×

AQSHda oʻqish uchun 132 ming AQSH dollari grant yutib olgan oʻzbekistonlik talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6814 marta

CHOP ETILGAN

18.02.2021

1. Assalomu alaykum, Abrorshoh. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Assalomu alaykum. Ismim Esanboev Abrorshoh. 2002-yilda Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumani, Zarkent qishlogʻida tugʻilganman. Maktabga 2009-yilda borganman va 2020-yilda tamomladim. Yoshligimdanoq chet tillariga qiziqishim boʻlgan va 4-sinfligimda rus tilini oʻrganish uchun repetitorga borganman, lekin keyinchalik ingliz tiliga qiziqishim ortib, 9-sinfdan boshlab ingliz tilini astoydil oʻrgana boshlaganman. Hozirda koreys tilini oʻrganyapman va bundan keyin yana 3-4 ta tillarni oʻrganish niyatim bor.

2. AQSHdagi Widener University oliygohida oʻqish uchun yutib olgan grantingiz haqida soʻzlab bersangiz. U qanday grant va miqdori qancha?

Bu universitetda oʻqish uchun birdan 2 ta grant yutib oldim.

Birinchisi, Widener University Presidential Scholarship. Bu dasturga koʻra, talabaga har yili 31 000$ miqdorida berib boriladi. Yaʼni 4 yil uchun 124 000$, lekin bu miqdor 4 yil davomida talabaning oʻqishlariga qarab oʻzgarishi mumkin.

Ikkinchisi, Global Development Scholarship granti. Bu grant maktab, kollej yoki litseyda aʼlo baholarga oʻqigan, yaʼni talabaning akademik salohiyatiga qarab beriladi. Hozirgi berilgan miqdori yiligi 2 000$, bu ham 4 yil davomida berib boriladi.

Shu ikkala grantni birga hisoblasak, 4 yil uchun jami 132 000$ miqdorida grant berildi. Lekin bu grant faqatgina universitet kontrakti uchun sarflanishi mumkin (hozirda kontrakt to’lovi miqdori yiliga 47 ming dollar).

Boshqa xarajatlar: turar joy, oziq-ovqat va universitet tomonidan talab qilinadigan boshqa xarajatlarni talabani oʻzi toʻlashi kerak. Universitetga qabul qilingan nomzod 1 yil majburiy universitet turar joyi va oziq-ovqatidan foydalanishi kerak. Yuqoridagi 2 ta grant nomzodning koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, koʻproq yoki kamroq berilishi ham mumkin.

Grant shu universitetga bakalavr kurslariga qabul qilingan talabalarga hamda nomzodning baholari, test natijalari (IELTS, TOEFL, SAT va h.k.) va oʻqishga oid boshqa koʻrsatkichlari asosida belgilanadi. Natijalar ariza topshirilgandan soʻng 2-4 hafta ichida natijalar eʼlon qilinadi

3. Bu universitet va grant haqida qayerdan xabar topdingiz?

Widener universiteti haqida Grantlar.uz kanalidagi eʼlonda koʻrib qoldim. U yerda universitetning boshqa bir granti haqidagi maqolani koʻrgandim, lekin kerakli hujjatlarni tayyorlab topshirganimda shu ikkala grant bilan taqdirlandim.

4. Mazkur grant uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Widener universitetida oʻqishni xohlagan, agar ona tilisi ingliz tili boʻlmasa, ingliz tili malakasi haqidagi hujjat soʻraladi. Ushbu grant uchun nomzod kamida IELTS 6,5 yoki TOEFL 80 til sertifikatlarini topshirishi kerak. Men IELTS sertifikati orqali topshirdim va balim umumiy 7.0 boʻlgan.

5. Ushbu universitetga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz o’rtachasi necha ball bo’lgan?

Bu grant nomzodning akademik salohiyatiga qarab belgilanadi va mening diplom baholarim hammasi 5 boʻlgan. Lekin grantni qoʻlga kiritish uchun baholarga qoʻshimcha tarzda nomzodning oʻqishdan tashqari qilgan ishlari ham yordam beradi.

