×

Rossiya: maktab va kollej/litsey oʻquvchilari uchun bepul yozgi maktab; turar joy va oziq-ovqat taʼminlanadi!


Grant

MUHLAT

16.01.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Rossiya Federatsiyasi

O'QILGAN

12031 marta

Zimin jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan Molekulyar va nazariy biologiya maktabining 2024-yilgi mavsumiga arizalar qabul qilinmoqda. Ushbu dastur maktabning 8-11-sinf oʻquvchilari va kollej/litsey oʻquvchilari uchun moʻljallangan boʻlib, oʻquvchilarga molekulyar biologiya va azariy biologiya sohasidagi tadqiqotlarda ishtirok etish imkonini beradi.

Oʻquvhilar maktab davomida maʼruzalar tinglaydi, sohaga oid turli texnika va hisoblashlarni qanday amalga oshirishni oʻrganadi hamda molekulyar va nazariy biologiya sohalaridagi yangi gʻoyalar bilan tanishadi.

Maktabdagi mashgʻulotlar ingliz tilida boʻladi. Biroq ingliz tilini yaxshi bilmaydigan, lekin rus tilidan xabari bor oʻquvchilar hamushbu dasturga ariza topshirishi mumkin. Shu sababli ingliz tili darajasi u qadar yaxshi boʻlmaganlar ham, agar molekulyar va nazariy biologiyaga qiziqsa, ushbu dasturga ariza topshira oladi. Ariza shaklini ham yo ingliz, yoki rus tilida toʻldirish mumkin.

2024-yilgi maktab Rossiyaning Moskva shahrida, 2024-yilning iyul-avgust oylarida oflayn tarzda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Lekin maktab mashgʻulotlari oʻtkaziladigan joy oʻzgarishi ham mumkin, oʻzgaradigan boʻlsa, oʻquvchilarga oldindan xabar qilinadi. Oflayn mashgʻulotlar jami 18 kun davom etadi.

Biroq pandemiya bilan bogʻliq holat maktab mashgʻulotlarini oflayn tarzda oʻtkazish imkonini bermasa, maktab onlayn tarzda ham oʻtkazilishi mumkin. Maktab onlayn oʻtkaziladigan boʻlsa, 2024-yil aprel oyida bu haqida oʻquvchilar va ota-onalarga xabar qilinadi.

Yozgi maktabning dastlabki kunlarida oʻquvchilar tadqiqot mashgʻulotlari olib borish mumkin boʻlgan laboratoriyalardan birini oʻzlari tanlaydi. Maktab davomida bitta oʻquvchiga kamida bir nafar katta yoshli nazoratchi biriktiriladi.

Maktabning maqsadi va undagi asosiy mashgʻulotlar haqida BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Grant kimlar uchun?

Maktabning 8-11-sinf oʻquvchilari va kollej/litsey oʻquvchilari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Ushbu yozgi maktabga qabul qilinganlar quyidagi iqtisodiy imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Qatnashish bepul.
  • Bepul turar joy va oziq-ovqat taʼminlanadi.
  • Sayohat sugʻurtasi xarajatlari qoplanadi.
  • Laboratoriyada ish olib borish uchun barcha kerakli materiallar taʼminlanadi.
  • Ota-onalar oʻquvchilarning vatanidan Moskvadagi yozgi maktab joyigacha borishi va vataniga qaytishi xarajatlarini qoplashi kerak. Lekin agar oʻquvchi oilasi uchun bu xarajatlarni qoplash imkonsiz boʻlsa, qabul komissiyasi ushbu xarajatlarni ham qisman va ayrim hollarda toʻliq qoplab berishi mumkin. Borish-kelish xarajatlarini qoplashda moliyaviy yordam kerak boʻlgan oʻquvchilar ariza topshirishda shunday yordam kerakligini koʻrsatishi (aytib oʻtishi) kerak.
  • Agar viza talab qilinsa, viza olishda maslahatlar beriladi va hujjatlarni tayyorlashda yordam qilinadi. Shuningdek, zarur hollarda viza toʻlovi va eng yaqin viza markaziga borib kelish xarajatlari ham qoplanadi.

