×

Skoltech: Rossiyada magistratura va PhD bosqichida oʻqish uchun toʻliq grant va oylik stipendiya; joy – 400 ta!


Grant

MUHLAT

15.07.2024

QOLGAN VAQT

87 kun

HUDUD

Rossiya Federatsiyasi

O'QILGAN

27094 marta

Rossiyaning Moskva shahrida joylashgan SkoltechSkolkovo fan va texnologiya instituti 2024–2025-oʻquv yilida boshlanadigan magistratura va Phd bosqichlari uchun arizalar qabul qilmoqda. Institutdagi barcha darslar ingliz tilida olib boriladi. 2024-2025-yil uchun jami 420 nafar (300 ta magistr, 120 ta PhD) talaba qabul qilinishi eʼlon qilingan.

Ushbu oliy taʼlim muassasasi quyidagi dasturlarni taklif etadi:

  • PhD dasturlari:
    – matematika va mexanika
    – fizika
    – materiallar haqidagi fanlar va muhandislik
    – muhandislik tizimlari
    – hayot haqidagi fanlar
    – hisoblash va maʼlumotshunoslik hamda muhandislik
    – neft-gaz ishi
    – Agrobiotexnologiya va muhandislik
    Magistratura dasturlari:
    – hayot haqidagi fanlar
    – zamonaviy hisoblash metodlari
    – amaliy hisoblash mexanikasi
    – neft-gaz ishi
    – fotonika va kvant materiallar
    – matematik va nazariy fizika
    – maʼlumotlar haqidagi fanlar
    – muhandislik tizimlari
    – energetik tizimlar
    – ilgʻor ishlab chiqarish texnologiyalari
    – materiallar haqidagi fanlar
    – narsalar interneti va simsiz aloqa texnologiyalari

Qabul qilingan barcha talabalarga avtomatik tarzda grant beriladi.

Grant kimlar uchun?

Magistratura va aspirantura (PhD) bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Oʻqishga qabul qilingan barcha magistratura va PhD bosqichi talabalari avtomatik tarzda quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Bepul oʻqish, yaʼni kontrakt summasi toʻlanmaydi.
  • Bepul tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadi.
  • Oylik stipendiya beriladi. Magistratura talabalariga standart oylik stipendiyasi 40 000 rubl (taxminan 440 AQSH dollari)ni, PhD talabalarining standart oylik stipendiyasi esa 75 000 rubl (taxminan 824 AQSH dollari)ni tashkil etadi. Lekin qabul jarayonidagi natijalarga qarab, talabalarga bundan koʻproq miqdordagi stipendiya ham berilishi mumkin.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Nomzod istalgan davlat fuqarosi boʻlishi mumkin.
  2. Nomzodning bakalavrlik (magistratura uchun) yoki magistrlik (PhD uchun) darajasiga (diplomiga) ega yoxud bakalavriat/magistraturaning oxirgi bosqichiga oʻqiyotgan boʻlishi kerak. Shunindek, magistraturaga topshirish uchun nomzodning bakalavrlik diplomi oʻzi topshirayotgan magistrlik dasturiga mos / yaqin sohada boʻlishi lozim.
  3. Barcha darslar ingliz tilida olib boriladi. Shuning uchun nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi kerak. Nomzoddan kamida IELTS 6,0, yoki TOEFL iBT 80 yoxud TOEFL ITP 450 ball sertifikati talab qilinadi. Til sertifikatiga ega boʻlmaganlar Skoltech tomonidan olinadigan onlayn TOEFL ITP testini topshirib, sertifikatni olishi mumkin. Yoki saralashning oxirgi bosqichida boʻlib oʻtadigan Selection Weekend imtihoni davrida TOEFL ITP imtihonini topshirish mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Grant uchun alohida ariza topshirilmaydi. Tanlangan yoʻnalishga qabul qilingan barcha talabalar grantni ham qoʻlga kiritgan hisoblanadi. Magistratura uchun hujjatlar 2024-yilning 15-iyuligacha, PhD bosqichi uchun hujjatlar esa 2024-yilning 5-iyuligacha qabul qilinadi.

