Amerika Qoʻshma Shtatlarining Kentukki shtatida joylashgan Berea kolleji butun dunyodan boʻlgan yoshlarga bakalavriat bosqichida oʻqish imkoniyatini taklif etadi. Oliygohga qabul qilingan talabalarni 100% grant asosida oʻqitadi. Ya’ni talaba ta’lim puli (tuition fee) toʻlamaydi.
Taʼkidlash joizki, bu oliygohda faqat bakalavriat dasturlari mavjud, Berea kolleji undan keyingi bosqichlarda (magistratura, doktorantura va h.k.) oʻqish imkoniyatini taklif etmaydi. Kollejda koʻplab yoʻnalishlar mavjud boʻlib, nomzodlar ushbu fakultetlar orasidan oʻziga mosini tanlab, hujjatlarini topshirishi mumkin.
Hozirda, ushbu kollejda AQShlik talabalar bilan bir qatorda, dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan kelgan yoshlar ta’lim oladilar.
Berea kolleji har yili oʻrtacha 30 ta xorijiy talabani oʻqishga qabul qiladi. Xorijlik talabalar faqat kuzgi semestrda oʻqish uchun ariza topshirishi mumkin.
Navbatdagi qabul (2023-yil kuzgi semestr uchun) 2022-yilning avgust oyidan boshlanadi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavriat bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Ushbu OTMga qabul qilingan talabalar quyidagi imkoniyatlar bilan taʼminlanadi:
- Kollejga qabul qilingan xorijiy talabaning ta’lim puli butun oʻqish muddati davomida 100% qoplab beriladi.
- Xorijiy talaba birinchi yili bepul turar joy va oziq-ovqat bilan ham ta’minlanadi. Biroq ikkinchi yildan boshlab bu ta’minotdan ba’zilari (oziq-ovqat xarajatlari) toʻxtatiladi va shu sababli, talaba keyingi yillarda oʻz xarajati uchun yiliga oʻrtacha 1100 AQSh dollari sarflashiga toʻgʻri kelishi mumkin.
- Xorijiy talabalar kollejdagi ish dasturiga qatnashishi kerak. Ishlarni tashkillashtirish bilan kollej ma’muriyati shugʻullanadi. Shuni ta’kidlash joizki, har bir talaba haftasiga kamida 10 soat kollej tomonidan tashkillashtirilgan ishlarda ishlashi lozim. Odatda talabalar haftasiga 15-20 soatdan ishlashadi va bir akademik yilda oʻrtacha 2000 AQSh dollari ishlab topadi. Yozgi ta’til davomida ham talaba kollejda qolishi va ishlashi mumkin. Yozgi ta’tilda talabalar haftasiga 40 soatgacha ishlay oladilar.
Talablar:
Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
- Barcha davlatlardan nomzodlar ariza bera oladi.
- Nomzod Berea kollejining bakalavriat kurslaridan biriga oʻqishga ariza topshirishi va qabul qilinishi kerak.
- Nomzod ingliz tilini yaxshi tushuna olishi va oʻz fikrini ingliz tilida bayon eta olishi lozim. Nomzoddan quyidagi sertifikatlardan birini topshirish talab etiladi:
– TOEFL: 520 (paper-based); 190 (computer-based); 68 (internet-based)
– IELTS: 6 overall, 5 in each area
– ACT: 19 Composite
– SAT: 980 Combined Score
– Duolingo: 95 - Nomzod bakalavr yoki unga muqobil darajani olmagan boʻlishi lozim.
- Nomzodning iqtisodiy holati. Ta’lim puli qimmatroq boʻlgan ta’lim muassasalarida oʻqishga iqtisodiy qurbi yetmaydigan nomzodlar ushbu kollejga qabul qilinadi. Nomzod hujjat topshirishidan oldin oʻzining iqtisodiy holati qabul qilinish kriteriyasiga qanchalik mos kelishini bilish uchun onlayn hisoblagichda test topshirib koʻrishi mumkin. Biroq ushbu hisoblagich chiqargan natija nisbiy boʻlib, nomzod kollejning qabul komissiyasi tomonidan ma’qul deb topilgan taqdirda, kollejga qabul qilinadi.
- Nomzod oila qurmagan boʻlishi, shuningdek, nomzodning qaramogʻida hech kim boʻlmasligi kerak.
- Oʻrta maxsus ta’lim muassasasida fanlardan va yakuniy imtihonlardan olingan baholari iloji boricha yuqori boʻlishi kerak.
- ACT yoki SAT sertifikatiga ega bo’lish nomzodga qabul qilinishda ustunlik berishi mumkin. Lekin bu sertifikatlar IELTS sertifikatiga ega xorijlik nomzodlar uchun majburiy emas.
Dasturga qabul jarayoni:
Hujjatlarni qabul qilish har yili avgust oyida boshlanib, kuz ozirlarigacha davom etadi. Joriy yilda 2023-yil kuzgi semesterdan oʻqishni boshlash uchun arizalar qabul qilinadi.
Qabul 2022-yil avgust oyidan boshlanadi va quyidagi muddatlargacha davom etadi:
- Early Action (Erta qabul) – 2022-yil 15-oktabrgacha.
- Regular (Odatiy qabul) – 2023-yil 15-yanvargacha.
Topshiriladigan hujjatlar roʻyxati:
- Berea kollejining onlayn ariza shakli toʻldiriladi. Ariza shaklini toʻldirish uchun havolani BU YERDAN topasiz (Apply as an International Student). Ariza topshirish bepul.
- Shaxsiy insho – 2-5 sahifa.
- IELTS, Duolingo, TOEFL, SAT yoki ACT sertifikatlaridan birining nusxasi.
- Oʻrta ta’lim muassasasida fanlardan olingan baholar roʻyxati (ingliz tilida).
- 2 ta oʻqituvchidan tavsiyanoma (ingliz tilida).
- Moliyaviy manbalar tasdigʻi shakli.
Yuqoridagi hujjatlar va ularning taʼrifi bilan batafsil SHU YERDA tanishing.
Kollejga qabul qilingan talaba 50 AQSh dollari miqdoriga roʻyxatga olish puli toʻlaydi. Shuningdek, oʻzining hisobida saqlanadigan 2200 AQSh dollari miqdorida toʻlovni ham amalga oshiradi. Ushbu toʻlov 4 yillik oʻqish davrida turli zaruriy holatlarda (kasal boʻlib qolsa va hk) talabaning oʻziga ishlatish uchun kollej depozitida saqlanadi.
Grantlar.uz jamoasi Berea College oliygohida tahsil oluvchi oʻzbekistonlik talaba bilan suhbat qilgan. Suhbatni BU YERDA oʻqishingiz mumkin.
MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin xalqaro talabalar uchun qabul talablari, koʻp beriladigan savollar va Berea kolleji saytidagi boshqa kerakli maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.
Ma’lumot uchun: shu yerga murojaat qiling.