×

Saudiya Arabistonida VSRP amaliyot dasturi – barcha xarajatlar qoplanadi; oylik stipendiya – 1000 AQSH dollari!


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

Saudiya Arabistoni

O'QILGAN

22380 marta

Saudiya Arabistonida joylashgan KAUST universiteti Visiting Student Research Program (VSRP) amaliyot dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Mazkur amaliyot dasturi butun dunyodan boʻlgan bakalavriatning kamida 3-bosqichini bitirgan yoki magistraturada tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, magistraturani bitirgan nomzodlarga universitetdagi turli tadqiqot dasturida 3-6 oy davomida amaliyot oʻtash imkonini beradi. Amaliyot bilan bogʻliq barcha xarajatlar universitet tomonidan qoplanadi. Ushbu amaliyot dasturiga butun dunyodan yiliga oʻrtacha 100 nafar amaliyotchi qabul qilinadi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriatda kamida 3-bosqich talabasi bo'lgan va magistraturada tahsil olayotgan talabalar yoki magistrlik darajasiga ega nomzodlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Amaliyot uchun qabul qilingan talabalar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Viza hamda Saudiya Arabistoniga borish va qaytish xarajatlari qoplab beriladi.
  • Oyiga 1000 AQSH dollari stipendiya beriladi.
  • Bepul turar joy bilan taʼminlanadi.
  • Sugʻurta xarajatlari qoplanadi.
  • Ijtimoiy va madaniy tadbirlarda qatnashish imkoniyati boʻladi.
  • Talaba asosiy laboratoriyalar va yirik tadqiqot hamda hamjamiyat muassasalaridan foydalanish imkoniga ega boʻladi.

Talablar:

VSRP amaliyot dasturiga ariza topshira olishi uchun nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi lozim:

  • Bakalavriatning kamida 3-bosqichida yoki magistraturada tahsil olayotgan yoki magistrlik darajasiga ega boʻlish kerak.
  • Oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi (GPA) 4 lik tizimda kamida 3,5, 20 lik tizimda kamida 14 yoki boshqa tizimlarda shunga muqobil darajada boʻlishi lozim.
  • Ogʻzaki va yozma ingliz tili kuchli boʻlishi lozim (kamida TOEFL IBT 79 yoki IELTS 6.5 ballik darajada ingliz tilini bilish tavsiya etiladi).
  • PhD bosqichi talabalari, KAUST talabalari yoki bitiruvchilari mazkur amaliyot dasturida ishtirok eta olmaydi.

Dasturga qabul jarayoni:

VSRP tadqiqot dasturlari (loyihalari)ga yil davomida arizalar qabul qilinadi.

Dastur uchun quyidagi hujjatlarni topshirish talab etiladi:

  • Hozirgi va undan oldingi taʼlim muassasada olingan baholar, ingliz tilida.
  • Tavsiyanoma.
  • Yaroqli pasport (tah.: Oʻzbekiston fuqarolariga xorijga chiqish pasporti nusxasini topshirishi tavsiya etiladi. Agar hali xorijga chiqish pasportingiz boʻlmasa, ichki pasportni ham topshiringiz mumkin. Pasportning yaroqlilik muddati tugashiga kamida 6 oy vaqt qolgan boʻlishi kerak).
  • Maqsad bayoni (Statement of purpose).
  • CV.

Ariza topshirish jarayoni quyidagi amalga oshiriladi:

  1. Dastlab tadqiqot dasturlari orasidan oʻzingizga mosini tanlab olasiz.
  2. Tanlangan dastur ustiga bosib, “Apply” tugmasini bosasiz.
  3. Ochilgan oynaga kerakli maʼlumotlarni kiritib, oʻzingiz uchun hisob (Account) yaratasiz.
  4. Soʻng kerakli hujjatlarni topshirasiz.

Muhim: Ariza shaklini toʻldirishda hozir tahsil olayotgan universitetingizning kodini tanlash kerak boʻladi. Agar tanlovlar ichida universitetingiz boʻlmasa, vsrp@kaust.edu.sa elektron pochtasiga tanlovlar orasida universitetingiz yoʻq ekanini yozishingiz kerak.

Tadqiqot dasturlariga ariza qabul qilish odatda har yili mazkur dastur uchun joʻnab ketish sanasidan 6-8 hafta oldin yakunlanadi. Tadqiqot dasturlarining boshlanish va unga qabul sanalari, shuningdek, tadqiqot davomiyligi (3-6 oy) dasturga qarab farq qiladi. Mazkur maʼlumotlar haqida oʻzingizga kerakli dasturni tanlash orqali aniq maʼlumot olishingiz mumkin.

Nomzodlarni saralash va VSRP amaliyotini maʼqullash jarayoni quyidagi boʻladi:

  1. Barcha kerakli hujjatlar topshirilgach, arizangiz koʻrib chiqiladi hamda sizning tadqiqot tajribangiz, mazkur amaliyotga qiziqishingiz kabilar haqida batafsilroq maʼlumot olish uchun tadqiqot dasturi vakili Zoom orqali suhbat qilishni soʻrashi mumkin.
  2. Agar yuqoridagi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtsangiz, Qabul idorasi vakili bilan Zoom orqali suhbat sanasi va vaqti belgilanadi. Mazkur suhbatda siz KAUSTdagi hayot va faoliyat haqida, Qabul idorasi esa siz haqingizda koʻproq maʼlumot oladi.
  3. Agar qabul qilinsangiz, suhbatdan keyin sizga elektron pochta orqali taklif xati yuboriladi.
  4. Soʻng safar maslahatchisi siz bilan bogʻlanib, viza masalalari va KAUSTga yetib olishingizga yordam beradi.

Hujjat topshirishni boshlashdan oldin amaliyot dasturi bilan yaxshilab tanishib chiqing va albatta, koʻp beriladigan savollarni oʻqib chiqing.

Savollaringiz boʻlsa, amaliyot dasturiga saytiga kirib, muloqot chati orqali soʻrashingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!