×

2021-2022 Global UGRAD dasturi gʻolibasi bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

4581 marta

CHOP ETILGAN

10.05.2021

Bu safar Grantlar.uz jamoasi 2021-2022 Global UGRAD dasturi gʻolibasi Khusanova Oydinoy bilan suhbat qildi. Suhbatni eʼtiboringizga havola etamiz.

1. Assalomu alaykum, Oydinoy. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalomu alaykum. Ismim Oydinoy Khusanova, 2001-yil 9-noyabr kuni Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida tugʻilganman. 2019-yil Qoʻrgʻontepa tumanidagi 19-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatini bitirgangan. Hozirgi kunda O’zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida «Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda xorijiy til» yoʻnalishining 2-bosqich talabasiman.

2. Global UGRAD oʻzi qanday dastur? Dastur gʻoliblariga qanday imtiyozlar taqdim etadi?

Global UGRAD – Talabalar almashinuvi dasturi boʻlib, Oʻzbekiston oliygohlarining bakalavriat bosqichida oʻqiyotgan talabalar uchun AQSHda bir semestr davomida oʻqish imkoniyatini beradi. Dasturga qabul qilingan talabalar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Kontrakt toʻlab beriladi;
  • Universitet yotoqxonasidan joy ajratilib, xarajatlari qoplanadi;
  • Oziq-ovqat xarajatlari qoplanadi;
  • Oʻquv-qurollari va kitoblar olib beriladi;
  • Tibbiy sugʻurta qilinadi;
  • Boshqa xarajatlar uchun oylik stipendiya beriladi.

3. Ushbu dasturda qatnashish uchun asosiy talablar nimalardan iborat?

Nomzod uchun bir qator talablar mavjud, ularning eng asosiylari quyidagilardan iborat:

  • Nomzod kamida 18 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak.
  • Oʻzbekiston fuqarosi va ayni vaqtda akkreditatsiyadan oʻtgan Oʻzbekiston universitetlaridan birining talabasi boʻlishi kerak hamda u oʻqiyotgan taʼlim shakli sirtqi boʻlmasligi lozim.
  • Global UGRAD dasturi boshlanguniga qadar universitetda kamida bir semestrni tugallagan boʻlishi kerak.
  • UGRAD dasturi tugagach nomzod Oʻzbekistondagi oliygohida kamida 1 semestr yoki shunga teng muddat davomida oʻqishi kerak.
  • Liderlik qobiliyatiga ega hamda jamoatchilik ishlarida faol boʻlishi kerak.
  • Ingliz tilini yaxshi bilishi kerak.

4. Dasturda qatnashish uchun qanday hujjatlar topshirish talab etiladi?

Nomzodlar quyidagi hujjatlarni topshirishi lozim:

  • Toʻldirilgan ariza shakli.
  • 2 ta insho (arizada insho savollari koʻrsatilgan boʻladi).
  • Pasport nusxasi.
  • 2 ta tavsiyanoma.
  • Universitetda oʻqigan davri mobaynida olgan baholarining ingliz tilidagi tarjimasi.

5. Nima deb oʻylaysiz, ushbu hujjatlar orasida dasturni qoʻlga kiritish uchun eng muhimlari qaysilar?

Menimcha eng muhimi – bu motivatsion xatlar (insholar). Sababi loyiha sizga nima bera oladi ,nega aynan siz ushbu loyihaga munosib nomzodsiz kabi asosiy savollarga javobni ushbu xatlar oʻz ichiga oladi. Va siz shu xatlar orqali oʻz potensialingiz va motivatsiyangizni koʻrsatib berishga harakat qilishingiz kerak. Yana tavsiyanomalar ham muhim.

7. Nomzoddan ingliz tilini qay darajada bilish talab qilinadi? Siz dasturga topshirganda ingliz tili sertifikatiga ega edingizmi? Necha ball edi? Sertifikatingiz boʻlmasa, ingliz tilini taxminan qay darajada bilasiz?

Hujjatlarning toʻliq ingliz tilida toʻldirilishi  va suhbat ham ingliz tilida boʻlishini hisobga olsak, har bir nomzod ingliz tilini kamida oʻrtacha (intermediate) va undan yuqori darajada bilishi kerak. Toʻgʻri, til darajasi haqida aynan bir talab qoʻyilmagan, lekin nomzod ingliz tilida bemalol yoza olish va soʻzlasha olishi shart.

Men oliygohga kirishdan oldin CEFR imtihonidan oʻtganman va B2 (upper –intermediate) sertifikatiga ega boʻlganman. Bu imtihondan oʻtganimga 2 yil toʻlmoqda. Bu orada ingliz tilini bilish koʻnikmalarim ancha oshgani aniq, yaqinda dastur doirasida TOEFL imtihonidan oʻtaman. Hozir ingliz tilini qay darajada bilishimni aniq aytolmayman, bu bu oʻzimga ham juda qiziq.

7. Dasturga ariza topshirganingizda baholaringizning oʻrtacha koʻrsatkichi qanday boʻlgan? Gʻolib boʻlishda baholar qanchalik ahamiyatli deb oʻylaysiz?

Baholar juda ham jiddiy mavzu. Baholarim hammasi aʼlo edi, lekin gʻolib boʻlishimga asosiy sabab baholarim deya olmayman. Chunki dastur faqatgina taʼlimga oid emas, balki madaniy almashinuv dasturi hamdir. Tashkilotchilar oʻzlashtirish koʻrsatkichlari bilan birga yetakchilik qobiliyatlariga ega, jamiyat hayotida faol boʻlgan yoshlarni qidiradi. Ariza shaklida “Commitment to your society” deb nomlagan alohida bandning mavjudligi ham fikrimga dalil boʻla oladi.

