×

Global UGRAD talabalar almashish dasturi: AQSHda bir semestr oʻqish uchun toʻliq grant!


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

65453 marta

CHOP ETILGAN

02.11.2023

Qayerda: AQSh

Kim uchun: O’zbekiston oliygohlari bakalavriatida tahsil olayotgan talabalar uchun

Hujjat topshirish muhlati: 2023-yil, 15-dekabrgacha

Global UGRAD (The Global Undergraduate Exchange Program) – Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat departamenti Taʼlim va madaniyat masalalari byurosining Talabalar almashish boʻyicha Oʻzbekiston oliygohlarining bakalavriat bosqichida oʻqiyotgan talabalar uchun AQSHda bir semestr davomida grant asosida oʻqish imkoniyatini beruvchi dastur hisoblanadi.

Kimlar uchun?

Oʻzbekiston oliygohlari bakalavriat bosqichining 1, 2 va 3-kursida oʻqiyotgan talabalar uchun. Ishtirokchilar AQSHdagi oliy oʻquv yurti kampusidagi turar joyda amerikalik tengdoshlari bilan birga yashaydi hamda ulardan 20 soatlik ijtimoiy xizmatlarda qatnashishi talab etiladi. Ishtirokchilar AQSHdagi qaysi oliy taʼlim muassasasida oʻqishni tanlash imkoniyatiga ega emas.

Qaysi soha boʻyicha oʻqiyotganlar ishtirok etishi mumkin?

Istalgan soha boʻyicha bakalavriatda tahsil olayotgan talabalar ushbu dasturga qatnasha oladi.

Moliyalashtirish qanday?

Dastur talabalarni quyidagilar bilan taʼminlaydi:

  • AQSHga borish va kelish uchun aviachipta olib beriladi.
  • AQSHda oʻqish uchun kontrakt toʻlovi toʻlab beriladi.
  • Universitetdagi yotoqxona / turar joy majmuasidan bepul joy ajratiladi.
  • Oziq-ovqat xarajatlari qoplanadi.
  • Kerakli kitoblar olib beriladi.
  • Bepul tibbiy sugʻurta qilinadi.
  • Boshqa xarajatlar uchun oylik stipendiya beriladi.

Shuningdek, oʻqish davomida talabalar boshqa ishtirokchilar bilan birgalikda haftasiga 20 soatlik jamoat ishlariga jalb etiladilar.

Nomzodlarga qoʻyiladigan talablar

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • Dastur boshlanishida kamida 18 yoshga toʻlgan boʻlish kerak.
  • Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi, ayni paytda Oʻzbekistonda yashayotgan va oʻqiyotgan boʻlishi kerak.
  • Ayni vaqtda akkreditatsiyadan oʻtgan Oʻzbekistondagi universitetlardan birining bakalavriat bosqichida uzluksiz ta’lim (full-time) shaklida oʻqiyotgan talaba boʻlish kerak.
  • Global UGRAD dasturi boshlanguniga qadar universitetda kamida bir semestrni tugallagan boʻlishi kerak.
  • UGRAD dasturi tugagach nomzod Oʻzbekistondagi oliygohida kamida 1 semestr yoki shunga teng muddat davomida oʻqishi kerak.
  • Yetakchilik qobiliyatiga ega boʻlish va buni akademik faoliyati, jamoatchilik ishlari va oʻqishdan tashqari mashgulotlarda qatnashganlik orqali koʻrsatib bera olish kerak.
  • Ingliz tilida yozish va erkin soʻzlashuv koʻnikmalariga ega boʻlishi kerak. Keyinchalik oxirgi bosqichga tanlab olinganlardan TOEFL iBT imtihonini topshirish talab etiladi. TOEFL imtihonini topshrish xarajatlari ham qoplab beriladi.
  • 2024-yilning avgustidan (kuzgi semestr) yoki 2025-yilning yanvaridan (bahorgi semestr) AQSHda oʻqishni boshlash imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
  • Dasturda ishtirok etish uchun zarur AQSH J-1 talabalik vizasi olish talablariga mos boʻlish kerak.
  • Oʻqish muddati tugagandan soʻng toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekistonga qaytib kelishi shart.

Eslatma: Dastur uchun nomzodlarni tanlashda AQSH yoki xorijda boʻlmagan yoki qisqa muddat boʻlganlarga koʻproq urgʻu beriladi. AQSH hukumati tomonidan moliyalashtirilgan va muddati 6 haftadan uzoq boʻlgan almashinuv dasturida qatnashganlar Global UGRAD dasturiga ariza topshirish vaqtida avvalgi almashinuv dasturidan qaytgach, kamida 2 yil davomida Oʻzbekistonda yashagan boʻlishi kerak (almashinuv dasturidan qaytganidan soʻng kamida 2 yil Oʻzbekistonda yashamaganlar Global UGRAD dasturiga ariza topshira olmaydi).

Kimlar hujjat topshira olmaydi?

