×

Xiamen University: Xitoyda bakalavr,magistratura va doktorantura kurslari uchun to’liq grant!


Grant

MUHLAT

15.04.2021

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Xitoy

O'QILGAN

2057 marta

Xitoyda joylashgan Xiamen University (XMU) oliygohi tomonidan 2021-o’quv yili uchun taqdim  etiladigan Fujian Provincial Government scholarship grantiga 1-fevral sanasidan boshlab arizalar qabul qilinmoqda. Grant universitetning bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichida ta’lim olishdagi 1 yillik kontrakt to’lovini to’liq qoplab beradi.

Xitoy fuqaroligiga ega bo’lmagan barcha arizachilar grantni qo’lga kiritish imkoniyatiga ega. Universitetdagi mavjud bakalavr kurslari, magistratura  va doktorantura kurslari bilan bu yerda  tanishing. Kurslar ingliz yoki xitoy tillarida o’qitiladi. Shu sababli ariza topshirish paytida o’qitilish tiliga e’tibor berish tavsiya qilinadi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavr, magistratura va doktorantura kurslarida o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Grantni qo’lga kiritgan talabalarga bakalavr,magistratura va doktorantura kurslari uchun 1 yillik kontrakt to’lovi to’liq qoplab beriladi. Grantni har yili olish uchun talaba har o’quv yilida belgilanadigan talablarga mos kelishi kerak.

Eslatma: grant yutgan talabalar ro’yxati noyabr yoki dekabr oylarida e’lon qilinadi. Bu vaqtda universitetda o’qish boshlangan bo’ladi. Shuning uchun universitetga qabul qilingan barcha talabalar o’qish boshlanish vaqtida kontrakt va boshqa to’lovlarni to’lashlari talab qilinadi. Grantni qo’lga kiritgan talabalar ro’yxati e’lon qilingandan so’ng belgilangan miqdordagi pul mablag’i qaytarib beriladi. 

Barcha kurslar uchun kontrakt va yotoqxona to’lovlari  haqida batafsil ma’lumot bilan bu yerda tanishing. 

Grant yashash xarajatlari va boshqa to’lovlarni o’z ichiga olmaydi.

Talablar:

  • Grantni qo’lga kiritish uchun nomzod Xitoy fuqarosi bo’lmasligi va to’liq sog’lom bo’lishi talab etiladi
  • Nomzod Xiamen universiteti bakalavr, magistratura yoki doktorantura kurslaridan biriga hujjat topshirishi kerak.
  • Bakalavr kurslari uchun nomzod maktab/kollej/litseyni tamomlagan, baholari yuqori va 30 yoshdan kichik bo’lishi kerak.
  • Magistratura kurslari uchun nomzod bakalavr diplomiga ega, baholari yuqori va 35 yoshdan kichik bo’lishi zarur.
  • Doktorantura kurslari uchun nomzod magistrlik diplomiga ega, baholari yuqori va 40 yoshdan kichik bo’lishi talab etiladi.
  • Grant uchun nomzoddan xitoy toki ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi til sertifikati talab etiladi. Qabul uchun ingliz tili bo’yicha kamida TOEFL iBt 80 yoki IELTS 6 sertifikatlaridan biri, xitoy tili bo’yicha eng kamida HSK 5, fan, muhandislik va tibbiyot yo’nalishlari uchun eng kamida HSK 4 daraja sertifikati bo’lishi zarur. Qaysi til sertifikati topshirilishi tanlangan kurs qaysi tilda o’qitilishiga bog’liq.

Dasturga qabul jarayoni:

Grant uchun ariza  shakli universitet qabul saytidan yuklab olinishi, to’ldirilishi hamda bakalavr, magistratura yoki doktorantura kurslari uchun onlayn ariza topshirish paytida skaner variantda topshirilishi talab etiladi. Ariza shaklini bu yerda yuklab oling. Stipendiatlar e-mail orqali xabardor qilinadi.

Universitetdagi kurslar uchun onlayn ariza topshirish muddati bakalavr bosqichi uchun 1-fevraldan 30-aprelgacha, magistratura va doktorantura bosqichi uchun 1-fevraldan 15-aprelgacha davom etadi. Onlayn arizani bu yerdan boshlang.  Hujjat topshirish vaqtida ariza to’lovi amalga oshiriladi. To’lov miqdori 62 AQSh dollarni tashkil qiladi.

Kurs uchun ariza topshirish vaqtida kerakli hujjatlar faqat onlayn topshiriladi va qog’oz nusxada topshirilishi talab etilmaydi. Maxsus holatlarda qog’oz nusxada topshirilishi talab qilinishi mumkin.

Kerakli hujjatlar:

  1. To’ldirilgan ariza.
  2. Maktab shahodatnomasi yoki kollej/litsey diplomi, baholari bilan (bakalavriat uchun), bakalavr diplomi va baholar (magistratura uchun), bakalavr va magistratura diplomi va baholari (doktorantura uchun).
  3. Til sertifikati.
  4. Tavsiyanoma: bakalavr kursi uchun 1 ta, magistratura va doktorantura kursi uchun 2 ta.
  5. Personal statement – faqat bakalavr kursi uchun.
  6. O’qish yoki tadqiqot rejasi – faqat magistratura va doktorantura kurslari uchun.
  7. CV – faqat magistratura va doktorantura kurslari uchun.
  8. Pasport nusxasi.
  9. Chet el fuqarosining jismoniy salomatligini tasdiqlovchi hujjat 
  10. Moliyaviy holat haqidagi sertifikat. Sertifikatda moliyaviy homiy (faqat arizachi yoki uning ota-onasi homiy bo’lishi mumkin) sifatida ko’rsatilgan shaxsning pasport nusxasi ham ilova qilinishi kerak.
  11. Sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma. Ushbu ma’lumotnoma mahalliy xavfsizlik xizmati idorasi tomonidan beriladi.
  12. Boshqa qo’shimcha hujjatlar: turli tanlov va olimpiadalarda olingan sertifikat va diplomlar ham qo’shimcha tarzda ilova qilinishi mumkin.

Qabul jarayoni.

Onlayn ariza topshirilganidan so’ng nomzod taqdim etgan hujjatlari asosida baholanib, saralanadi. Hujjatlar bo’yicha saralanishdan o’tgan nomzodlar onlayn video suhbat sinovidan o’tishlari talab etiladi. Video suhbat Skype dasturi orqali amalga oshirilib, nomzodning akademik qobiliyatlarini baholashga xizmat qiladi

Universitetga muvaffaqiyatli qabul qilingan nomzodlar bu yerda e’lon qilinadi.

Barcha kurslar qabul jarayoni va boshqa ma’lumotlar bilan batafsil bu yerda tanishing

Savollaringiz bo’lsa, bu yerga murojaat qiling. 

 

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!