Buyuk Britaniyada joylashgan dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri – Oksford universiteti 2025-yildan boshlab magistraturada o’qishni xohlovchilardan Weidenfeld-Hoffmann Scholarships and Leadership Programme grant dasturi uchun arizalar qabul qilmoqda. Dastur maqsadi – Oksford universitetida toʻliq grant asosida oʻqish imkoniyatini taqdim etish orqali rivojlanayotgan davlatlardan boʻlgan boʻlgʻusi yetakchilarning shakllanishida hissa qoʻshishdir.
Ushbu grant Oksford universitetidagi 43 ta magistrlik dasturlari uchun taqdim etiladi. Ushbu dasturlar roʻyxatini BU YERDAN topishingiz mumkin (“Elegibility” rukni, “Eligible courses” boʻlimi).
Maʼlumot uchun: Oksford universiteti dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biridir. Jumladan, 2024-yil sentabr oyi holatiga koʻra, mazkur universitet dunyoning eng kuchli oliygohlari roʻyxatida 1-oʻrinni egallab turibdi (THE reytinggi boʻyicha).
Grant kimlar uchun?
Magistraturada o'qishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Ushbu grantni qo’lga kiritganlar quyidagi iqtisodiy imtiyozlar bilan ta’minlanadi:
- Kontrakt puli to’liq to’lab beriladi.
- Yiliga kamida 19 237 funt sterling miqdoridagi stipendiya bilan ta’minlanadi.
Yuqoridagi imtiyozlar butun kurs davomida amal qiladi.
Talablar:
Nomzod quyidagi talablarga mos bo’lishi lozim:
- Nomzod ushbu grantga hujjat topshirishi mumkin bo’lgan davlatlardan birining rezidenti bo’lishi kerak (bu davlatlar orasida O’zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog’iston, Afgʻoniston va Qirg’iziston ham bor).
- Nomzod Oksford universitetidagi tegishli magistrlik dasturlariga endi hujjat topshirayotgan bo’lishi kerak. Oksford universitetining magistratura bosqichida o’qiyotganlar ushbu grantga hujjat topshira olmaydi.
- Nomzod o’qishni bitirgach o’z vataniga qaytishni rejalashtirayotgan bo’lishi kerak.
- Nomzod Oksfordda tanlagan yo’nalishi va kelajakdagi maqsadlari, karyerasi o’rtasidagi bog’lanishni ko’rsatib bera olishi kerak. Bunda nomzod o’z jamiyatini rivojlantirishga qanday hissa qo’sha olishi mumkinligini mahalliy yoki xalqaro darajada ifodalab berishi kerak bo’ladi.
- Oldingi yillarga o’qishga qabul qilingan va o’qishning boshlanishini 2025-2026 oʻquv yiliga ko’chirgan nomzodlar ushbu grantga hujjat topshira olmaydi.
- Nozmod o’zi tanlagan magistrlik sohasining talablariga javob berishi kerak.
- Nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi kerak. Ba’zi yo’nalishlarda IELTS 7, ba’zilari esa IELTS 7.5 talab etiladi.
- Nomzod belgilangan 43 ta kusrdan biriga hujjat topshirishi va qabul qilinishi kerak. Ushbu kurslar roʻyxatini BU YERDAN topasiz (“Elegibility” rukni, “Eligible courses” boʻlimi).
Dasturga qabul jarayoni:
Ushbu grantga ariza topshirish uchun tanlangan magistrlik dasturidagi arizaning “Scholarships” bo’limidan Weidenfeld-Hoffmann Scholarships and Leadership Programme dasturini belgilash kerak bo’ladi. Universitet saytida magistrlik dasturlarini izlab topish tizimi bo’lib, o’zingizga kerakli dasturni topishda shundan foydalanishingiz mumkin.
Shuningdek nomzod tanlagan dasturiga hujjat topshirayotganida Weidenfeld-Hoffmann Scholarships Statement shaklini ham to’ldirishi va dastur hujjatlariga qo’shib topshirishi lozim.
Grant bilan bog’liq barcha hujjatlar tanlangan magistrlik dasturiga tayyorlangan hujjatlar bilan birgalikda onlayn tarzda topshiriladi. Bu uchun universitet saytidan avval keraki magistrlik dasturini tanlash, so’ng o’sha dasturga kirib, «Apply» qilish kerak. Magistrlik dasturlariga qanday hujjat topshirish MANA BU sahifada batafsil tushuntirilgan.
Magistrlik dasturiga ariza topshirishda shaxsiy maʼlumotlar qismini toʻgʻri toʻldirishingiz kerak, chunki bu qismda sizning qaysi davlat fuqarosi ekaningiz va rezidentlik maqomingiz kiritiladi. Bu esa grantga nomzod sifatida koʻrib chiqilishingiz uchun ahamiyatga ega. Ushbu qism haqidagi muhim maʼlumotlarni BU YERDAN topasiz.
Universitetning magisrtlik dasturlariga hujjat topshirish dasturga qarab farq qiladi, lekin barchasi 2024-yilning dekabr yoki 2025-yilning yanvar oyida tugaydi (aksariyati uchun ariza topshirishning oxirgi muddati 2025-yil 7-yanvar). Shu sababli, muhlatlar bilan kerakli magistrlik dasturini tanlash orqali to’liq tanishish zarur. Shuningdek, nomzodlarga imkon qadar ertaroq hujjat topshirish tavsiya etiladi.
Ariza topshirilgandan keyin qisqa roʻyxatga kiritilganlar 2025-yilning aprel oyida boʻlib oʻtadigan onlayn suhbatga taklif qilinadi.
Yakuniy natijalar 2024-yil may oyi oxirlarida eʼlon qilinadi (faqat grantni qoʻlga kiritganlarga xabar qilinadi).
MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing.
Grant yuzasidan savollaringiz boʻlsa, info@whtrust.org elektron pochta manziliga murojaat qilishingiz mumkin.