Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston biznes yetakchilari (Uzbekistan Business Leaders) dasturi 27-50 yoshli oʻzbekistonlik biznes yetakchilari uchun moʻljallangan biznes va yetakchilikka oid mashgʻulotlardan iborat 4 haftalik dastur boʻlib, AQSHda oʻtkaziladi.
Dastur keng qamrovli iqtisodiy va geografik sohalar vakili boʻlgan yosh biznes yetakchilari va tadbirkorlarni innovatsiyaning yangi shakllarini shaklantirish, yetakchilik sifatini kuchaytirish, Oʻzbekiston va AQSHda xususiy sektor iqtisodiyotining oʻsishini ragʻbatlantirish, AQSHning kichik va oʻrta hajmdagi tadbirkorlik tashkilotlariga oʻz biznesini xalqaro miqyosda kengaytirishga yordam berish hamda AQSh va Oʻzbekiston biznesi va hamjamiyatlari orasidagi samarador aloqalarni shakllantirish uchun zarur boʻlgantajriba, koʻnikma, motivatsiya bilan taʼminlaydi.
Dastur tarkibi quyidagilardan iborat:
- Joʻnab ketishdan oldin maʼlumot beruvchi mashgʻulot.
- AQSHda 4 haftalik ish joyidagi kasbiy tajriba.
- Samarali muloqot, muzokara va koʻndirish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha seminarlar.
- AQSH tadbirkorlik subyekti bilan birga oʻzaro moslashtirilgan loyiha ishlab chiqish imkoniyati.
- Chuqurlashtirilgan mentorlik dasturi.
Ishtirokchilar AQSHlik mezbon oilalarga joylashtiriladi. Biro sababga koʻra, mezbon oilaga joylashtirishning imkoni boʻlmasa, mehmonxona yoki kvartira tashkillashtirib beriladi.
Ishtirokchilar AQSHda quyidagi tashkilotlardan birida tajriba toʻplash uchun joylashtiriladi:
- Kichik tadbirkorlik subyekti
- Oʻrta tadbirkorlik subyekti
- Katta kompaniya
- Universitet
- Notijorat tashkilot
- Hukumat organi
- Startap akselerator
Grant kimlar uchun?
Kamida 2 yillik tajribaga ega biznes, tadbirkorlik, ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsiyalar, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish va texnologiya sohasi vakillari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilinganlar quyidagi iqtisodiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- AQSHga borish va kelish xarajatlari qoplanadi.
- Viza xarajatlari qoplanadi.
- Turar joy taʼminlanadi.
- Yashash bilan bogʻliq boshqa xarajatlar qoplanadi.
Taʼkidlash joizki, barcha xarajatlar qoplab beriladi va ishtirokchilar oʻzlaridan umuman xarajat qilmaydi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Oʻzbekiston fuqarolari va rezidentlari ariza topshirishi mumkin.
- Oʻzbekistondan tashqarida yashayotgan yoki uzoq muddatli dastur orqali Oʻzbekistondan tashqarida boʻlgan nomzodlar ariza topshira olmaydi.
- Nomzod 1974-yil 9-aprel va 1996-yil 8-noyabr oraligʻida tugʻilgan boʻlishi lozim.
- Ingliz tilini kamida “upper-intermediate” darajada bilish lozim. Barcha mashgʻulotlar ingliz tilida olib boriladi. Ariza topshirish va dasturda qatnashish uchun til sertifikati (IELTS, TOEFL va h.k.) talab etilmaydi. Biroq amal qilish muddati oʻtmagan shunday sertifikatga ega boʻlsangiz, ariza shaklida shu sertfikat borligi va uning ballini koʻrsatib oʻtishingiz mumkin.
- Kamida bakalavriat darajasiga ega boʻlish lozim.
- Nomzod biznes, tadbirkorlik, ijtimoiy tarmoqlar, ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsiyalar, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish va texnologiya sohasida kamida 5 yillik yetakchilik tajribasiga ega boʻlishi kerak.
- Agar nomzod bundan oldin AQSHga J-1 viza (almashinuv dasturi) orqali borgan boʻlsa, Oʻzbekistonga qaytgandan keyin kamida 2 yil davomida Oʻzbekistonda muqim yashagan boʻlishi kerak.
Dasturga qabul jarayoni:
Arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2024-yil 5-yanvar 23:59 gacha onlayn tarzda qabul qilinadi. Arizalar BU YERDA topshiriladi. Arizani toʻldirish uchun dastlab tizimda roʻyxatdan oʻtish va akkaunt yaratish lozim (Create an account).
Ariza shaklidagi maʼlumotlarni toʻldirish bilan birga quyidagi hujjatlar arizaga tizimiga yuklanishi kerak:
- Ingliz tilidagi CV yoki rezyume.
- Xorijga chiqish pasporti va ichki pasportning sifatli nusxasi. Agar xorijga chiqish pasportingiz boʻlmasa, faqat ichki (yashil) pasport nusxasini yuklashingiz mumkin. Agar saralashda yarim finalga oʻtsangiz (semi-finalist), keyinchalik xorijga chiqish pasportini olishingiz lozim boʻladi.
- “Ishtirok etish shartlari va qoidalari”ning imzolangan nusxasi (ariza shaklidan topasiz).
- “Amerika kengashlari maxfiylik siyosati bayonoti”ning imzolangan nusxasi (ariza shaklidan topasiz).
- Pasport uchun olingan rasm oʻlchamidagi fotosurat.
- Boshqa qoʻshimcha materiallar (ariza shaklida koʻrsatilgan, qoʻshimcha materiallarning aksariyatini topshirish ixtiyoriy).
MUHIM: Ariza topshirishga kirishish yoki Amerika kengashlariga savol yuzasidan murojaat qilishdan oldin dasturning rasmiy veb-saytidagi maʼlumotlar va koʻp beriladigan savollarga javoblar bilan batafsil tanishib chiqing.
Savollar yuzasidan quyidagi Amerika kengashlarining kontaktlariga murojaat qilishingiz mumkin:
Email: ubl@americancouncils.org
Telefon: +988 78 150 71 50