Los-Anjeles shahrida joylashgan Kaliforniya universiteti tarkibidagi Sof va amaliy matematika instituti (IPAM) matematika, kompyuter fanlari va boshqa aloqador mutaxassisliklar boʻyicha tahsil olayotgan iqtidorli bakalavriat talabalariga Talabalar uchun sanoat loyihalari ustida tadqiqot (RIPS) 2024 dasturini taklif etadi. Ushbu amaliyot dasturida talabalar sanoat yoki davlat sektoridan boʻlgan homiylar tomonidan taklif etilgan tadqiqot loyihalari ustida jamoa boʻlgan holda ish olib boradi.
Har bir talabalar jamoasi ilmiy mentor va sanoat mentori yordamida muammoni oʻrganadi, dastur oxirida esa ham ogʻzaki, ham yozma tarzda natijalar yuzasidan taqdimot qiladi.
2024-yilgi dasturda bir qancha loyihalar ustida ishlash kutilmoqda. Loyihalar bir-biridan farq qiladi, biroq barchasi muayyan darajada matematika va hisoblash (computing) ishlarini talab etadi.
Amaliyot 2024-yil 24-iyundan 23-avgustgacha Los-Anjelesda, IPAMda oʻtaladi.
RIPS dasturi Singapurda ham mavjud, Los-Anjelesdagi RIPS dasturiga ham, Singapurdagi RIPS dasturiga ham ariza topshirish platformasi bitta, biroq xalqaro talabalar, jumladan, oʻzbekistonlik talabalar faqat Los-Anjelesdagi dasturga (RIPS-LA) ariza topshira oladi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
- 4200 AQSH dollari miqdorida stipendiya beriladi.
- AQSHga borish va kelish xarajatlari uchun mablagʻ ajratiladi.
- Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti yotoqxonasidan bepul turar joy ajratiladi.
- Bepul oziq-ovqat taʼminlandi.
- Homiylar bilan joylarga tashrif buyuriladi.
- Tanlangan konferensiyalarga kelgusida borish uchun qisman moliyaviy yordam koʻrsatiladi.
- Xalqaro talabalarga viza (J-1 vizasi) olishda koʻmak beriladi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- RIPS-LA dasturiga istalgan davlat fuqarolari ariza topshirishi mumkin.
- Nomzod amaliyot boshlanishida kamida 18 yosh boʻlishi kerak.
- Nomzod bakalavriat bosqichining istalgan kursida tahsil olayotgan boʻlishi kerak; shuningdek, 2023-yil dekabr yoki undan keyin bakalavriatni bitiradigan talabalar ham dasturga ariza topshira oladi.
- Matematika sohasida kuchli taʼlim va/yoki tajribaga ega hamda real hayotda matematika qanday qoʻllanilishini koʻrishga qiziquvchi talabalarning ariza topshirishi ragʻbatlantiriladi. Bakalavriatni boshqa soha boʻyicha oʻqiyotgan, lekin matematikadan yetarli bilimi bor talabalar ham ariza topshirishi mumkin.
- Loyihalarning aksariyatida hisoblash ishlarini bajarish talab etiladi, shu sababli kompyuter fanlari, maʼlumotlar tahlili yoki raqamli hisoblash sohalarida malakaga ega boʻlish (yoki hech boʻlmaganda biroz tajribaga ega boʻlish) ragʻbatlantiriladi. Lekin bu talab barcha uchun majburiy emas.
- Nomzod ingliz tilida erkin muloqot qila olishi lozim.
Dasturga qabul jarayoni:
Ariza topshirishning oxirgi muddati: 2024-yil 12-fevral.
Arizalar onlayn shaklda, maxsus platformada topshiriladi. AQSHdan boshqa davlat fuqarolari RIPS-LA dasturiga ariza topshirishi lozim (RIPS Singapore dasturi ham bor, bu AQSH fuqarolari uchun).
Ariza shaklini toʻldirish jarayonida tegishli maʼlumotlarni kiritish va quyidagi hujjatlarni yuklash talab etiladi:
- CV/Rezyume;
- Baholar (transcripts).
- 2 nafar tavsiya beruvchining maʼlumotlari. Tavsiya beruvchilarning email manziliga email yuboriladi va ulardan tavsiynoma berish soʻraladi.
MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy eʼlon, koʻp beriladigan savollar va maxsus flayer bilan batafsil tanishib chiqing.
Savollar yuzasidan rips@ipam.ucla.edu elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin.