×

DAAD ERP dasturi g’olibi Ismoil Karimov bilan suhbat: DAAD dasturini yutishda muhim omil nima?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

1818 marta

CHOP ETILGAN

18.08.2023

Grantlar.uz jamoasi Germaniyada magistratura bosqichida tahsil olish uchun DAAD ERP toʻliq grantini yutib olgan hamyurtimiz Ismoil Karimov bilan suhbat qildi. Ushbu suhbatni eʼtiboringizga havol etamiz.

1. Assalomu alaykum, Ismoil. Dastlab oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Assalomu alaykum. Ismim Ismoil Karimov. 2001-yil, 9-oktyabrda Sirdaryo viloyatida tug’ilganman. Shu yili (2023-yilda) Toshkent Moliya Institutining Iqtisodiyot yo’nalishida bakalavrni bitirdim. DAAD ERP stipendiyasi sohibiman.

2. DAAD o’zi qanday dastur, biroz ma’lumot bera olasizmi?

DAAD aslida Germaniya Akademik Almashinuv Xizmati bo’lib, turli grant dasturlarini taqdim etadigan tashkilot hisoblanadi. Men yutib olgan dastur DAAD ERP bo’lib, magistraturani iqtisod va biznes boshqaruvi sohasida Germaniya universitetlaridan birida o’qish imkoniyatini beradi.

3. Dasturni qo’lga kiritganlar qanday iqtisodiy imtiyozlarga ega bo’ladi?

Dastur imkoniyatlari juda keng bo’lib, DAAD grantini qoʻlga kiritganlarga quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:

  • Oyiga 934 yevro stipendiya.
  • Tibbiy sugʻurta xarajati qoplanadi.
  • Germaniyaga borish va kelish xarajatlari qoplanadi.
  • Oʻqish va tadqiqot xarajatlari uchun bir martalik toʻlov (260-460 yevro).

Ayrim hollarda, yuqoridagi imtiyozlardan tashqari quyidagi qoʻshimcha moliyaviy yordam ham berilishi mumkin:

  • Ijara haqi uchun oylik mablag’.
  • Oila aʼzosi uchun qoʻshimcha mablagʻ.
  • Nogironlik yoki surunkali kasallik subsidiyasi.

Shuningdek, talaba Germaniyada vaqti nemis tilini oʻrganishi uchun DAAD quyidagi imkoniyatlarni taklif etadi:

  • Onlayn nemis tili kursi toʻlovi toʻlab beriladi.
  • Zarur hollarda, Germaniyada oʻqishni boshlashdan avval nemis tili kursi (2, 4 yoki 6 oy).
  • Germaniyada oʻqish vaqtidagi shaxsan tanlangan nemis tili kursi toʻlovi uchun mablagʻ.
  • TestDaF yoki DHS imtihoni toʻlovi qoplab beriladi.

Asosiysi, DAAD dasturi g’oliblari Germaniyaga viza olishda so’raladigan bloklangan bank hisobi ochish va unga 11 208 yevro miqdorida (2023-yil hisobiga ko’ra) pul qo’yishdan ozod etiladi.

4. Dastur talablari qanday?

  • Dasturga iqtisod sohasida magistraturani o’qimoqchi bo’lgan va Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi yo’nalishida bakalavr darajasiga ega bo’lgan barcha ariza topshirishi mumkin. Qoidaga koʻra, nomzodning universitetni bitirganiga 6 yildan oshmagan boʻlishi kerak. Dastur boshlangunga qadar bakalavriatni tugatuvchi nomzodlar, ya’ni 4-kurs talabalari ham ariza topshirishi mumkin.
  • Nomzod oʻzi tanlagan universitet(lar)ining qabul talablari, jumladan, til talablariga mos boʻlishi lozim. Shuningdek, DAAD grantiga ariza topshirish vaqtida ham tegishli til sertifikatiga ega boʻlishingiz kerak (nemis tilida oʻqishni tanlasangiz, TestDaF, DHS, Goethe-Zertifikat va h.k.; ingliz tilida oʻqishni tanlasangiz, IELTS, TOEFL, PTE va h.k.).
  • Ariza topshirish vaqti holatiga koʻra, Germaniyada 15 oydan ortiq muddat davomida yashab kelayotganlardan arizalar qabul qilinmaydi.

5. Dastur uchun qanday hujjatlar talab etiladi? Hujjat topshirish necha bosqichdan iborat?

Ariza topshirish jarayoni quyidagicha:

  • Dastlab, oʻzingizga mos universitet va yoʻnalishni toping oling. 3 tagacha universitet tanlash mumkin.
  • Keyin ariza topshirish portalida roʻyxatdan oʻtish va hisob (account) ochish kerak.
  • Keyin portaldagi hisobingiz orqali kerakli hujjatlarni topshirish kerak.

Hujjat topshirish jarayonidan saralangan nomzodlargina keyingi suhbat bosqichiga taklif qilinadi.

Talab etiladigan hujjatlar:

  • CV
  • Motivatsion xat
  • O’quv rejasi
  • Tavsiyanoma
  • Baholar, transkript, mavjud bo’lsa diplom. Qolaversa, maktab yoki akademik listey/kollej baholari ham so’raladi.
  • Til sertifikati. Ingliz yoki nemis tilidan kamida B2 daraja talab etiladi.
  • Qo’shimcha sertifikatlar.

6. Dasturga ariza topshirishda baholarning o’rni qanday?

Baholar grantga topshirishdagi talablardan biri hisoblanadi. Mutaxassislik fanlardan baholar past bo’lmasligi kerak. Iloji boricha ko’rsatkichni 80% (100% tizimda) tushirmagan ma’qul. Shaxsan o’zimniki o’rtacha o’zlashtirish ko’rsatkichim – GPA 4,51 (5.0 dan) bo’lgan.

