×

Taiwan International Internship Program: Tayvanda haq toʻlanadigan amaliyot!


Grant

MUHLAT

28.02.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Tayvan

O'QILGAN

4066 marta

Taiwan International Internship dasturi Tayvanda chet ellik talabalar uchun doktorlikdan oldingi intensiv tadqiqot dasturi boʻlib, ishtirokchilar Academia Sinica va boshqa hamkor universitetlarda turli amaliy mashgʻulot olib borish hamda ilmiy tajribalar oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi. Dasturga 2009-yilda asos solingan boʻlib, asosiy maqsadi amaliyotchilarni kelajakdagi tadqiqot ishlari yoki karyerasi rivoji uchun muhim bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlashga qaratilgan.

Dastur doirasida tabiiy fanlar, matematika, fizikadan, sunʼiy intellekt, gumanitar va ijtimoiy fanlar, kimyo, biologiya va boshqa sohalarda amaliyot oʻtash mumkin. Mavjud sohalar bilan BU YERDA tanishing (2-bet).

Amaliyot 2 oy davom etadi:

  • 1-mavsum: 1 may — 30 iyun.
  • 2-mavsum: 1-iyun — 31-iyul.
  • 3-mavsum: 1-iyul — 31-avgust.

Amaliyot ingliz tilida oʻtaladi.

Grant kimlar uchun?

Bakalarviatning oxirgi bosqich talabalari, magistratura talabalari hamda bakalavr yoki magistr diplomiga ega boʻlganlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dastur manfaatli jihatlari quyidagicha:

  • Oyiga NDT 30000 (taxminan 1000 AQSH dollari) stipendiya beriladi.
  • Amaliyotchining tugʻilgan shahridan Taypeygacha eng arzon yoʻnalishdagi ekonom klass aviachipta xarajatlari qoplab beriladi. Bunda maksimum 500 AQSH dollargacha pul ajratiladi.
  • Amaliyotchilar uchun talabalar kampusida hamyonbop turar joy tashkil qilinadi. Kampusdagi sharoitlar haqida BU YERDA batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Dastur davomida ilmiy va amaliy taʼlim olish hamda xitoy tilini bepul oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi.

Talablar:

Dasturda qatnasha oladi:

  • Bakalavr oxirgi kurs talabalari.
  • Magistraturada oʻqiyotgan talabalar.
  • Bakalavr yoki magistr diplomiga ega nomzodlar

Quyidagi nomzodlar dasturga topshira olmaydi:

  • Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilayotgan talabalar.
  • Ushbu dasturda ilgari qatnashgan talabalar.
  • Academia Sinicaʼdagi hozirda ishlayotgan xodimlar yoki tadqiqotchilar.

Shuningdek, nomzodlaran ingliz tilini yetarli darajada bilish talab etiladi. IELTS, TOEFL va shu kabi til sertifikatlarini topshirish majburiy emas, lekin topshirish tavsiya etiladi. Bunday xalqaro testlarda yuqori ballga ega boʻlish qabul qilinish ehtimoliga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Dasturda qatnashish uchun nomzodlar BU YERDAN roʻyxatdan oʻtib, oʻz shaxsiy hisobini yaratishlari va ariza shaklini toʻldirishlari kerak. Arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2024- yil 28-fevral 20:59 ga qadar qabul qilinadi.

Ariza topshirish davomida kerakli hujjatlar:

  • CV.
  • Statement of Purpose, yaʼni dasturda nega qatnashmoqchiligi, dasturdan nimalar kutayotgani, kelajakdagi aniq reja va maqsadlari aks etgan xat.
  • 2 ta tavsiyanoma. Tavsiyanomalar ilmiy oʻqituvchilar tomonidan ariza topshirish portalida onlayn toʻldirilishi shart. Bunda nomzod ariza topshirish jarayonida portalga tavsiya beruvchi haqida maʼlumotni kiritishi bilan ularga xabar bu haqida xabar boradi hamda tavsiyanomani taqdim etish imkoniyati beriladi. Tavsiyanomalar ariza topshirish soʻnggi kuniga qadar topshirilgan boʻlishi kerak. Tavsiyanomaning original nusxasi, yaʼni qogʻoz varianti talab etilmaydi.
  • Akademik transkript. Bunda nomzod universiteti muhri va imzosi tushirilgan transkriptning original nusxasi yoki Taʼlim Vazirligi tomonidan notarial tasdiqlangan nusxasi onlayn tarzda taqdim etilishi kerak. Notarial tasdiqlanmagan transkript nusxalari qabul qilinmaydi.
  • Qoʻshimcha hujjatlar. Ilmiy ishlar, maqola, publikatsiyalar, turli yutuq va sertifikatlar, til bilish sertifikatlari (ingliz tili ona tili boʻlmagan nomzodlar uchun kuchli tavsiya etiladi) qoʻshimcha hujjat sifatida yuklanishi mumkin. Ularning umumiy hajmi 5 sahifadan oshmagan boʻlishi shart.
  • Ariza topshirishda BU YERDAN oʻzingizga kerakli yoʻnalishingizga mos boʻlgan mentorlardan 3 tasini tanlashingiz kerak. Mentor tanlash va ariza topshirish boʻyicha batafsil maʼlumot BU YERDA.

Arizalar natijasi 2024-yil aprel oyi boshlarida dastur rasmiy saytida eʼlon qilinadi. Dasturga qabul qilingan nomzodlar email orqali xabardor qilinadi hamda ularga viza jarayonida yordam boʻlishi uchun qabul xati yuboriladi.

Muhim eslatmalar:

  • Qabul qilingan nomzodlar dastur boshlanishi bilan 10 kun ichida Tayvanga yetib borishi shart.
  • Dastur tashkilotchilari amaliyotchini belgilangan manzilga, yaʼni amaliyot oʻtash uchun Academia Sinica yoki tegishli universitet binosiga olib borish xizmatini oʻz zimmasiga olmaydi, lekin qanday yetib borish, transportdan foydalanish haqida maʼlumot beriladi.
  • Tashkilotchilar ariza topshirishda nomzod tomonidan yuborilgan hech bir hujjatni qaytarib oʻziga yubormaydi, shu sababli iltimos, tashkilotchilarga hech qanday original hujjat yubormang.
  • Dasturga bir vaqtning oʻzida bir martadan koʻp ariza yuborganlar hamda dastur talablariga javob bermagan nomzodlar ishlari koʻrib chiqilmaydi.
  • Qabul qilingan nomzod Tayvanda oʻqiyotgan xorijiy talaba boʻlsa ham, xalqaro safar xarajatlari uchun pul ajratilmaydi.

ESLATMA: ariza topshirishdan avval rasmiy eʼlon hamda ariza topshirish yoʻriqnomasi bilan batafsil tanishib chiqing.

Dastur boʻyicha eng koʻp soʻralgan savollarga javoblar bilan BU YERDA tanishing.

Qoʻshimcha savol va murojaatlar uchun:tiip@gate.sinica.edu.tw 

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!