×

Japan Internship Program: Yaponiyada 6 haftalik haq toʻlanadigan amaliyot!


Grant

MUHLAT

30.06.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Yaponiya

O'QILGAN

19837 marta

Yaponiya hukumati rivojlanayotgan davlatlar fuqarolari uchun Japan Internship Program amaliyot dasturini taklif qiladi. Bu dastur agar yaponiyaga borib amaliyot oʻtalsa – 6 hafta, onlayn tarzda oʻtalsa – 4 hafta davom etadi. Qatnashchilar Yaponiyada joylashgan xususiy korxonalar, sanoat birlashmalari, notijorat korporatsiyalarida amaliyot o‘taydi. Dasturga 60 nafar amaliyotchi qabul qilinadi. Bu ish bilan ta’minlovchi dastur emas, balki o‘z mahoratini oshirmoqchi bo‘lganlarga Yaponiya korxonalarida malaka oshirish imkonini taqdim qiluvchi stajirovka hisoblanadi.

Yaponiyadan boshqa tegishli davlatda boʻlgan nomzodlar ham, Yaponiyadagi tegishli davlatlarning fuqarolari ham ham ariza topshirishi mumkin.

Amaliyot 2024-yilning avgust oyida boshlanadi.

Grant kimlar uchun?

Yaponiyada amaliyot oʻtashni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dasturda qatnashish huquqini qo’lga kiritgan nomzod quyidagi imkoniyatlar bilan ta’minlanadi:

  • Dasturdan oldin tayyorlov mashgʻuloti.
  • Viza olish va Yaponiyaga kirishda yordam.
  • Dastur davomidagi sugʻurta xarajatlari qoplanadi.
  • Dastur davomida ishlatish uchun notebook, LAN va mobil qurilma va boshqa shu kabilarni olib turish mumkin (bepul).
  • Yaponiyaga borish va kelish uchun chiptalar, turar joy tashkilotchilar tomonidan tashkillashtiriladi.
  • Amaliyotchilarga kunlik haq toʻlanadi. Yaponiyaga borib oflayn amaliyot oʻtaydiganlarga kuni 3000 yen (taxminan 20 AQSH dollari), onlayn amaliyot oʻtaydiganlarga kuniga 1000 yen (taxminan 6,5 AQSH dollari) beriladi.

Shuningdek, siz Yaponiyaning nufuzli kompaniyalarida faoliyat olib boruvchi tajribali mutaxxasislarning ish faoliyatlarini kuzatish va tajribalarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Nomzodlar bir vaqtning oʻzida ham oflayn, ham onlayn amaliyot uchun ariza topshirishi mumkin.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos bo’lishi kerak:

  • Nomzod dasturdan ko‘zlangan maqsad (ish mahoratini oshirish)ni  to‘gʻri anglashi va unga rozi bo‘lishi kerak.
  • Nomzod Xitoy Xalq Respublikasi yoki OECD/DAC ro‘yxatidagi davlatlardan birining fuqarosi bo‘lishi lozim (bu davlatlar roʻyxatida Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻizton va Afgʻoniston ham kiradi).
  • Nomzod ingliz tilini biznes yuritish darajasida bilishi yoki yapon tilini yetarli darajada (JLPT N3 va undan yuqori darajada) bilishi kerak.
  • Agar nomzod dasturga qabul qilinsa, oflayn amaliyotda kuniga 8 soat, haftasiga besh kun (dushanbadan jumagacha) kelishilgan korxonada amaliyotchi sifatida ishlashga tayyor bo‘lishi lozim. Onlayn amaliyotga qabul qilinganlar kuniga 4 soatdan amaliyot oʻtaydi.
  • Nomzod 2016-2023-yillar oraligʻida ushbu dastur bo‘yicha Yaponiyada amaliyot o‘tamagan bo‘lishi lozim.
  • Yaponiyada yashayotgan nomzodlar ariza topshira olmaydi.
  • Nomzod biror til sertifikatini (IELTS, TOEIC, TOEFL, CEFR, JLPT va h.k.) topshirishi kerak.
  • Qoidaga koʻra, bu dastuga 2024-yil 1-avgust holatiga koʻra 18-40 yosh oraligʻida boʻlgan nomzodlar qabul qilinadi.
  • Arizalar rad etilsa, buning sababi ko‘rsatilmasligi, shuningdek, qabul qilingan arizalar ham muqarrar sabablar (masalan tabiiy ofatlar) tufayli rad etilishi mumkin.
  • Ariza topshirish uchun axborot seansida qatnashish lozim. Axborot seanslari sanalari bilan tanishish va ularga roʻyxatdan oʻtish uchun BU YERGA kiring.

Talablar bilan BU YERDA toʻliq tanishish mumkin (“Application requirements”).

Dasturga qabul jarayoni:

Hozirda qishki amaliyot dasturlariga arizalar qabul qilinmoqda. Qabul 2024-yil 30-iyungacha qabul qilinadi.

  • Dasturga ariza topshirish uchun avval BU YERGA kirib, email va parol kiritib, soʻng SIGN UP tugmasini bosish orqali roʻyxatdan oʻting. Soʻng xuddi shu yerga yana qaytib “2024[METI] Japan Internship Program 2024” dasturi ustidagi Apply tugmasini bosing.
  • Nomzod bakalarlik diplomiga ega bo‘lsa diplomni; biror oliygohda o‘qiyotgan bo‘lsa o‘sha yerda o‘qiyotganligi haqidagi ma’lumotnomani topshirishi kerak. Shuningdek, o‘zi o‘qigan yoki o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasidagi ilmiy rahbaridan tavsiyanoma ham olib, topshirishi kerak.
  • Agar biror stajirovkada olingan namunali sertifikat bo‘lsa, uni ham ilova qilish mumkin;
  • Onlayn ariza bosqichidan o‘tganlar onlayn tarzdagi dastlabki suhbat (nomzodning ona tilida, ingliz tilida yoki/va yapon tilida) va keyingi suhbatga (ingliz yoki/va yapon tilida)ga kiradilar.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin rasmiy eʼlon bilan tanshib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!