Magistraturaga qabul

Magistarturaga qabul quyidagicha shaklda amalga oshiriladi:

  1. Ariza topshirish. Dastlab BU YERDA onlayn ariza toʻldiriladi va quyidagi hujjatlar tizimga yuklanadi:
    – CV/rezyume.
    – Motivatsion xat (500-1000 soʻzli).
    – 2 ta tavsiyanoma.
    – Bakalavriat diplomi va diplom ilovasi. Agar bakalavriatning oxirgi bosqichida oʻqiyotgan boʻlsangiz, hozirgacha olgan baholaringizni topshirasiz.
    – IELTS kamida 6.0 yoki TOEFL iBT kamida 80 ball yoki TOEFL ITP 450. Nomzodda til sertifikati boʻlmasa, uni keyinchalik topshirishi yoki institutdagi TOEFL ITP testidan oʻtish mumkin.
  2. Onlayn test topshirish. Barcha hujjat topshirgan abituriyentlar onlayn testdan oʻtadi. Testni qanchalik yaxshi yechsangiz, keyingi bosqichga oʻtish ehtimolingiz shuncha yuqori boʻladi. Avvalgi yilgi testlardan namunalarni shu yerdan olish mumkin.
  3. Saralash bosqichi. Test bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtganlar Skoltech universitetiga (Moskvaga) saralash bosqichiga (Selection Weekend). Bunda suhbat hamda ingliz tilidan testi (TOEFL ITP) topshiriladi. Agar nomzod IELTS yoki TOEFL taqdim etgan boʻlsa yoki saralash bosqichigacha taqdim etsa, TOEFL ITP testini topshirmaydi. Saralash bosqichida ayrim dasturlar uchun yozma imtihon topshirish ham talab etilishi mumkin (shunday boʻlsa, oldindan ogohlantirilasiz).

Magistraturaga hujjat topshirishdan avval batafsil: yoʻriqnoma bilan tanshing.

PhD (aspirantura) bosqichiga qabul

PhD bosqichiga qabul quyidagicha amalga oshiriladi:

  1. Ariza topshirish. Dastlab onlayn ariza toʻldiriladi va quyidagi hujjatlar tizimga yuklanadi:
    – Motivatsion xat.
    – CV/rezyume.
    – 2 ta tavsiyanoma.
    – IELTS kamida 6,0 yoki TOEFL iBT kamida 80 ball TOEFL ITP 450. Nomzodda til sertifikati boʻlmasa, uni keyinchalik topshirishi yoki institutdagi TOEFL ITP testidan oʻtish mumkin.
    – Nomzod oʻqigan bosqichlarning diplomlari va ilovalari (ingliz tiliga tarjimalari bilan birga).
    – Ariza topshirish jarayonida tanlangan soha boʻyicha ilmiy rahbar koʻrsatilishi kerak. Ilmiy rahbarlar haqida ma’lumot PhD kurslarning sahifalarida mavjud (onlayn ariza topshirish jarayonida chiqadi). Tanlagan ilmiy rahbaringiz bilan email orqali bogʻlanishingiz kerak.
  2. Saralash bosqichi. Bu bosqichda nomzodlar suhbatdan oʻtadi. Til sertifkati yoʻqlar ingliz tilidan testidan ham oʻtadi.

Aspitanturaga hujjat topshirishdan avval batafsil yoʻriqnoma bilan tanshing.

Hujjat topshirish bepul. Magistratura uchun ham, PhD uchun ham topshiriladigan barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi zarur. Ingliz tilida boʻlmagan hujjatlar notarial tasdiqlangan tarjimasi bilan yuklanishi kerak. Ariza topshirish jarayoni haqida batafsil shu yerda bilib oling.

Koʻp beriladigan savollar va ularga javoblar bilan SHU YERDA tanishing.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin rasmiy saytdagi tegishli maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing:

Savollar yuzasidan admissions@skoltech.ru elektron pochta manziliga murojaat qilishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!