Har yili Helmholtz Zentrum Berlin (HZB) bakalavriat talabalariga 8 haftalik yozgi talabalar tadqiqoti dasturini taklif etadi. Ushbu dastur butun dunyodan boʻlgan talabalarga laboratoriyalar yoki HZB kampuslarida joylashgan tajribaviy markazlarda tadqiqot jamoalari bilan birga ish olib borish imkoniyatini beradi. Talabalar olimlar bilan hamkorlikda oʻz tadqiqot loyihasi ustida ishlash imkoniga ega boʻladi. Dastur ingliz tilida olib boriladi.
Dastur hozirda fizika, kimyo, moddashunoslik, strukturaviy biologiya, matematika, muhandislik, hayot haqidagi yoki atrof-muhit fanlari yoxud shu sohalarga aloqador mutaxassisliklarda tahsil olayotgan bakalavriat talabalari uchun moʻljallangan. Talabalar bilan 8 hafta davomida biror tadqiqot loyihasi ustida ish borish haqida shartnoma tuziladi va ular haftasiga 40 soat tadqiqot ishini olib borishlari kerak boʻladi. Dastur yakunida tadqiqot yuzasidan taqdimot qilish kerak boʻladi.
Bu yili dasturga qabul qilinganlar 2025-yil 7-iyuldan 29-avgustgacha HZBda tadqiqot olib boradi. Bu yilgi dasturga jami 20 nafar talaba qabul qilinadi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavriat talabalari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilingan talabalar quyidagi moddiy imtiyozlarga ega boʻladi:
- 8 haftalik amaliyot shartnomasi tuziladi va butun amaliyot uchun mablagʻ ajratiladi. Bu mablagʻ Berlin va Postdamda joylashgan universitetlarda tahsil olayotgan talabalar uchun 1000 yevroni, boshqa hududlarda, jumladan, Germaniyadan boshqa davlatlarda joylashgan universitetlarda tahsil oluvchi talabalar uchun 1900 yevroni tashkil qiladi.
- Safar xarajatlari uchun 800 yevrogacha mablagʻ ajratiladi.
Talablar:
Nomzodga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Istalgan davlat fuqarolari va istalgan davlatda oʻqiyotgan talabalar ariza topshirishi mumkin.
- Nomzod fizika, kimyo, moddashunoslik, strukturaviy biologiya, matematika, muhandislik, hayot haqidagi yoki atrof-muhit fanlari yoxud shu sohalarga aloqador mutaxassisliklar boʻyicha tahsil olayotgan bakalavriat talabasi boʻlishi kerak.
- Dastur boshlanishidan oldin universitetda kamida 2 yillik taʼlimni tamomlagan boʻlish va bu yillar uzluksiz taʼlim (full-time) shaklida oʻqilgan boʻlishi lozim.
- HZBdagi amaliyot davri davomida oʻz universitetida talabalar safida qolishi kerak (yaʼni 2025-yil iyul-avgust oylarida oʻqishi tamomlanib qolmasligi yoki boshqa sababga koʻra talabalar safidan chiqarilmasligi kerak).
- Inlgiz tilini yaxshi bilish lozim, nemis tilini ham bilish ustunlik beradi.
- Nomzod ariza topshirish jarayonida bitta tavsiyanoma topshira olishi kerak.
Dasturga qabul jarayoni:
Arizalar qabuli 2024-yil 31-dekabrgacha qabul qilinadi. Arizalar onlayn tarzda BU YERDA toʻldiriladi va kerakli hujjatlar ariza shakliga yuklanadi.
Ariza shaklini toʻldirishga yuklanishi kerak boʻlgan hujjatlar quyidagilar:
- Akademik CV. CV 2 betdan oshmasligi, xronologik shaklda boʻlishi, unda talabaning taʼlimi va kasbiy faoliyatidagi (agar boʻlsa) eng muhim jihatlari (bosqichlari) aks etishi kerak.
- Talaba ekanlik haqida maʼlumotnoma (hozirda talaba tahsil olayotgan universitetdan beriladi). Bu maʼlumotnoma nomzodning kamida 2025-yil avgust oyi oxirigacha universitetda talaba sifatida qolishini tasdiqlashi kerak.
- Universitetda olingan eng oxirgi baholar (transcripts) va ilmiy daraja diplomlari (agar bunday diplom boʻlsa).
- Tavsiyanoma.
- Pasport yoki ID kartasi nusxasi.
Yevropa Ittifoqi va Yevropa iqtisodiy hududi tarkibiga kirmaydigan davlatlardan boʻlgan talabalar maxsus maʼlumotnoma shaklini yuklab olishi va u toʻldirilishi hamda talaba universiteti tomonidan imzolanib, muhr bilan tasdiqlanishi kerak.
MUHIM: Ariza topshrishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.