7. Til bilish darajangiz qanaqa edi, grant yutishda bu qanchalik ahamiyatli?

Tanlagan dasturi bo’yicha ingliz yoki nemis tilidan til sertifikati (kamida B2 daraja) bo’lishi kerak. Agar bakalavrni ingliz tilida o’qigan yoki o’qiyotgan bo’lsangiz til sertifikati talab etilmaydi. Men DAADga topshirayotgan paytim til sertifikatimning muddati o’tib ketgan va dedlayngacha qayta IELTS topshirishga ulgurolmasdim. Shuning uchun muddati o’tgan IELTS bilan ham topshiraverganman. Lekin buni hech kimga maslahat bermayman. Iloji boricha kamida 6.5 IELTS bilan dasturga topshiring. Dasturga qabul qilinganimdan keyin C1 (IELTS 7,5) sertifikat olganman. Nemis tilidan rasmiy sertifikatim bo’lmagan.

8. Nemis tilini bilish qanchalik ahamiyatli? Nemis tilini bilmasdan grant yutish mumkinmi?

Men Gyote instituti tomonidan tashkil etilgan kurslarga qatnashganman va dasturga ariza topshirayotgan paytda nemis tilini B1 daraja bilar edim, yuqorida aytganimdek, rasmiy sertifikatim bo’lmagan. Lekin nemis tilini bilmayman, deb dasturga topshirishdan o’zingizni to’xtatmang. Ingliz tili bilan ham dasturda g’olib bo’lish mumkin. Shunday bo’lsa ham, nemis tilini boshlang’ich darajada o’rganib qo’yishingizni tavsiya etaman. Dastur talabiga ko’ra, ingliz yoki nemis tilini kamida B2 darajada bilish kerak.

9. Ish tajribasi talab etiladimi? Volontyorlik harakatlari hisobga olinadimi?

Talablarda ish tajribasi so’ralmagan, menda ham rasmiy ish tajribasi yo’q edi. Lekin ko’p joyda amaliyot qilganman. Sohangizga doir tashkilotlarda ko’proq amaliyot qilishni tavsiya qilaman. Sertifikat yig’ish uchun emas, tajriba yig’ish uchun amaliyot qilish muhim.

10. Dasturga qabul qilinishda nimaga alohida e’tibor qaratish muhim deb hisoblaysiz?

Dasturga qabul qilinishda o’z sohangiz bo’yicha qilgan ishlaringiz, ya’ni biron bir kompaniyada amaliyot o’taganingiz, konferensiyalarda qantashganingiz, oldin boshqa bir grant dasturini g’olibi bo’lganingiz ham ma’lum bir rol o’ynaydi.

Menda bu faktorlarning deyarli hammasi bo’lgan. Jumladan:

  • MFaktor, O’zbekiston milliy banki (NBU) va Bankers.uz kompaniyalarida amaliyot o’taganman.
  • Osh shahrida Markaziy Osiyo va Afg’oniston o’rtasida bo’lib o’tgan «Iqlim o’zgarishi va suv tanqisligi» mavzusidagi konferensiyada O’zbekiston nomidan delegat bo’lib qatnashganman.
  • Bishkekdagi YXHT (OSCE) akademiyasida «Iqtisodiy boshqaruv va rivojlanish» yo’nalishi bo’yicha yozgi maktabda o’qiganman.
  • Slovakiya Milliy Stipendiyasi bo’yicha Slovakiyada joylashgan Matej Bel Universitetida bir semester o’qib kelganman.

11. Suhbat bosqichida, ya’ni intervyu jarayonida nimalarga ahamiyat berish kerak, sizdan qanday savollar so’ralgan?

Intervyu boshida tanlagan universitetlaringiz, nega Germaniyada o’qimoqchi ekaningiz haqida savollar beriladi. Shuningdek, o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz, mutaxassisligingiz bo’yicha savollar beriladi. Menga berilgan savollarning ba’zilari quyidagilar:

  • Ekonometrikada tadqiqot qilish uchun qanday metodlardan foydalaniladi?
  • Iqtisodda raqamlashish deganda nimani tushunasan?
  • Markaziy bank asosiy stavkani oshirishi ishsizlikka qanday ta’sir qiladi?
  • STATA dasturida statistik muhimlilik qachon ro’y beradi?
  • Big Mac indeks nima?
  • Oltin standardi nima?
  • Va boshqa bakalavr tezisga oid savollar.

Suhbatda hammadan nemis tilini bilasizmi, deb so’rashgan. Shu savolga javob berish uchun ham nemis tilini boshlang’ich darajada o’rganib qo’yish kerak.

12. Ushbu grantni qo’lga kiritmoqchi bo’lganlarga qanday maslahat bera olasiz?

O’z sohangizni yaxshi o’rganing. Mutaxassisligingiz bo’yicha amaliyot qiling, xalqaro konferensiyalarga qatnashing. Umumiy ta’lim yo’nalishini tanlamang. Masalan, bakalavrni Iqtisodiyot yo’nalishida bitirgan bo’lsangiz, magistraturada biron iqtisodiyotning yo’nalishi: ekonometrika yoki iqlim iqtisodiyoti singari sohaga ixtisoslashing. Maqsadni aniq qo’ying va aslo to’xtamang.

Mazmunli suhbat uchun Grantlar.uz jamoasi Ismoil Karimovga alohida minnatdorchilik bildiradi. Ismoilning kelgusi o’qish va ishlarida zafar tilab qolamiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!