8. Dasturga hujjat topshirish uchun alohida tayyorgarlik koʻrganmisiz? Koʻrgan boʻlsangiz, qanday tayyorlangansiz va nimalar qilgansiz?

Albatta, hujjat topshirishdan oldin tayyorgarlik koʻrganman. Xususan Grantlar.uz sayti va unga tegishli kanallardagi hujjatlar bilan tanishib chiqqanman, YouTube orqali hujjatlarni qanday tayyorlash va nimalarga eʼtibor berish haqidagi videolarni koʻzdan kechirganman. Va oʻtgan yilda dastur gʻolibasi boʻlgan tanishlarimdan maslahatlar olganman.

9. Bilamizki, dasturda hujjat bosqichidan oʻtganlar suhbatga taklif etiladi. Sizdan suhbatda qanday savollar soʻraldi?

Suhbatda asosan oʻzim haqimda, nega grantga topshirdim, nimalar qilmoqchiman va shu kabi savolar soʻrashdi. Agar dasturga qabul qilinsam, Amerikada qanday qiyinchiliklarga duch kelishim mumkin, ularni qanday yengaman – shu haqida ham soʻrashdi. Qolgan savollar insholarimmda va arizamda bergan maʼlumotlarim asosida boʻldi. Xususan insholarimdan birida dadam dastlab taʼlim olishimga qarshi boʻlganliklari haqida yozgan edim va ular mendan dasturda gʻolib boʻlsam dadam menga Amerikaga borish uchun ruxsat beradimi yoki yoʻq, shuni soʻrashdi. Yana inshom yakunida men ikki davlat orasida “Cultural ambassador (Madaniyat elchisi)” boʻlmoqchi ekanimi yozgan edim. Ular mendan buni qanday amalga oshira olishim mumkinligi haqida ham soʻrashdi.

10. Suhbatdan hamma ham oʻta olmagan. Nima deb oʻylaysiz, aynan qanday sifatlar yoki harakatlar suhbat bosqichida muvaffaqiyatli oʻtishingizga sabab boʻldi?

Toʻgʻrisi, ularni aynan qaysi harakat va xususiyatlarim oʻziga tortgani oʻzimga ham juda qiziq . Ammo suhbatdan omadli oʻtganimni bir nechta sabablarini keltirishim mumkin. Birinchidan, juda ham samimiy boʻldim. Suhbatdan oldin tanishlarim loyihada gʻolib boʻlganlardan suhbat qanday boʻlishi haqida soʻradim va ularning deyarli barchasi bir xil javob berdi: hayajonmasligim kerakligi, shunchaki, ochiq va samimiy holda oʻzimni koʻrsatishim lozimligini aytishdi va men ham shunday qildim.

Ikkinchidan, ochiqchasiga, hech qanday yolgʻonsiz javob berdim. Yaʼni qilmagan ishimni qildim yoki qila olmaydigan ishimni qila olaman demadim. Menimcha, shu ikki narsa meni suhbatdan omadli oʻtishimga yordam berdi. Siz hozir katta ishlarni qilmayotgan boʻlishimiz mumkin, lekin katta ishlarni  bajarishga boʻlgan  ishtiyoq va potensialingizni koʻrsatib bera olsangiz, marra sizniki

11. Umuman, nega aynan sizni gʻoliblardan biri sifatida tanlashdi deb oʻylaysiz?

Gʻoliblar ularning hammasi ham oʻziga yarasha kuchli tarixga (background) ega. Bu yil gʻoliblikni men bilan qoʻlga kiritgan yana 10 nafar nomzodning barchasi ajoyib xarakter va kuchli shaxsiyat, aniq rejalarga ega insonlar. Oʻzimga keladigan boʻlsam, nega aynan meni tanlashganiga bir nechta sabablarni keltiraman.

Birinchi sabab – insholarim. Ularni juda ham soda va ochiq-oydin hayotiy haqiqatlarimga asoslangan holda yozdim. Ularga naqadar munosib nomzod ekanligimni koʻrsatish bilan birga, oʻzim haqimda hikoya qilib berdim. Bu esa juda muhim, chunki hamma insho deganda koʻpincha faktlar va misollarga asoslangan insholarni tushuniladi. Lekin inshoda doim ham fakt birinchi oʻrinda emas, ayniqsa UGRAD uchun insho tayyorlayotganda biroz hikoya qilish qobiliyatining kuchi kerak boʻladi.

Ikkinchidan suhbat davomida imkon qadar aniq va maqsadli gapirishga va shu bilan oʻz rejalarimni aniq koʻrsatib berishga harakat qildim. Menimcha, bu ham mening foydamga ishladi.

12. Keyingi yil ushbu dasturni qoʻlga kiritmoqchi boʻlganlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

Avvalombor ,ular kuchli motivatsiya olishlari lozim. Buning uchun esa YouTube tarmogʻida UGRAD gʻoliblari va ularning Amerikadagi hayoti toʻgʻrisidagi videolarini koʻrishlarini tavsiya qilaman. Soʻng loyiha haqida nomzodga qoʻyiladigan talablar va hujjatlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish uchun rasmiy veb-saytdagi mʼalumotlar, oldin gʻolib boʻlganlar hujjatlari bilan tanishib chiqish lozim. Va eng muhimi hech qachon orzu qilishdan va oʻzlariga ishonishdan toʻxtashmasin. Zero, yaxshi niyat va tinimsiz harakat bir kun kelib oʻz mevasini beradi.

Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va suhbat uchun rahmat.

Oydinoy: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

Oydinoyning 2021-2022 Global UGRAD dasturiga topshirgan hujjatlari bilan BU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!