  • AQSH fuqarolari va doimiy rezidentlari;
  • Ayni vaqtda Oʻzbekistondan tashqarida yashayotgan, oʻqiyotgan va ishlayotganlar;
  • Global UGRAD dasturida avval qatnashganlar;
  • Xorijda Amerika missiyasi boʻyicha ishlayotgan mahalliy xodimlar, AQSH Davlat departamenti va AQSH Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID)da ishlayotgan yoki ishlaganlariga bir yildan oshmagan xodimlar;
  • Xorijda Amerika missiyasi boʻyicha ishlayotgan mahalliy xodimlarning, AQSH Davlat departamenti va AQSH Xalqaro hamkorlik agentligida (USAID) ishlayotganlarning oila aʼzolari; shunngdek, yuqoridagi tashkilotlarda ishi tugaganiga bir yildan oshmagan xodimlar;
  • AQSH Davlat departamenti va USAID tashkiloti xodimlarining yaqin qarindoshlari (yaʼni turmush oʻrtogʻi va farzandlari); ishdan boʻshaganiga 1 yildan oshmagan shunday xodimlarning oila aʼzolari ham ariza topshira olmaydi.

Dedlayn:

Hozirda 2024-2025-yilgi dastur uchun hujjatlar qabul qilinmoqda. Qabul 2025-yil 15-dekabrgacha davom etadi. 

Hujjatlar:

Dasturda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar lozim:

  1. Toʻldirilgan ariza.
  2. 2 ta motivatsion insho (insholar mavzusi arizada koʻrsatilgan boʻladi).
  3. Pasport nusxasi.
  4. Universitetda hozirgacha oʻtgan fanlari va ulardan olgan baholari (ingliz tilida yoki ingliz tiliga tarjima qilingan golda).
  5. Ikkita tavsiyanoma (ingliz tilida yozilgan yoki ingliz tili tarjima qilingan, tasdiqlangan holda). Akademik tavsiyanoma tayyorlash uchun maxsus shakl berilgan. Akademik tavsiyanoma uchun koʻrsatmalar bilan SHU YERDA, ikkinchi tavsiyanoma uchun koʻrsatmalar bilan SHU YERDA batafsil tanishishingiz mumkin.

Qanday tartibda topshiriladi?

  • Dastlab akkaunt ochish uchun roʻyxatdan oʻtish lozim va onlayn arizadagi savollarga javob beriladi. Akkaunt ochish va onlayn arizani toʻldirish uchun SHU YERGA kiring.
  • Ingliz tilida yozilgan yoki tarjima qilingan va tasdiqlangan tavsiyanomani yuklang. Tavsiyanomalardan biri – akademik tavsiyanoma oʻqish sohangiz va oʻqishingizdan xabardor boʻlgan universitetdagi oʻqituvchi tomonidan, ikkinchi tavsiyanoma universitetdagi oʻqituvchi YOKI ish beruvchingiz, sizning qoʻshimcha mashgʻulotlaringizdan xabardor murabbiy, almashinuv dasturi koordinatori yoki nazoratchi tomonidan yozilgan boʻlishi kerak.
  • Universitetda oʻqigan yillar uchun olingan baholar yozilgan hujjatni yuklang. Baholar universitetning rasmiy qogʻoziga chop etilgan va dekan yoki prorektor/rektor tomonidan imzolangan va muhr qoʻyilgan boʻlishi kerak.
  • Boshqa so’ralgan hujjatlarni ham yuklaysiz.
  • Arizangizning barcha qismlari toʻldirilganidan keyin va hamma hujjatlar yuklab boʻlinganidan soʻng “Submit” tugmasini bosing va joʻnating. Ariza topshirilgandan keyin oʻzgartirishning imkoni yoʻq, shuning uchun maʼlumotlarni yaxshilab tekshirib chiqing.

Tanlovdan oʻtish

  • Barcha ishtrokchilar ochiq tanlovdan oʻtadilar. Komissiya hamma mos keluvchi arizalarni koʻrib chiqadi. Yarim finaldan oʻtganlar suhbatga chaqiriladi.
  • Suhbatdan oʻtganlar TOEFL imtihoni topshiradilar. Barcha sinov xarajatlari AQSh hukumati tomonidan qoplanadi;
  • Tanlovdan oʻtganlar tibbiy koʻrikdan oʻtadilar va dastur boshlangunga qadar zaruriy emlash muolajalarini oladilar.

Savollar yuzasidan Tashkent-Program@state.gov elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin. Email yozganda mavzuga Global UGRAD deb yozish kerak.

Koʻp beriladigan savollar va ularga javoblar bilan SHU YERDA tanishing.

2018-2019-yildagi UGRAD grantini qoʻlga kiritib, AQSHda tahsil olgan talaba bilan suhbatni SHU YERDA oʻqing.

2019-2020-yildagi UGRAD grantini qoʻlga kiritib, AQSHda tahsil olgan talabalarning ariza shaklidagi insholari namunalari bilan SHU YERDA tanishing.

2021-2022-yildagi UGRAD grantini qoʻlga kiritganlar ishtirokida tayyorlangan tahliliy maqolani BU YERDA oʻqing.

Manba: Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasi

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!