×

University of Twente: Gollandiyada magistraturani oʻqish uchun toʻliq va qisman grantlar!


Grant

MUHLAT

01.05.2024

QOLGAN VAQT

15 kun

HUDUD

Gollandiya

O'QILGAN

10743 marta

Gollandiyaning Enshed shahrida joylashgan Twente universiteti magistraturada oʻqishni xohlovchi nomzodlarga University Twente Scholarship (UTS) grantlarini taklif etadi. Grantlar Twente universitetidagi deyarli barcha magistratura dasturlari uchun ajratiladi. Ushbu grant dasturidan maqsad iqtidorli talabalarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashdir.

Mazkur grantlar quyidagi dasturlar uchun ajratilmaydi:

  • Geo-Information Science and Earth Observation fakultetidagi magistrlik dasurlari.
  • Magistraturaga tayyorlov dasturlari.
  • Shuningdek, magistraturaga tayyorlov dasturini bitirib, Twente universitetidagi magistrlik dasturlariga ariza topshirayotganlar ham ushbu grantni qoʻlga kirita olmaydi.

Yuqoridagilardan tashqari Twente universitetidagi barcha magistrlik kurslari uchun UTS grantini qoʻlga kiritish mumkin. Grantlar 2024-yil kuzgi semestrdan oʻqishni boshlash uchun taqdim etiladi. Bu safargi qabulda jami 50 nafar talabaga UTS granti ajratish rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun: Twente universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2022-yil oktabr oyi holatiga koʻra, ushbu universitetdan dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 210-oʻrinni egallab turibdi (QS reytingi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Magistratura bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Ushbu dastur doirasida grant yutib olgan talabalarga 1 yil uchun 3000 yevrodan 22 000 yevrogacha mablagʻ ajratiladi.

Universitetda 1 yillik va 2 yillik magistratura dasturlari mavjud. 2 yillik magistratura dasturiga kirgan talaba UTS grantini yutib olsa, keyingi yil ham xuddi shu summadagi granti olishi uchun quyidagi talablarni bajarishi kerak:

  • 1-oʻquv yilining 3-choragi yakunda oʻrtacha bahosi (GPA) 7 kamida 7 boʻlishi kerak (10 lik tizimda).
  • 1-oʻquv yilining 3-choragi yakunda Yevropa kreditlarining kamida 50 foizini olib boʻlgan boʻlishi kerak (oʻtilgan fanlar uchun kredit beriladi).

Grant mablagʻi kontrakt summasiga chegirma sifatida berilmaydi, balki bevosita talabaga taqdim etiladi, talaba oʻzi bu pulni nimaga va qanday ishlatishni hal qiladi.

Twente universitetida magistratura bosqichi uchun to’lov-kontrakt summalari qabul vaqtiga va yoʻnalishiga qarab, 1 yil uchun 12 750 yevrodan 16 750 yevrogacha. Toʻlov-kontrakt summalar haqida ma’lumot bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.

Talablar:

Grant yutib olish uchun nomzodlar quyidagi talablarga mos bo’lishi lozim: 

  • UTS grantiga ariza topshirish magistrlik kursiga ariza topshirishdan alohida jarayon. Shu sababli, tegishli magistrlik kurslaridan biriga ariza topshirib, 2024-yil sentabrdan boshlanadigan oʻqishga qabul qilinish va qabul xatini olish lozim. Magistrlik kursiga ariza topshirilganda natija haqidagi xabarni olguningizgacha 8 haftagacha vaqt ketishi mumkin. Qaysi magistrlik dasturlariga grant berilishi bilan BU YERDA tanishing (“Masterʻs programmes” boʻlimi).
  • Talaba raqamiga (student number) ega boʻlish kerak (magistrlik dasturiga ariza topshirish uchun Studielink hisobi ochilganda bu raqam beriladi).
  • Bkalavriatni Twente universitetida oʻqimagan boʻlish lozim.
  • Gollandiyaga kirish vizasini olish talablariga javob berish lozim.
  • Ingliz tilini yetarli darajada bilish lozim. Kamida IELTS 6.5 (speaking boʻlimida kamida 6.0) sertifikatga ega boʻlish talab etiladi.
  • Dutch study loan (Oʻqish uchun Gollandiya hukumati kreditini) olish huquqiga ega boʻlmaslik lozim (Oʻzbekistonliklar bunday huquqqa ega emas);
  • UTS nomzodning iqtidori, oʻzlashtirish darajasi asosida ajratiladi. Bu esa odatda nomzod bakalavriatdagi kursida eng yaxshi 5-10% talaba safiga kirishi / kirgan boʻlishi kerakligini anglatadi.

Dasturga qabul jarayoni:

Grantlar 2024-yil sentabrdan boshlanadigan tegishli magistrlik kurslari uchun beriladi. Grantga ariza topshirish uchun 2 ta qabul muddati mavjud:

  • Birinchisi: 2023-yil 15-oktabrdan 2024-yil 1-fevralgacha qabul qilinadi.
  • Ikkinchisi: 2024-yilning 1-fevralidan 1-mayigacha qabul qilinadi.

Agar birinchi qabul muddatida ariza topshirsangiz va UTS granti berilmasa, 2-qabul muddatida ushbu grantga ariza topshira olmaysiz (1-qabulda UTS grantiga ariza topshirmaganlar 2-qabulda topshira oladi).

Avval magistratura dasturlaridan biriga ariza topshirib, qabul xatini olish lozim. Magistraturaga arizani topshirganingizdan soʻng (Submit) qabul javobi chiqqunicha 8 haftagacha vaqt ketishi mumkin. Grantga ariza topshirmoqchi boʻlganlar ushbu muhlatni hisobga olishi kerak. 2024-yil sentabrda boshlanadigan magistratura kurslariga qabul 2024-yil 1-maygacha davom etadi.

Magistraturaga qabul xatini olganingizdan keyin BU YERDA grantga ariza topshirish kerak boʻladi. Grantga ariza topshirishda talaba raqami kerak boʻladi. Bu raqam magistraturaga ariza topshirish uchun ochgan Studielink hisobingiz yoki tasdiq emailidan topasiz.

Magistraturaga hujjat topshirish jarayoni, kerakli hujjatlar va qabul bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlarni BU YERDAN topasiz.

Eslatma: Twente universiteti magistratura dasturlariga ariza topshira olish uchun oʻzbekistonlik nomzodlarning bakalavriatdagi oʻrtacha bahosi 100 lik tizimda kamida 80 boʻlishi lozim. Bakalavriatning 4-kursida oʻqiyotganlar ham magistrlik dasturi va UTS grantiga ariza topshira oladi.

MUHIM: Grantga ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlonni batafsil oʻqib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!