×

Lester B. Pearson International Scholarship Program: Bakalavriatni Kanadada oʻqish uchun toʻliq grant; joy – 37 ta!


Grant

MUHLAT

11.10.2024

QOLGAN VAQT

76 kun

HUDUD

Kanada

O'QILGAN

30267 marta

Kanadada joylashgan University of Toronto (Toronto universiteti) 2025-yil sentyabrda boshlanadigan bakalavr kurslari uchun Lester B. Pearson International Scholarship Program grant dasturini taklif etadi. Bakalavrlik kurslari va ushbu grantga qabul jarayonlari 2024-yil 1-iyildan boshlanadi.

Mazkur grant dasturi aʼlo akademik yutuqlarni qayd etgan, kreativ va oʻz taʼlim muassasasida yetakchi sifatida tan olingan xalqaro talabalar uchun moʻljallangan. Oʻz taʼlim muassasasi va jamiyati hayotiga hissasini qoʻsha olgan, kelajakda global hamjamiyatga ham ijobiy jihatdan hissa qoʻshish potensialiga ega ekanlik xususiyatlariga alohida urgʻu beriladi.

Lester B. granti Toronto Universitetining eng nufuzli grant dasturi boʻlib, dastur doirasida har yili taxminan 37 nafar talabaga grant beriladi.

Maʼlumot uchun: Toronto universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2024-yil iyun oyi holatiga koʻra, ushbu universitet dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 21-oʻrinni egallab turibdi (THE reytinggi boʻyicha). Kanadaning oʻzida esa Toronto universiteti 1-raqamli oliygoh hisoblanadi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavr bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Ushbu grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  1. Talabaning oʻquv kontrakt toʻlovi toʻlab beriladi.
  2. Kitoblarga ketadigan xarajatlari qoplab beriladi.
  3. Tasodifiy xarjatlar ham qoplanadi.
  4. Talabaning 4 yil davomida yashash xarajatlari qoplanadi.

Talablar:

Nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Nomzod xalqaro talaba (Kanadadan boshqa davlat fuqarosi) boʻlishi kerak.
  2. Hozirda oʻrta taʼlim muassasida (maktab, litsey yoki kollejda) oxirgi sinf / kursda oʻqiyotgan boʻlishi yoki 2024-yilning iyun oyida yoki undan keyin oʻrta taʼlimni tamomlagan boʻlishi kerak. MUHIM: Bakalavriat kurslariga qabul talabida Oʻzbekistonlik nomzodlar kamida akademik litsey diplomiga ega boʻlishi lozimligi yozilgan. Biroq Oʻzbekistonda kollejlar va maktablar ham oʻrta taʼlim hisoblanadi va ularning diplomi / attestati ham qabul qilinishi mumkin. Hujjat topshirishdan oldin bu masalani universitetning oʻziga email yozish orqali aniqlashtirish kerak boʻladi.
  3. Nomzod Toronto universitetidagi bakalavriat kurslaridan birida 2025-yil sentyabrdan boshlanadigan oʻqishga hujjat topshirishi va qabul qilinishi kerak. Hozirda oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotganlar bu grantga topshira olmaydi.
  4. Toronto Universiteti bakalavr kurslaridan biriga qabul qilinish uchun nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi zarur. Kamida IELTS 6.5 (hech bir bo’limi 6.0 dan past bo’lmasligi kerak) yoki shu darajaga teng boshqa xalqaro til sertifikati talab etiladi. Til talablari va qabul qilinadigan boshqa til sertifikatlari bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Barcha talablar: shu yerda.

Dasturga qabul jarayoni:

Grantga hujjat topshirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi:

  1. Hujjat topshirmoqchi boʻlgan oʻquvchining taʼlim muassasasi uni  Lester B. Pearson grantiga nomzod sifatida tavsiya qilishi kerak. Tavsiya qilish jarayoni BU YERDA amalga oshiriladi. Tavsiya etish sahifasi grantga tavsiyalar qabul qilish boshlanganda (2024-yil 1-iyul) ochiladi, ungacha bu sahifa yopiq turadi.
  2. Toronto universitetidagi bakalavriat kurslaridan biriga 2025-yil sentyabrdan oʻqishni boshlash uchun hujjat topshiriladi (hujjatlar qabuli 2024-yil 1-iyuldan boshlanadi). Bakalavriat kurslariga hujjat topshirish jarayoni bilan BU YERDA tanishing. Nomzod bir vaqtning oʻzida bir nechta bakalavriat kursiga hujjat topshirishi mumkin, Lester B. Pearson granti faqat nomzodning birinchi tanlovi uchun beriladi. Agar nomzod birinchi tanlovidagi kursga emas, 2 yoki 3-tanlovidagi kursga qabul qilinsa, bu grant uchun talabgor boʻla olmaydi.
  3. Oʻquvchining nomzodi tavsiya qilinganidan va u bakalavrlik kurslaridan biriga hujjat topshirganidan keyin Lester B. Pearson granti uchun onlayn arizani toʻldirishi mumkin boʻladi.

Muhim sanalar:

  • Bakalavriat kursi va grantga arizalar qabulining ochilish muddati: 2024-yil 1-iyul.
  • Taʼlim muassasalari uchun oʻquvchi nomzodini grantga tavsiya qilishning oxirgi muddati: 2024-yil 11-oktabr.
  • Bakalavriat kurslariga OUAC tizimi orqali ariza topshirishning oxirgi mddati: 2024-yil 18-oktabr. Bu ariza topshirishning oxirgi muddati boʻlsa-da, nomzodlarga imkon qadar ertaroq ariza topshirish tavsiya qilinadi. Chunki baʼzi bakalavrlik kurslariga qabul kvotalari toʻlib qolishi mumkin.
  • Lester B. Pearson grantiga onlayn arizani toʻldirishning oxirgi muddati: 2024-yil 8-noyabr.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing.

Savollar yuzasidan murojaat uchun: pearson.scholarship@utoronto.ca.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!