Fransiyada joylashgan Ecole Nationale Supérieure d’Architecture de Grenoble (ENSAG), Grenoble INP, Institute of Engineering and Management, Sciences Po Grenoble va Université Grenoble Alpes (UGA) universitetlari magistratura kurslarida o’qish uchun beriladigan The Initiative d’excellence (IDEX) grantlariga arizalar qabul qilinmoqda. Grantlar shu universitetlar magistratura kurslariga ariza topshirgan nomzodlarga akademik yutuqlari va moliyaviy holati asosida belgilanadi.
Grant kimlar uchun?
Magistratura kursida o’qishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
IDEX granti berilgan nomzodga yiliga 8 000 yevro grant beriladi. Agar o’qish vaqtida barcha xarajatlari qoplanadigan amaliyot bo’lsa, grant 5 000 yevro etib belgilanadi.
Kontrakt to’lovi miqdori yuqorida keltirilgan universitet rasmiy veb-saytlarida ko’rsatilgan.
Talablar:
IDEX granti Fransiyadagi 5 universitetdagi magistratura kurslarida o’qish uchun beriladi, ularda esa qabul talablari bir-biridan farq qiladi. Fransiya oliy ta’lim muassasalariga qabul uchun umumiy talablarni keltirib o’tamiz:
- Nomzod bakalavr diplomiga ega bo’lishi kerak. Grant yutish uchun baholari yuqori bo’lishi zarur.
- Nomzod ingliz yoki fransuz tilini yaxshi bilishi kerak. Odatda, ingliz yoki fransuz tili testi sertifikati talab etiladi. Qabul uchun qaysi testdan necha ball talab etilishi universitet rasmiy veb saytida ko’rsatilgan bo’ladi. Qaysi tildan sertifikat topshirish tanlangan kurs qaysi tilda o’qitilishiga bog’liq.
- Nomzod o’qigan bakalavr kursi yo’nalishi va hujjat topshirayotgan magistratura kursi yo’nalishi bir-biriga qanchalik yaqin bo’lishi zarurligi tanlangan magistratura kursi talablaridan kelib chiqib belgilanadi. Ba’zi kurslarga qabul uchun aynan o’sha sohada bakalavr diplomi talab qilinadi, ba’zi kurslarga istalgan sohada bakalavr yo’nalishi diplom bilan hujjat topshirish mumkin.
O’zingiz tanlagan kurs uchun qabul talablari bilan o’sha kurs rasmiy sahifasida batafsil tanishib chiqing.
Dasturga qabul jarayoni:
IDEX grant loyihasi 2021-yil 21-iyulgacha amal qiladi. Shu vaqtgacha o’zi tanlagan universitetga hujjat topshirgan nomzodlarning arizasi shu grant uchun ham ko’rib chiqiladi.
Grantga alohida ariza topshirilmaydi. Grantlar hujjat topshirilgan universitet va fakultet tomonidan belgilanadi. Buning uchun nomzod tanlangan universitet magistratura kurslaridan biriga hujjat topshirishi kerak. Qabul qilingan nomzodlar orasidan eng munosiblariga grant belgilanadi. Grant va qabul natijalari bir vaqtda e’lon qilinadi.
Magistraturaga ariza berish uchun avvaliga grant amal qiluvchi quyidagi universitetlardan birini yoki bir nechtasini tanlang:
- https://www.grenoble.archi.fr/
- https://www.grenoble-inp.fr/
- https://www.grenoble-inp.fr/en/academics/coming-to-grenoble-inp
- http://www.sciencespo-grenoble.fr/
- https://www.univ-grenoble-alpes.fr/.
Tanlangan universitetda mavjud magistratura kurslari ro’yxati bilan tanishib chiqing. O’zingizni qiziqtirgan kurs tanlab, ariza topshiring. Magistratura kurslariga ariza topshirish muhlati tanlangan universitetlarga qarab turlicha bo’ladi. O’zingiz tanlagan magistratura kursiga hujjat topshirish jarayoni bilan yaxshilab tanishib chiqing.