Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston biznes yetakchilari (Uzbekistan Business Leaders) dasturi 27-50 yoshli oʻzbekistonlik biznes yetakchilari uchun moʻljallangan biznes va yetakchilikka oid mashgʻulotlardan iborat 5 haftalik dastur boʻlib, AQSHda oʻtkaziladi.
Dastur keng qamrovli iqtisodiy va geografik sohalar vakili boʻlgan yosh biznes yetakchilari va tadbirkorlarni innovatsiyaning yangi shakllarini shaklantirish, yetakchilik sifatini kuchaytirish, Oʻzbekiston va AQSHda xususiy sektor iqtisodiyotining oʻsishini ragʻbatlantirish, AQSHning kichik va oʻrta hajmdagi tadbirkorlik tashkilotlariga oʻz biznesini xalqaro miqyosda kengaytirishga yordam berish hamda AQSh va Oʻzbekiston biznesi va hamjamiyatlari orasidagi samarador aloqalarni shakllantirish uchun zarur boʻlgantajriba, koʻnikma, motivatsiya bilan taʼminlaydi.
Dastur tarkibi quyidagilardan iborat:
- AQSHda 3 haftalik ish joyidagi kasbiy tajriba.
- Samarali muloqot, muzokara va ishontirish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha seminarlar.
- AQSH tadbirkorlik subyekti bilan birga oʻzaro moslashtirilgan loyiha ishlab chiqish imkoniyati.
- Chuqurlashtirilgan mentorlik dasturi.
Ishtirokchilar AQSHlik mezbon oilalarga joylashtiriladi. Biror sababga koʻra, mezbon oilaga joylashtirishning imkoni boʻlmasa, mehmonxona yoki kvartira tashkillashtirib beriladi.
Ishtirokchilar AQSHda quyidagi tashkilotlardan birida tajriba toʻplash uchun joylashtiriladi:
- Kichik tadbirkorlik subyekti
- Oʻrta tadbirkorlik subyekti
- Katta kompaniya
- Universitet
- Notijorat tashkilot
- Hukumat organi
- Startap akseleratori
Grant kimlar uchun?
Kamida 2 yillik tajribaga ega biznes, tadbirkorlik, ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsiyalar, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish va texnologiya sohasi vakillari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilinganlar quyidagi iqtisodiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- AQSHga borish va kelish xarajatlari qoplanadi.
- Viza xarajatlari qoplanadi.
- Turar joy taʼminlanadi.
- Yashash bilan bogʻliq boshqa xarajatlar qoplanadi.
Taʼkidlash joizki, barcha xarajatlar qoplab beriladi va ishtirokchilar oʻzlaridan umuman xarajat qilmaydi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Oʻzbekiston fuqarolari va rezidentlari ariza topshirishi mumkin.
- Oʻzbekistondan tashqarida yashayotgan yoki uzoq muddatli dastur orqali Oʻzbekistondan tashqarida boʻlgan nomzodlar ariza topshira olmaydi.
- Nomzod 1975-yil 2-iyul va 1999-yil 20-aprel oraligʻida tugʻilgan boʻlishi lozim.
- Ingliz tilida qiynalmasdan muloqot qila olish lozim.
- Kamida bakalavriat darajasiga ega boʻlish lozim.
- Nomzod biznes, tadbirkorlik, ijtimoiy media, ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsiyalar, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish va texnologiya sohasida kamida 5 yillik tegishli tajribasiga ega boʻlishi kerak.
- Agar nomzod bundan oldin AQSHga J-1 viza (almashinuv dasturi) orqali borgan boʻlsa, Oʻzbekistonga qaytgandan keyin kamida 2 yil davomida Oʻzbekistonda muqim yashagan boʻlishi kerak.
Dasturga qabul jarayoni:
Arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2026-yil 7-yanvar 17:00 gacha onlayn tarzda qabul qilinadi. Arizalar BU YERDA topshiriladi. Arizani toʻldirish uchun dastlab tizimda roʻyxatdan oʻtish va akkaunt yaratish lozim (Create an account).
Ariza shaklidagi maʼlumotlarni toʻldirish bilan birga quyidagi hujjatlar arizaga tizimiga yuklanishi kerak:
- Ingliz tilidagi CV yoki rezyume.
- Xorijga chiqish pasporti va ichki pasportning sifatli nusxasi. Agar xorijga chiqish pasportingiz boʻlmasa, faqat ichki pasport (ID karta) nusxasini yuklashingiz mumkin. Agar saralashda yarim finalga oʻtsangiz (semi-finalist), keyinchalik xorijga chiqish pasportini olishingiz lozim boʻladi.
- “Ishtirok etish shartlari va qoidalari”ning imzolangan nusxasi (ariza shaklidan topasiz).
- Pasport uchun olingan rasm oʻlchamidagi fotosurat.
- Boshqa qoʻshimcha materiallar (ariza shaklida koʻrsatilgan, qoʻshimcha materiallarning aksariyatini topshirish ixtiyoriy).
MUHIM: Ariza topshirishga kirishish yoki Amerika kengashlariga savol yuzasidan murojaat qilishdan oldin dasturning rasmiy veb-saytidagi maʼlumotlar va koʻp beriladigan savollarga javoblar bilan batafsil tanishib chiqing.
Savollar yuzasidan quyidagi Amerika kengashlarining kontaktlariga murojaat qilishingiz mumkin:
Email: ubl@americancouncils.org
Telefon: +988 78 150 71 50




