Yaponiyada joylashgan Tokiyo Universiteti Graduate School of Frontier Sciences fakultetining UTSIP Kashiwa bakalavr tadqiqot dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Dastur hozirda bakalavr bosqichida tahsil olayotgan va kelajakda magistratura bosqichida turli sohalarda tadqiqot olib borishni rejalashtirayotgan talabalarga 6 haftalik namuna tadqiqot imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu dastur amaliyot dasturi hisoblanib, amaliyotga qabul qilingan talabalar o’zlari tanlagan labaratoriyada ularga biriktirilgan mutaxassislar ko’magida muhim mavzularda tadqiqot olib boradilar yoki Universitetda hozirda olib borilayotgan tadqiqotlarga qo’shiladilar.
UTSIP Kashiwa amaliyot-tadqiqot dasturi ikki mavsumdan iborat – A mavsum 2019-yil 3-iyundan 12-iyulgacha, B mavsum 2019-yil 24-iyundan 2-avgustgacha davom etadi. Dasturda quyidagi yo’nalishlarda tadqiqot qilinadi:
- Biologiya
- Kimyo
- Atrof-muhit fanlari (Environmental Studies)
- Axborot Texnologiyalari
- Xalqaro fanlar (International Studies)
- Material Fanlar
- Oliy Energetika (Advanced Energy)
- Okean fanlari
- Fizika
- Barqarorlik fanlari (Sustainability Science Studies)
Har bir mavsumda yuqoridagi mavzularda labaratoriyalar bo’ladi, lekin labaratoriyalarning tadqiqot mavzulari bir xil bo’lsa ham, A va B mavsumlarga boshqa-boshqa labaratoriyalar biriktiriladi. 2019-yilgi dasturga 35 nafar talaba qabul qilinadi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavr bosqichi talabalari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
UTSIP Kashiwa dasturi uchun to’lov 50000 yenani tashkil qiladi (taxminan 455 AQSh dollari). Lekin dastur uchun grant ham bor, bu grant miqdori 110000 yena (taxminan 1000 AQSh dollari). Dastur uchun boshqa moddiy ko’mak berilmaydi, lekin nomzod qo’shimcha tarzda boshqa grantlarga ariza berib xarajatlarini yengillashtirishi mumkin. batafsil
Dastur vaqtida qatnashchilar yotoqxonada yashashadi.
Talablar:
Dasturga quyidagi talablarga eng mos nomzodlar qabul qilinadi:
- Nomzod hozirda oliy ta’lim muassasasi bakalavr bosqichida o’qiyotgan bo’lishi kerak. Nomzod amaliyotdan qaytganda ham o’qishini davom ettirishi zarur. Amaliyot vaqtida o’qishni bitirayotgan nozmodlar dasturga qabul qilinmaydi.
- Nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi zarur.
- Nomzod tadqiqot uchun tanlagan yo’nalish yoki mavzusi bo’yicha yetarli bilimga ega bo’lishi kerak.
- Nomzod Yaponiyada magistratura kursida o’qish niyatida bo’lishi kerak.
- Nomzod UTSIP Kashiwa dasturi (6 hafta) davomida Yaponiyada yashashi kerak bo’ladi, uning bunga imkoniyati bo’lishi zarur.
- Nomzod Yaponiyaga viza olish imkoniga ega bo’lishi kerak.
Dasturga qabul jarayoni:
Dasturga ariza berish uchun avvaliga onlayn ariza berish kerak. Ariza berilgach nomzodga UTSIP Kashiwa dasturiga hujjat topshirishni davom ettirish va kerakli hujjatlarni tizimga yuklash uchun mahsus akkaunt ochiladi va uning elektron manziliga parol va username jo’natiladi. Nomzod shu ma’lumotlar orqali o’z akkauntiga kirib, quyidagi hujjatlarni PDF yoki JPEG formatida yuklashi kerak bo’ladi:
- Passport nusxasi
- CV
- Baholar
- Biriktirilgan xat (cover letter)
- Tavsiyanoma (lar)
- Fotosurat
- IELTS, TOEFL kabi test natijalari (yoki nomzod ingliz tili davlat tili hisoblangan davlatda yashashi yoki o’qishini tasdiqlovchi hujjat)
- Talabalikni tasdiqlovchi ma’lumotnoma
Ariza barcha hujjatlar yuklangandan keyingina to’liq hisoblanadi. To’liq arizalar 2019-yil 31-yanvarga qadar qabul qilinadi. Hujjat topshirishning so’nggi kunlarida tizimga ancha bosim bo’ladi (unda nosozliklar paydo bo’lishi ehtimoli ham yo’q emas), shuning uchun arizalar imkoni boricha erta topshirilishi tavsiya etiladi. Natijalar 26-fevral va 1-mart oralig’ida e’lon qilinadi.
Hujjat topshirish jarayoni haqida batafsil
Ma’lumot uchun savol-javoblar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.