×

University of Helsinki: magistraturada oʻqish uchun toʻliq grant va stipendiya!


Grant

MUHLAT

03.01.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Finlandiya

O'QILGAN

23791 marta

Finlandiyada joylashgan Helsinki universiteti magistraturada oʻqishni xohlovchi xorijiy talabalar uchun bir nechta grant dasturlarini taklif etadi. Mazkur grantlar universitetdagi istalgan magistrlik dasturi uchun taqdim etiladi.

Universitetda tibbiyot, huquqshunoslik, taʼlim, biologiya, farmatsevtika va boshqa koʻplab yoʻnalishlar mavjud. Magistratura yoʻnalishlari bilan BU YERDA toʻliq tanishishingiz mumkin.

Maʼlumot uchun: Helsinki universiteti nihoyatda nufuzli universitet hisoblanadi. Jumladan, mazkur universitet 2021-yil iyun oyi holatiga koʻra, dunyoning eng nufuzli oliygohlari roʻyxatida 101-oʻrinni egallab turibdi (THE reytingi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Magistraturada oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Nomzodlar koʻrsatkichlariga qaran ikki xil grant bilan taqdirlanishi mumkin:

  1. Toʻliq moliyalashtiriladigan grant (Finland Scholarship programme): bunda talaba kontrakt toʻlovidan butunlay ozod qilinadi hamda yiliga 5 ming yevro mablagʻ bilan taqdirlanadi.
  2. Kontrakt summasini toʻliq qoplovchi grant: bunda talaba tanlangan kurs uchun kontrakt summasini toʻlashdan 50% dan 100% gacha ozod qilinadi.

Universitetdagi magistratura kurslarining konrakt summalari yiliga 13 ming yevrodan 18 ming yevrogacha.

Talablar:

Grantni qoʻlga kiritish uchun nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • Helsinki universitetidagi oʻzi tanlagan yoʻnalishning qabul talablariga mos boʻlishi kerak. Bu talablar bilan BU YERDA kerakli magistratura kursini tanlash orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
  • Nomzod Yevropa Ittifoqi yoki Yevropa iqtisodiy hududi tarkibiga kiruvchi davlatning fuqarosi yoki doimiy rezidenti boʻlmasligi kerak.
  • Finlandiyaga kirish vizasi va yashash ruxsati olish talablariga mos boʻlishi kerak.
  • Oldingi bosqichlardagi oʻqishida aʼlo koʻrsatkichlarga ega boʻlishi va bu ariza topshirish jarayonidagi taqdim etiladigan hujjatlarda oʻz isbotini topishi kerak.
  • Shuningdek, nomzod tanlangan magistratura kursining til talabiga javob berishi kerak. Aksariyat kurslar uchun IELTS 6.5 (hech bir boʻlim 6 dan past boʻlmagan holda) yoki shunga teng boshqa xalqaro daraja talab etiladi.

Dasturga qabul jarayoni:

Mazkur grantlar har yilgi qabulda eng munosib nomzodlarga taqdim etiladi. Hozirda 2023-yilda oʻqishni boshlash uchun qabul tugagan. 2024-yil kuzgi semestrdan oʻqishni boshlash uchun qabul 2023-yilning 1-dekabrida boshlanib, 2024-yilning 3-yanvarigacha davom etadi. Ungacha nomzodlarga oʻzlariga mos magistrlik kursi talablarini yaxshilab oʻrganib chiqish, hujjatlarni tayyorlab qoʻyish va boshqa zaruriy harakatlarni ertaroq bajarish tavsiya etiladi.

Grantga ariza topshirish jarayoni quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

  1. Dastlab, BU YERDAN oʻzingizga mos boʻlgan magistrlik kursini tanlashingiz kerak.
  2. Tanlangan magistrlik kursi sahifasidan qanday qilib ariza topshirish haqidagi koʻrsatmalarni oʻqib chiqib, kerakli hujjatlarni tayyorlash kerak.
  3. Magistratura va grantga ariza topshirish kerak. Grantga arizalar ham magistraturaning onlayn ariza shakli ichida birga topshiriladi. Ariza shaklida nomzod qaysi grant(lar)ga topshirishni oʻzi tanlaydi.
  4. Barcha kerakli hujjatlarni topshirish lozim.

Saralash jarayoni

Yangi qabul qilinayotgan talabalarga grantlar ularning umumiy akademik koʻrsatkichlari asosida taqdim etiladi: oldingi bosqichdagi oʻzlashtirish darajasi, motivatsiya insholari, topshirilgan grant arizasida keltirilgan asoslar va boshqalar hisobga olinadi.

Saralash jarayoni quyidagicha boʻladi:

  1. Tanlangan magistrlik dasturi masʼullari topshirilgan arizalarni akademik jihatdan baholaydi.
  2. Soʻng Grant qoʻmitasiga munosib nomzodlarni grant berilishi uchun tavsiya qiladi.
  3. Grant qoʻmitasi kimlarga grant ajratilishi haqida yakuniy qarorni qabul qiladi.

Grant ajratilsa, sizga qabul xati yuboriladi va unda grant haqidagi maʼlumotlar ham keltiriladi. Taʼkidlash joizki, mazkur grantlarga raqobat ancha kuchli.

MUHIM: Harakatni boshlashdan oldin rasmiy manba bilan batafsil tanishib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!