʻqishlar uchun beriladi.

Hozir 2025-yil bahorgi semestrdan (aprel oyidan) oʻqishni boshlash uchun arizalar qabul qilinmoqda. Navbatdagi qabulda jamida 10 nafar atrofida talabaga grant ajratilishi rejalashtirilgan.

Bunda nomzodlardan Yaponiyadagi OTMlardan biriga oʻqishga kirishi/kirgan boʻlish talab etiladi. Nomzodlardan aynan yapon tilida oʻqishi talab etilmagan boʻlsa-da, yapon tilini kundalik hayotda suhbatlasha oladigan darajada bilish sharti qoʻyilgan. Saralash jarayonidagi suhbat yapon tilida boʻladi va topshiriladigan tadqiqot rejasi ham yapon tilida boʻlishi lozim.

Grant kimlar uchun?

Magistratura va PhD (doktorantura) talabalari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Stipendiyalar oʻqish davriga qarab farq qiladi va ularning miqdori quyidagicha:

  • Ilmiy daraja (magistrlik yoki PhD) 1-2 yilda olinadigan boʻlsa, oyiga 230 000 yen (taxminan 1600 AQSH dollari) stipendiya beriladi.
  • Ilmiy daraja (magistrlik yoki PhD) 3 yilda olinadigan boʻlsa, oyiga 210 000 yen (taxminan 1460 AQSH dollari) stipendiya beriladi.
  • Ilmiy daraja (magistrlik yoki PhD) 4-5 yilda olinadigan boʻlsa, oyiga 180 000 yen (taxminan 1250 AQSH dollari) stipendiya beriladi.
  • Stipendiya egalarining oʻqish davridagi ilmiy konferensiyalarga borish va kelish xarajatlari ham qoplanadi.

Oʻqishining davri bir yildan kam boʻlgan nomzodlar ushbu grantga topshira olmaydi.

Talablar:

Nomzodga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Nomzod Yaponiya fuqarosi boʻlmasligi lozim.
  • Nomzod Yaponiyadagi biror OTMning 2025-yil bahorgi semestrda (aprel oyida) boshlanadigan magistratura yoki PhD bosqichiga qabul qilingan boʻlishi yoki 2025-yil bahorgi semestrda boshlanadigan magistratura yoki PhD bosqichiga ariza topshirishi va qabul qilinishi kerak. Grantga ariza topshirish muhlati tugagunga qadar OTMga qabul xatini olmaganlar ham grant uchun ariza topshira oladi, lekin keyinchalik qabul xatini topshirishi lozim.
  • Oʻqish tugaguniga qadar boʻlgan umumiy muddat 12 oydan kam boʻlmasligi kerak.
  • PhD bosqichi nomzodlari oʻqishni boshlaganda 35 yoshdan katta boʻlmasligi, magistratura nomzodlari oʻqishni boshlaganda 30 yoshdan katta boʻlmasligi lozim (bu qoidaga qatʼiy amal qilinadi).
  • Nomzodda kelajakdagi kasbiy faoliyatida oʻz vataniga xizmat qilish istagi kuchli boʻlishi kerak.
  • Nomzod xalqlar doʻstligi va xayrixohlik haqida chuqur tushunchaga ega boʻlishi, jamgʻarma tomonidan tashkillashtiriladigan tadbirlarda ishtirok etishi va bitirgandan keyin bitiruvchilar tadbirlarida qatnashishi kerak.
  • Nomzod kundalik hayotda yapon tilida suhbatlasha olishi kerak. Grant uchun olinadigan intervyular faqat yapon tilida boʻladi.

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2024-yil 31-oktabrgacha qabul qilinadi. Arizalar maxsus ariza topshirish portalida qabul qilinadi.

Hujjat topshirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi.

1-bosqich: Dastlab, grant talablariga mos ekanligingizni tekshiring.

2-bosqich: Onlayn ariza topshirish portaliga kirib, roʻyxatdan oʻting va ariza shaklini toʻldirib, kerakli hujjatlarnin yuklang. Portalga quyidagi hujjatlarni yuklash soʻraladi;

  • Bakalavriatda olingan baholar (majburiy) va magistratura kursidagi baholar (hali magistraturani tugatmagan boʻlsangiz, magistratura baholarini topshrish shart emas). Bu hujjat ingliz yoki yapon tilida boʻlishi yoki shu tillardan biriga tarjima qilinishi kerak.
  • Tadqiqot rejasi. Bu hujjat yapon tilida yoziladi va uni yozishda maxsus shakldan foydalanish kerak. Agar yapon tilida yoza olmasangiz, uni boshqa birovga yapon tiliga tarjima qildirib, shuni maxsus shaklga kiritishingiz kerak. Maxsus shaklni BU YERDAN yuklab oling. Tadqiqot rejasida nomzod shaklda berilgan savollarga javob yozadi.
  • Ilmiy rahbardan tavsiyanoma.
  • Oʻqishga qabul qilinganlikni isbotlovchi hujjat. Agar qabul xatini grantga ariza topshirish muddati tugaguncha (2024-yil 31-oktabrgacha) olish imkonsiz boʻlsa, onlayn ariza topshirish portaliga uni taxminan qachon olishingiz mumkinligini (sanani) kiritasiz, soʻng qabul xatini olishingiz bilan, uni email orqali jamgʻarmaga yuborishingiz lozim.

Barcha hujjatlar PDF shaklida yuklanishi kerak.

Shuningdek, quyidagi raqamli fayllar ham yuklanishi kerak:

  • Nomzodning yuzi aks etgan rasm – maksimal 500 KB. Bu rasm .jpg yoki .gif formatida boʻlishi kerak.
  • Ingliz yoki yapon tilida tadqiqot rejangiz haqida soʻzlab bergan videongiz. Bu video 30 soniyadan oshmasligi, .mp4 yoki .mov formatida boʻlishi va uning hajmi 1 GB dan oshmasligi kerak.

MUHIM: Yuqoridagi hujjatlar umumiy tarzda keltirildi. Har bir hujjat va unga qoʻyilgan talablar bilan grant yoʻriqnomasida batafsil tanishing.

3-bosqich. Hujjat topshirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtganlar Tokioda yoki onlayn tarzda suhbatdan oʻtadi. Suhbat yapon tilida boʻladi. Subatdan ham muvaffaqiyatli oʻtganlar grantni qoʻlga kiritgan hisoblanadi.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon va ariza topshirish yoʻriqnomasini diqqat bilan oʻqib chiqing.

Koʻp beriladigan savollar va ularga javoblarni BU YERDA oʻqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!