×

McGill universiteti: Kanadada bakalavriat bosqichida oʻqish uchun toʻliq va qisman grantlar!


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

Kanada

O'QILGAN

6288 marta

Kanadaning Monreal shahrida joylashgan McGill universiteti har yili bakalavriat kurslarida oʻqimoqchi boʻlganlar uchun Entrance Bursary Program moliyaviy yordam (Need-based aid) dasturini taklif etadi. Mazkur yordam qabul qilingan talabalarning iqtisodiy holatiga asoslangan holda beriladi. Ushbu moliyaviy yordam dasturi universitetdagi barcha bakalavriat kurslari uchun amal qiladi.

Necha nafar talaba uchun mazkur yordam berilishi aniq keltirilmagan. Biroq oxirgi qabul sikliga 740 nafar talabaga jami 5 million Kanada dollari miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatilgan.

Universitetdagi bakalavriat yoʻnalishlari bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Maʼlumot uchun: McGill universiteti dunyodagi eng nufuzli oliygohlardan biridir. Jumladan, 2021-yilning aprel oyi holatiga koʻra, mazkur universitet dunyoning eng yaxshi oliygohlari roʻyxatida 31-oʻrinni egallab turibdi (QS reytingi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat bosqichida oʻqishni xohlaganlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Moliyaviy yordam universitetda oʻqish toʻlovi (tuition fee)ga chegirma sifatida taqdim etiladi. Moliyaviy yordamning miqdori oldindan aniq aytilmagan. Yordam miqdori nomzodning iqtisodiy holatiga qarab belgilanadi: oʻqish toʻlovining bir qismi yoki toʻlaligicha qoplab berilishi mumkin. Toʻlaligicha qoplab berish holatlari ancha kam uchraydi.

Moliyaviy yordamni shartli ravishda 2 turga boʻlish mumkin:

  1. Faqat 1-yil uchun beriladigan turi. Aksariyat talabalarga molyaviy yordam oʻqishning faqat 1-yili uchun beriladi. Keyingi yillarda Bunday talabalar keyingi yillarda ham moliyaviy yordam olish uchun In-Course Financial Aid Program dasturiga ariza topshirishi mumkin.
  2. Oʻqish tugaguncha (4 yilgacha) beriladigan turi. Bunday moliyaviy yordam beriladigan talabalar soni cheklangan. Bunda talabaga 1-yili berilgan moliyaviy yordam, uning iqtisodiy holati va oʻzlashtirish darajasiga qarab, keyingi yillarda ham davom etadi. Oʻzlashtirish darajasi qoniqarli darajadan tushib ketsa yoki talabaning moliyaviy ahvoli yordam olish darajasidan yuqorilab ketsa, keyingi yillarda ushbu moliyaviy yordam toʻxtatilishi mumkin.

Universitetda bakalavriat uchun bir yillik oʻqish toʻlovi yoʻnalishga qarab 19 505 Kanada dollaridan (15 561 AQSH dollari) 55 621 Kanada dollarigacha (44 371 AQSH dollari) boʻlishi mumkin (2021-yil aprel oyi holatiga koʻra).

Talablar:

Mazkur moliyaviy yordamni qoʻlga kiritish uchun nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi lozim:

  • Toʻliq stavkali (full-time) bakalavriat kursiga yangi talaba sifatida qabul qilinish kerak.
  • Moliyaviy jihatdan yordamga muhtoj boʻlish kerak.

Bakalavriat kursiga qabul qilinish uchun nomzodlardan odatda IELTS 6.5 (hech bir boʻlimi 6 dan past boʻlmasligi kerak) soʻraladi. Shuningdek, aksariyat yoʻnalishlar uchun SAT yoki ACT sertifikati ham talab etiladi.

Xalqaro talabalar uchun bakalavriat kurslariga kirish talablari, kerakli hujjatlar bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Moliyaviy yordam dasturiga ariza topshirish uchun dastlab universitetdagi bakalavriat kurslaridan biriga qabul qilinish lozim. Xalqaro talabalar uchun arizalarni qabul qilish har yili 15-yanvarda yakunlanadi. 2021-yilgi dasturlar uchun qabul tugagan. Hozirda 2022-yili boshlanadigan bakalavriat kurslari uchun hujjat topshirish mumkin.

Universitetga qabul qilingandan keyin talabaning universitetdagi profilida moliyaviy yordamga ariza topshirish mumkin boʻladi. Shunda talaba quyidagi tugmalarni ketma-ketlikda bosib, arizani toʻldirib, topshirishi lozim: Financial Aid/Awards tab > Financial Aid Menu > Apply for a McGill Entrance Bursary > Apply to Entrance Bursary Program > Complete then submit your application.

Shuningdek, mazkur arizadan tashqai CSS profilini ham topshirish kerak.

Bakalavriat kursiga hujjat topshirish jarayoni BU YERDA qadam-baqadam keltirilgan.

Yodda tuting, moliyaviy yordam kimlar birinchi boʻlib topshirsa, oʻshalarga beriladi. Shu uchun imkon qadar ertaroq hujjat topshirish tavsiya etiladi.

Mazkur moliyaviy yordam dasturi haqida BU YERDA batafsil tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!