6. Mazkur universitetga hujjat topshirishda SAT yoki ACT sertifikatini ham topshirish mumkin ekan. Siz shulardan birini ham topshirganmisiz yoki bu hujjatlarsiz stipendiyani yutib oldingizmi?

2020-yilda COVID-19 sababli kelib chiqqan noqulayliklar sababli Amerikaning koʻpgina universitetlari SAT yoki ACT sertifikatlarini topshirishni ixtiyoriy qilib qoʻygan. Yaʼni bu sertifikatlaringiz boʻlsa, topshirasiz, boʻlmasa topshirish majburiy emas. Menda bu sertifikatlar yoʻq, shu sababdan ularni topshirmaganman, lekin bu sertifikatlar topshirilsa, grant yutib olish ehtimoli ancha oshadi.

7. Dasturni qo’lga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan bo’lsangiz qanday?

Bu grantni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik koʻrmaganman. Chet elda oʻqishni oldimga maqsad qilib qoʻyganman va bir qancha universitetlarga hujjat topshirganman. Shulardan 6 ta universitetga qabul qilindim: Widener universitetlaridan tashqari, Dubay (qisman grant asosida qabul qilinganman), Turkiya (kontrakt asosida) va Germaniyadagi (kontrakt asosida) universitetlarga, shuningdek, Oʻzbekistondagi  ISMA va Sharda (40% grant asosida) universitetlari filiallariga ham qabul qilishgan. Hozircha oʻqish uchun Widener universitetini tanladim. Universitetga ariza topshirish odatiy holga aylanib qolganligi sababli Widener universitetiga hujjat topshirish jarayonlari menga qiyinchilik tugʻdirmadi.

O’qish 2021-yilning kuzidan boshlanadi.

8. Mazkur grantga alohida hujjat topshiriladimi yoki universitetda oʻqish uchun topshirilgan hujjatlar asosida nomzodlarga stipendiya ajratiladimi?

Grant uchun alohida ariza topshirilmaydi. Bakalavr kurslariga ariza topshirgan nomzodlarning arizalari avtomatik tarzda grant uchun ham koʻrib chiqiladi. Bakalavr kurslariga qabul qilingan talabalarga ularning koʻrsatkichlari va hujjatlariga qarab universitet grant turi va miqdorini belgilaydi.

9. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Nomzod uchun grantni qoʻlga kiritishda katta yordam beradigan hujjatlar asosan ularning IELTS/TOEFL sertifikatlari va motivatsiya xati hisoblanadi. Unga qoʻshimcha tarzda tavsiyanoma, SAT yoki ACT va onlayn arizada soʻralgan boshqa hujjatlarni topshirish ham grant olishda yordam beradi. Va albatta, baholarning yuqori boʻlishi ham grantni yutib olishga yordam beradi.

10. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim deb oʻylaysiz?

Birinchi navbatda talab qilingan hujjatlar agar ingliz tilida boʻlmasa, ingliz tiliga tarjima qilinishi kerak va notarius tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Keyingisi, hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlar toʻgʻri boʻlishi kerak(asosan motivatsiya xatida). Ularni aldashni foydasi yoʻq, toʻgʻri maʼlumotni kiritishni maslahat beraman.

11. Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

Asosiy omil, menimcha, ingliz tilini bilish darajasi. Tilni bilish darajangiz qanchalik yuqori boʻlsa, grant yutish ehtimolligi ham shunchalik yuqori boʻladi. 2-si motivatsiya xatiga katta eʼtibor qaratish kerak. Lekin bu narsa har doim ham universitet tomonidan soʻralmasligi mumkin. Undagi maʼlumotni va maqsadni aniq qilib yoritish kerak deb oʻylayman. Gapni olib qochish foyda bermaydi.

Grantlar.uz: Mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Abrorshoh: Suhbat uchun sizlarga ham rahmat.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!