×

Lucerne Summer University: Magistratura talabalari uchun Shveytsariyada 1 haftalik yozgi maktab; barcha xarajatlar qoplanadi!


Grant

MUHLAT

30.12.2024

QOLGAN VAQT

26 kun

HUDUD

Shveytsariya

O'QILGAN

3639 marta

2018-yildan beri, Shveytsariya joylashgan Lucerne universiteti har yili UNESCO homiyligida “The Lucerne Summer University: Ethics in a Global Context LSUE (Lucerne yozgi universitet: LSUE global kontekstda etika)” nomli yozgi maktab tashkillashtirib keladi. Ushbu dasturda butun dunyodan boʻlgan magistratura talabalari qatnashishi mumkin. Navbatdagi yozgi maktab 2025-yil 23-28-may kunlari boʻlib oʻtadi.

Yozgi maktab akademik sohasi, madaniyati va mintaqasidan qatʼi nazar, talabalarga bugun va ertaning etik savollarini taddiq qilish imkonini beradi.

Jumladan, quyidagi savollar yozgi maktabning asosini tashkil etadi:

  • Atrof-muhit muhofazasi uchun kim masʼul?
  • Global notenglik va qashshoqlikka qarshi nimalar qilish mumkin?
  • Global adolat qay tarzda mahalliy anʼanalar, madaniy xilma-xillik va diniy qadriyatlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin?
  • Inson huquqlari qanday qilib umuminsoniy meʼyorlar sifatida axloqiy jihatdan oqlanishi mumkin?
  • Raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektdan foydalanishning oʻsishi oqibatida qanday axloqiy imkoniyat va xatarlar kelib chiqishi mumkin?

Dastur davomida ishtirokchilar axloqiy dilemmalar va qiyinchiliklar bilan qanday qilib ishlashni oʻrgana olishi uchun etikada (axloqiy masalalarda) ishlatiladigan maxsus metod hamda vositalar oʻrgatiladi, ularda etik koʻnikmalar shakllantirishga yordam beriladi, oʻzaro tajriba va bilim almashiladi.

Ushbu dasturning mohiyati va maqsadi bilan BU YERDA batafsilroq tanishishingiz mumkin.

Dasturga jami 20 nafar ishtirokchi saralab olinadi. Mashgʻulotlar toʻliq ingliz tilida olib boriladi.

Grant kimlar uchun?

Magistratura talabalari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dastur quyidagi moddiy imtiyozlarni taklif etadi:

  • Dasturda qatnashish mutlaqo bepul.
  • Ishtirokchining iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, toʻliq moʼliyaviy yordam ajratiladi, yaʼni safar (Shveytsariya borish va kelish), turar joy va oziq-ovqat xarajatlari toʻliq qoplanadi.

Toʻliq moliyaviy yordam olmoqchi boʻlgan nomzodlar buni arizada koʻrsatib oʻtishi va moliyaviy yordam nega kerakligini qisqacha izohlashi kerak.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Istalgan davlat fuqarosi ariza topshirishi mumkin.
  • Faqat magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar ariza topshira oladi.
  • Istalgan soha boʻyichda tahsil olayotgan magistratura talabasi ariza topshirishi mumkin.
  • Ingliz tilini yaxshi bilish kerak.
  • Dastur oxirida 10-12 betli yakuniy ishlanma (final paper) yozib topshirilishi kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar onlayn shaklda 2024-yil 30-dekabrgacha qabul qilinadi. Arizani BU YERDA toʻldirish va topshirish mumkin.

Arizani toʻldirish vaqtida shaxsiy maʼlumotlarni kiritishdan tashqari quyidagi hujjatlarni taqdim etish kerak:

  • CV (bir bet).
  • Ikki nafar professor-oʻqituvchidan tavsiyanoma (har biri bir betdan).
  • Motivatsiya xati (maksimal 500 soʻz).
  • Loyiha taklifining qisqa bayoni. Bu bevosita onlayn ariza shakliga yoziladi. Bunda nomzod oʻz konteksti va/yoki ilmiy ishiga ijobiy taʼsirga erishish maqsadida axloqiy bilim va koʻnikmalardan foydalanish rejasini qisqacha taʼriflashi kerak. Bunda nomzod oʻz kontekstida axloqiy chellenjni (muammoni) keltiradi va uni tavsiflaydi. Ariza shaklida aniq savollar berilgan, shu savollarga javob beriladi. Loyiha taklifining qisqacha bayoni haqida BU YERDA qisqa tushuntirish berilgan (“Project Outline” boʻlimiga qarang).

MUHIM: Ariza topshirishdan oldin ushbu dastur haqidagi rasmiy maʼlumot bilan batafsil tanishib chiqing.

Savollar yuzasida quyidagi email manziliga murojaat qilishingiz mumkin: lsue@unilu.ch.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!