×

Xorijda tahsil olayotganlar uchun 1500 dollargacha Vatandosh stipendiyasi


Grant

MUHLAT

30.09.2026

QOLGAN VAQT

15 kun

HUDUD

O'zbekiston

O'QILGAN

175 marta

“Vatandoshlar” jamoat fondi xorijda tahsil olayotgan iqtidorli vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Vatandosh stipendiyasi” loyihasiga start berdi. Loyiha doirasida nomzodlar oʻz mutaxassisligiga oid, Oʻzbekiston uchun amaliy foyda keltiruvchi loyiha yoki MVP (Minimal Ishlaydigan Mahsulot) taqdim etishlari kerak boʻladi. Loyiha Fond mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyihaning asosiy maqsadi — xorijda tahsil olayotgan iqtidorli vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va malakalarini Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga xizmat qiladigan aniq loyihalar orqali namoyon etishga undash hamda ustuvor sohalarda amaliy ahamiyatga ega ishlanmalarni ragʻbatlantirishdan iborat.

Loyiha doirasida quyidagi 8 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha, har birida bakalavriat va magistratura darajasida bittadan, jami 16 ta stipendiya oʻrni ajratiladi (apellyatsiya natijalariga koʻra yana 4 tagacha qoʻshimcha oʻrin taqsimlanishi mumkin, jami — 20 tagacha):

  1. Axborot texnologiyalari va raqamli innovatsiyalar
  2. Ekologiya va atrof-muhit
  3. Tibbiyot va sogʻliqni saqlash
  4. Muhandislik, sanoat va energetika texnologiyalari
  5. Qishloq xoʻjaligi va biotexnologiya
  6. Moliya, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi
  7. Davlat boshqaruvi, huquq va xalqaro munosabatlar
  8. Taʼlim, ijtimoiy-gumanitar va madaniyat sohalari

Har bir yoʻnalish bir nechta aniq mutaxassislikni oʻz ichiga oladi; nomzod shu sohalardan biri boʻyicha tahsil olayotgan boʻlishi kifoya. Yoʻnalishlar roʻyxati Fond boshqaruvi qarori bilan har oʻquv yili boshida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Grant kimlar uchun?

Xorijda tahsil olayotgan bakalavriat va magistratura talabalari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Stipendiya bir martalik (yagona) grant sifatida tayinlanadi va quyidagi miqdorda belgilangan:

  • Bakalavriat bosqichi gʻoliblari uchun — 1000 AQSH dollari.
  • Magistratura bosqichi gʻoliblari uchun — 1500 AQSH dollari.

Stipendiya milliy valyutada (soʻmda), toʻlov kunidagi Markaziy bank rasmiy kursi boʻyicha hisoblanib, stipendiatning shaxsiy bank kartasiga oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, stipendiatlar Fond tomonidan tashkil etiladigan murabbiylik (mentorlik), malaka oshirish va tarmoqlashtirish tadbirlarida ishtirok etish, shuningdek Fondning bitiruvchilar jamoasiga aʼzo boʻlish huquqiga ega boʻladi.

Talablar:

Ushbu stipendiyaga xorijning rasman akkreditatsiyadan oʻtgan oliy taʼlim muassasasida kunduzgi (toʻliq kun) shaklda bakalavriat yoki magistratura bosqichida tahsil olayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ariza topshirishi mumkin.

Umumiy talablar:

  • Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlish;
  • xorijiy davlatning rasman akkreditatsiyadan oʻtgan oliy taʼlim muassasasida kunduzgi (toʻliq kun) tahsil olayotgan boʻlish;
  • yuqorida keltirilgan 8 ta ustuvor yoʻnalishdan biriga kiruvchi sohada tahsil olayotgan boʻlish;
  • boshqa stipendiya dasturining stipendiati boʻlmaslik (jumladan, “El-yurt umidi” stipendiatlari ishtirok eta olmaydi);
  • talablarga javob beruvchi loyiha yoki MVP taqdim etish.

Bakalavriat bosqichi uchun qoʻshimcha talab: nomzod tanlov eʼlon qilingan vaqtda 2-, 3- yoki 4-kursda tahsil olayotgan boʻlishi shart (1-kurs talabalari ishtirok eta olmaydi).

Magistratura bosqichi uchun qoʻshimcha talab: nomzod kamida 1-kursda tahsil olayotgan boʻlishi shart (dastur davomiyligidan qatʼiy nazar, 1 yillik dasturlar ham kiradi).

Taqdim etiladigan loyihaga qoʻyiladigan talablar:

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun aniq va asoslangan foyda keltirishi, amalda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan real muammoni hal etuvchi xususiyatga ega boʻlishi kerak (sof nazariy yoki mavhum gʻoyalar qabul qilinmaydi) va plagiat boʻlmasligi shart.

  • Bakalavriat bosqichi uchun — loyiha gʻoya/kontseptsiya (loyiha taklifi) shaklida taqdim etiladi. Loyiha hali amalga oshirilmagan boʻlishi mumkin, biroq uni amalga oshirish yoʻli, bosqichlari va kutilayotgan natijalari aniq bayon etilishi, texnik-iqtisodiy asoslash va amalga oshirish rejasini oʻz ichiga olishi shart.
  • Magistratura bosqichi uchun — loyiha MVP shaklida, yaʼni qisman yoki toʻliq amalga oshirilganligini yoki amalga oshirilish jarayonida ekanligini tasdiqlovchi dalillar bilan taqdim etiladi (ishlayotgan prototip, sinov natijalari, birinchi foydalanuvchilar haqida maʼlumot, ilmiy-tadqiqot natijalari yoki patent arizasi kabi dalillardan kamida bittasi). Loyiha/MVP qoʻshimcha ravishda video-taqdimot yoki jonli namoyish orqali ham tasdiqlanishi mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2026-yil 30-sentabrgacha qabul qilinadi. Tanlov Fondning rasmiy veb-sayti va Shaxsiy kabinet tizimi orqali onlayn tartibda oʻtkaziladi. Tanlov eʼloni har oʻquv yili boshida eʼlon qilinadi va kamida 30 kalendar kun oldin maʼlum qilinadi.

1-bosqich: Hujjat va loyiha topshirish. Nomzod Shaxsiy kabinet orqali quyidagi hujjatlarni elektron shaklda topshiradi:

  • belgilangan shakldagi ariza;
  • fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pasport);
  • xorijiy OTMda tahsil olayotganligi va joriy kursi haqidagi maʼlumotnoma (transkript);
  • loyiha taqdimoti (bakalavriat uchun — gʻoya/kontseptsiya; magistratura uchun — MVP dalillari bilan taqdimot);
  • motivatsion xat (kamida 500, koʻpi bilan 1500 soʻz hajmida);
  • 3×4 oʻlchamdagi rasm.

Muddatidan kechiktirib yoki toʻliqsiz taqdim etilgan hujjat/loyihalar koʻrib chiqilmaydi. Bitta nomzod faqat bitta yoʻnalish va bitta taʼlim bosqichi (bakalavriat yoki magistratura) boʻyicha ariza topshirishi mumkin.

MUHIM: Ariza topshirishni boshlashdan oldin tanlov nizomi bilan batafsil tanishib chiqing.

Maqsud Salomov
Author: Maqsud Salomov