INSPIRE Potentials – MARVEL Master’s Fellowships tashabbusi magistratura bosqichida tahsil olayotgan iqtidorli ayol-qiz talabalarga NCCR MARVEL tashkilotiga tegishli laboratoriyalardan birida “Hisoblash dizayni va yangi materiallar kashfiyoti (Computational Design and Discovery of Novel Materials)” mavzusi boʻyicha magistrlik dissertatsiyasi uchun 6 oy davomida tadqiqot olib borish imkonini beradi. Ushbu tashabbus hisoblash materialshunosligi, elektron tuzilmalarni modellashtirish, mashinaviy oʻrganish va katta axborot (big-data) sohalaridagi tadqiqotchi ayollar sonini oshirishga intiladi.
Dasturda bir qancha universitetlarning (EPFL, ETHZ, ETHZ/CSCS, EMPA) laboratoriyalari ishtirok etadi va nomzodlar tadqiqot olib borish uchun ulardan birini tanlashi mumkin. Universitetlar va tadqiqot uchun masʼullar bilan BU YERDA tanishing.
Dastur davomida 2026-yilga qadar har yili 8 nafar ayol-qiz tadqiqotchilar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Grant kimlar uchun?
Magistratura bosqichida tahsil olayotgan va tadqiqot olib borishni xohlovchi ayol-qizlar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
- 6 oylik tadqiqot uchun 12 000 CHF (taxminan 13 108 AQSH dollari) miqdorida stipendiya beriladi.
- Safar xarajatlari uchun 500 CHF (taxminan 546 AQSH dollari) mablagʻ ajratiladi.
- Tadqiqot davomidagi kontrakt puli toʻliq qoplanadi.
- Sugʻurta xarajatlari qoplanadi.
- Modellashtirish tadqiqoti muhitida ilmiy rahbarlik taʼminlanadi.
- NCCR tashkiloti tadqiqotchilar va talabalari ishtirokida oʻtkaziladigan ijtimoiy va netvorking tadbirlarida qatnashish imkoniyati.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Grantlar faqat ayol-qiz nomzodlarga ajratiladi.
- Nomzodlar magistratura bosqichida tahsil olayotgan magistrlik tadqiqot ishini boshlash arafasida boʻlishi kerak.
- MARVEL tashkilotining bosh tadqiqotchisi laboratoriyasida tadqiqot loyihasini amalga oshirish uchun alohida motivatsiya va potensialni namoyon qilishi kerak.
- Nomzod oʻzi tadqiqot olib bormoqchi boʻlgan laboratoriya joylashgan universitetning talabalar qabuli talablariga mos boʻlishi kerak.
- Nomzod ingliz tilini yetarli darajada bilishi lozim.
Dasturga qabul jarayoni:
2026-yilga qadar dasturga har yili 2 marta qabul boʻladi va har bir qabulda 4 nafardan tadqiqotchi ayol-qiz talaba qabul qilinadi. Qabullarning oxirgi muddatlari quyidagicha:
- 2022-yil 15-aprel
- 2022-yil 15-oktabr
- 2023-yil 15-aprel
- 2023-yil 15-oktabr
- 2024-yil 15-aprel
- 2024-yil 15-oktabr
- 2025-yil 15-aprel
- 2025-yil 15-oktabr
- 2026-yil 15-aprel
Nomzodlar yuqorida koʻrsatilgan qabul sanalarigacha arizalarini (hujjatlarini) topshirishi mumkin.
Nomzodlardan quyidagi hujjatlarni topshirish talab etiladi:
- Rezyume (CV).
- Motivatsiya xati; unda tadqiqot olib borishni xohlaydigan maksimal 3 tagcha mezbon laboratoriya ham koʻrsatilishi kerak.
- 1 yoki 2 ta tavsiyanoma. Tavsiyanomada nomzodning oʻz kursdoshlari orasidagi darajasi (oʻzlashtirish darajasi boʻyicha) ham koʻrsatilishi kerak (masalan, eng yaxshi 10% magistrlar sirasiga kiradi va h.k.). Tavsiyanoma(lar) inspire@nccr-marvel.ch elektron manziliga tavsiya beruvchilarning oʻzlari tomonidan yuborilishi kerak.
- Nomzodning ilmiy daraja diplom(lar)i va barcha darajada olgan baholari.
Yuqoridagi barcha hujjatlar ingliz tilida inspire@nccr-marvel.ch elektron manziliga yuboriladi.
Nomzodlar arizalari natijasi haqida iyun yoki dekabr oyi oʻrtalarigacha email orqali xabardor qilinadi. Saralab olingan nomzodlar dasturda qatnashishini 2 hafta ichida tasdiqlashi kerak boʻladi.
Grantlar oʻzi tanlagan universitetda tadqiqot olib borish uchun qabul qilingan nomzodlargagina taqdim etiladi. Nomzoddan odatda 6 oy ichida mezbon universitet laboratoriyasida tadqiqotni boshlash soʻraladi.
MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing.
Savollar yuzasidan inspire@nccr-marvel.ch elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin.