×

Rotary Yoneyama Scholarship: Yaponiyada bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqish uchun 875 dollargacha oylik stipendiya!


Grant

MUHLAT

31.10.2026

QOLGAN VAQT

52 kun

HUDUD

Yaponiya

O'QILGAN

25207 marta

Yaponiyaning Rotary Yoneyama yodgorlik jamgʻarmasi xorijlik talabalarning Yaponiya universitetlarida oʻqishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Rotary Yoneyama Scholarship stipendiya dasturini taklif etadi. Mazkur dasturga Yaponiyada bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqishni yoki oʻqishini Yaponiyaga koʻchirishni rejalashtirayotganlar ariza topshirishi mumkin.

2027-yil bahorgi va kuzgi semestrlarda oʻqishni boshlashni rejalashtirayotgan nomzodlardan ushbu dastur uchun arizalar 2026-yil 1-oktabrdan 31-oktabrgacha qabul qilinadi. Odatda ushbu dastur uchun har yili 10 nafar atrofida talabaga stipendiya ajratish nazarda tutilgan. Grant istalgan sohada oʻqish uchun taqdim etiladi. Soha va universitetni nomzodning oʻzi mustaqil tanlab, alohida ariza topshirishi kerak boʻladi.

Nomzodlar ariza topshirish vaqtida yapon tili malakasi testidan (JLPT) kamida N3 sertifikatiga ega boʻlishi kerak.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Stipendiya dasturi gʻoliblari quyidagi imtiyozlar bilan taqdirlanadi:

  • 2 yil davomida oylik stipendiya:
    – Bakalavriat talabalari oyiga 100 000 yen (taxminan 625 AQSH dollari).
    – Magistratura va doktorantura talabalari oyiga 140 000 yen (taxminan 875 AQSh dollari).
  • Yaponiyaga yetib olish xarajatlari uchun 250 000 yengacha (taxminan 1564 AQSh dollari) kompensatsiya sifatida toʻlab beriladi. Bunda talaba oʻz davlatidan Yaponiyaga olgan aviachiptalari (faqat ekonom klass), Yaponiyaga borish uchun oʻz vatanidagi safar xarajatlari, Yaponiyaga yetib borgan 1-kundagi turar joy xarajatlari uchun toʻlovlarning kvitansiyalari / cheklarini Yoneyama jamgʻarmasi kotibiyatiga darhol topshirishi lozim.

Dastur kontrakt summasi va/yoki kirish badali kabi xarajatlarni qoplab bermaydi.

Talablar:

Nomzodga qoʻyilgan talablar quyidagilardan iborat:

  • Yaponiyadan boshqa barcha davlat fuqarolari ariza topshira oladi. Ikki fuqarolikka ega yoki fuqaroligi boʻlmagan nomzodlar ham ariza bera oladi.
  • Nomzod mustaqil ravishda biror universitetning bakalavriat, magistratura yoki doktorantura bosqichida oʻqish yoxud oʻqishini Yaponiyaga koʻchirish uchun ariza topshirishi, qabul qilinishi va talaba vizasini olishi kerak.
  • Nomzod stipendiya toʻlanishi boshlanadigan kundan oldingi oy davomida Yaponiyada boʻlmagan boʻlishi kerak. Bu qoida uchun ayrim istisnolar amal qiladi.
  • Nomzodning 2026-yil 1-oktabrgacha Yaponiyada boʻlgan/qolgan jami kunlari 365 kundan oshib ketmasligi kerak.
  • Nomzod oʻqishga kirmoqchi yoki oʻqishini koʻchirmoqchi boʻlgan oliy taʼlim muassasasi Yaponiyaning Taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiya vazirligi tomonidan tan olingan boʻlishi kerak. Shuningdek, talabalar oʻqishni esa 2027-yil aprel yoki sentabr/oktabrdan boshlashni rejalashtirayotgan boʻlishi kerak. Qabul xati olgan yoki kirish imtihonlarini topshirishni rejalashtirayotgan talabalar ham topshira oladi.
  • Nomzodning oʻqishga ishtiyoqi baland, kelajakdagi maqsadlari aniq boʻlishi, madaniy xilma-xillikni hurmat qilishi, oʻz fikrini ravon ifoda eta olishi kerak.
  • Xorijda oʻqish uchun yetarli darajada jismoniy va ruhiy jihatdan sogʻlom boʻlish kerak.
  • Oʻqish uchun istalgan sohani tanlaganlar ushbu dasturga ariza topshira oladi.
  • Nomzodlar 1982-yil 2-apreldan keyin tugʻilgan boʻlishi kerak.
  • Boshqa stipendiya yoki grantlar bilan bir vaqtning oʻzida Rotary Yoneyama stipendiyasini olish taqiqlanadi.
  • Nomzod ariza topshirish vaqtida yapon tili malakasi testidan (JLPT) kamida N3 sertifikatiga ega boʻlishi kerak.

MUHIM: Yuqoridagi talablar umumiy tarzda keltirilgan. Talablar bilan quyidagi hujjatda batafsil tanishing:

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2026-yil 1-oktabrdan 31-oktabrga qadar onlayn tarzda topshiriladi. Ariza topshirish uchun avval  roʻyxatdan oʻtib, hisob (akkaunt) ochish lozim. Buning uchun BU YERGA kirib, “Register or Log in” tugmasini bosing (bu tugma 2026-yil 1-oktabrda ishga tushadi).

Grantga ariza topshirishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • Ariza shakli (belgilangan shakl mavjud).
  • Tanlangan universitet(lar)ga qabul uchun topshirilgan ariza shakl(lar)i nusxasi.
  • Tadqiqot rejasi (belgilangan shakl mavjud). Tadqiqot rejasini yozish bakalavrlar uchun alohida, magistratur va doktorantura uchun alohida aniq mavzular berilgan, ularni shakldan topasiz.
  • Insho (Belgilangan shakl mavjud). Insho “Why I chose to study in Japan. My future plan after studying in Japan” mavzusida yozilishi kerak.
  • Tavsiyanoma (belgilangan shakl mavjud). Bakalavriatga topshirayotgan talabalar oʻz davlatidagi oxirgi oʻqish joyi yoki oxirgi ish joyi yoxud oʻzi topshirayotgan yapon universitetidagi oʻquvchi tomonidan berilgan tavsiyanomani topshirishi kerak. Magistratura va doktoranturaga topshirayotganlar uchun tavsiyanoma tanlangan yapon universitetidagi nomzodning ilmiy rahbari tomonidan berilgan boʻlishi kerak.
  • Yaponya universiteti tomonidan berilgan qabul xati. Agar grantga ariza berish vaqtida qabul xati mavjud boʻlmasa, u quyidagi sanalargacha topshirlishi kerak boʻladi:
    – 2026-yil aprel oyida oʻqishni boshlashni rejalashtirayotganlar 2027-yil 1-martgcha.
    – 2026-yil sentabr/oktabr oyida oʻqishni boshlashni rejalashtirayotganlar 2027-yil 1-avgustgacha
  • JLPT imtihonidan olingan kamida N3 sertifikati.

Belgilangan shaklga ega hujjatlarni BU YERDAN yuklab olishingiz mumkin (“Download” boʻlimida).

Hujjatlar ingliz yoki yapon tilida boʻlishi kerak.

1 tadan ortiq universitetga topshirayotgan / topshirgan nomzodlar har bir universitet boʻyicha yuqoridagi hujjatlarni topshirishi kerak.

Hujjatlar va ularga berilgan batafsil taʼrif hamda talablar bilan BU YERDA tanishing (Application Documents).

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon va ariza topshirish qoʻllanmasini oʻqib chiqing.

Savollaringiz boʻlsa, ularni BU YERDAGI murojaat shakli orqali jamgʻarmaga yoʻllashingiz mumkin.

Maqsud Salomov
Author: Maqsud Salomov