Maʼlumot uchun: Olis (chekka) hududlar va maxsus sharoitlar ostidagi oilalardan boʻlgan oʻquvchilarning maktabda ishtirok etishi qoʻllab-quvvatlanadi. Shu sababli, moliyaviy masala oʻquvchining maktabga ariza topshirishga boʻlgan shashtini qaytarmasligi kerak.

Talablar:

Nomzodga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Ushbu yozgi maktab maktabning yuqori sinf (9-11-sinf) oʻquvchilari va kollej/litsey oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Biroq 8-sinf oʻquvchilari ham ariza topshirishlari mumkin: faqat bunday hollarda oʻquvchi molekulyar biologiyadan fundamental bilimga ega boʻlishi va arizada nega oʻzini yuqori sinflar bilan teng darajada maktab mashgʻulotlarida qatnasha oladi deb hisoblashini asoslab berishi kerak.
  • Istalgan davlat fuqarolari ariza topshira oladi.
  • Yozgi maktabda muloqot ingliz tilida boʻladi. Biroq ingliz tilini u darajada yaxshi bilmaydigan va rus tilini biladigan nomzodlar ham ariza berishi mumkin. Umuman, nomzodlarga ingliz tili darajasi juda yuqori boʻlmasa ham molekulyar va nazariy biologiya haqida bilim va qiziqishga ega boʻlsa, ariza topshirish tavsiya qilinadi.
  • Qabul qilingan ishtirokchilar Rossiyaga borib, mashgʻulotlarda qatnasha olishi kerak. Agar onlayn tarzda boʻladigan boʻlsa, ishtirokchilar yozgi maktab mashgʻulotlariga oʻz davlatlaridan turib onlayn tarzda qatnashadi.
  • Ariza shakli oʻquvchining fanga va ushbu yozgi maktabga boʻlgan qiziqishi baholash jihatlarini oʻz ichiga oladi. Boshqalarning soʻzlari, matnlaridan foydalanib, oʻzinikidek qilib koʻrsatish va iqtibos bermaslik plagiat hisoblanadi va bunday arizalar koʻrib chiqilmaydi.
  • Ariza topshirish vaqtida xorijga chiqish pasportiga ega boʻlish shart emas. Lekin maktabga qabul qilingandan keyin xorijga chiqish pasportini va viza olish kerak boʻladi.

Qabul qoidalari bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Dasturga qabul jarayoni:

Yozgi maktab uchun arizalar 2024-yil 15-yanvar soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Arizalar onlayn tarzda BU YERDA topshiriladi. Ariza topshirishdan oldin dastlab roʻyxatdan oʻtib, profil yaratish kerak (Sign up).

Arizalarni ingliz yoki rus tilida topshirish mumkin. Qaysi tilda ariza topshirishdan qatʼi nazar, barcha qabul qilinganlar yozgi maktab davomida bir xil imkoniyatlarga ega boʻladi.

Ariza shaklidan tashqari, qoʻllab-quvvatlash xati ham topshirish talab etiladi (ingliz yoki rus tilida). Bu xatni yozib beruvchi shaxsni oʻquvching oʻzi koʻrsatadi. Oʻquvchi ushbu xatni yozuvchi shaxsga xatni onlayn ariza tizimi orqali topshirishi uchun taklif havolani (link) yuboradi. Bu xat onlayn arizadan oldin topshirilishi ham mumkin. Ushbu xatni imkon qadar ertaroq topshirish tavsiya etiladi.

Qoʻllab-quvvatlash xatini oʻquvchi tomonidan koʻrsatilgan istalgan shaxs, masalan, ota-ona, oʻqituvchi yoki oʻquvchining biror tanishi yozishi mumkin.

Odatda nomzodlar topshirgan arizalari asosida qabul qilinadi. Biroq qabul komissiyasi ayrim hollarda telefon yoki Skyp orqali suhbat qilishi ham mumkin.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin yozgi maktab haqidagi rasmiy eʼlon va koʻp beriladigan savollarga javoblar bilan batafsil tanishib chiqing:

Savollar yuzasidan smtb@molbioschool.org elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!