×

Fransiyada o’qish uchun to’liq grant yutib olgan O’zbekistonlik talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

11234 marta

CHOP ETILGAN

04.06.2019

Eslatma: Mazkur suhbat 2019-yili uyushtirilgan. Suhbatda keltirilgan grantga oid talablar, hujjatlar tarkibi va boshqa maʼlumotlar keyingi yillarda oʻzgarishi mumkin.

Fransiya hayot tarzi, joylashuvi va ta’lim sifati sababli minglab talabalarni o’ziga jalb qiluvchi davlatlardan biridir. Fransiya hukumati tomonidan har yili eng iqtidorli talabalar uchun ajratilagan ta’lim grantlari esa eng tirishqoq nomzodlarga nasib etadi. O’zbekistonlik talabalar ham turli dasturlar doirasida Fransiyada grant asosida tahsil olish imkoniyatiga ega. Donoxon Abulkasimova – Fransiya Hukumati tomonidan taqdim etiladigan eng nufuzli grantlardan biri – Bourses du Gouvernement Français grantini yutib olishga muvaffaq bo’lgan iqtidorli yosh mutaxassis (hozirda bu granr “France Excellence” deb nomlanadi). Quyida grant va hujjat topshirish jarayoni haqida ma’lumot olish maqsadida Donoxon bilan uyushtirilgan suhbat bilan tanishishingiz mumkin.

O’zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Ismim Abulkasimova Donoxon Abdumannobovna, Toshkent shahrida tavallud topganman. Toshkent Moliya Institutida bakalavr va masturatura bosqichlarida tahsil olganman. Hozirda Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisida ishlayman. Shuningdek, Toshkent Moliya Institutida menejment, marketing fanlaridan dars beraman.

Siz yutgan grant haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.

2019-yil men Fransiya hukumati granti – Bourses du Gouvernement Français (BGF) ni yutib olishga muvaffaq bo’ldim. Fransiya hukumati 2019-2020 o’quv yilida Fransiyada magistraturada tahsil olmoqchi bo’lgan O’zbekistonlik talabalar uchun grantlar taqdim qildi.

Bu grant qanday moddiy manfaatlarni o’z ichiga oladi?

Grant yutib olgan talabaga 1 yil davomida 860 yevro stipendiya beriladi (2024-yildagi miqdor), uning safar va sug’urta xarajatlari qoplanadi.

Grantni yutish uchun talablar qanday?

Ushbu grantga hujjatlar topshirish uchun nomzod quyidagi talablarga mos bo’lishi kerak:

  • O’zbekiston hududida yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lishi;
  • bakalavr 4-bosqich talabasi yoki bakalavr diplomiga ega bo’lgan bo’lishi;
  • fransuz yoki ingliz tilida kamida B2 darajasiga ega bo’lishi va
  • o’qish tugagandan so’ng O’zbekistonga qaytishi zarur.

Grant yutib olish uchun alohida tayyorgarlik ko’rganmisiz?

Ushbu grant haqida 2018-yil noyabr oyida xabar topdim. Ikki joyda ishlashim va vaqt tanqisligi tufayli grantga hujjat toshirish uchun alohida tayyorgarlik ko’ra olmadim. Shuni aytmoqchimanki, hujjat topshirishga tayyorlanishda shunchaki hujjatlarning adashmasdan to’plash mumkin xolos. Chet elda o’qish niyati bo’lgan inson 3-4 oy ichida o’zini grant talablariga tayyorlashi qiyin masala, chunki faqat til bilishning o’zi yetrali emas. Bunga yillar davomida harakat qilish kerak. Misol uchun, Yevropa universitetlariga o’qishga kirish uchun yuqori baholar, jamoat ishlaridagi faollik (volantyorlik, o’talgan amaliyotlar va hkz.) va ba’zi hollarda ish tajribasi talab qilinadi. Agar bu talablarga javob bersangiz, hujjatlarni tayyorlab, ariza berish uchun ehtiyotkorlik va e’tiborlilikdan boshqa alohida tayyorgarlik shart bo’lmaydi.

Ushbu dasturlarga ariza berishda qanday hujjatlar taqdim etiladi? (qisqacha)

Talab qilinadgan hujjatlar:

  1. To’ldirilgan ariza formasi;
  2. Motivatsipn xat;
  3. 2 ta tavsiyanoma;
  4. Diplomning ingliz yoki fransuz tilidagi rasmiy tarjimasi nusxasi;
  5. Diplom ilovasi;
  6. IELTS setifikati (kamida 6.5).

Grantga hujjat topshirish uchun yuqoridagi hujjatlarni Toshkentdagi Campus France agentligi (O’zbekistondagi Fransuz alliansi)ga olib borib berish yoki Toshkentdagi Fransiya elchixonasiga pochta orqali yuborish zarur.

Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Ariza formasini to’ldirishda, siz tahsil olmoqchi bo’lgan 3ta Fransiya universitetlari va magistratura dasturlari ko’rsatilishi lozim. Universitetga qabul qilinish imkoniyatini oshirish uchun bir nechta universitetga hujjat topshirish tavsiya qilinadi.

Motivatsiya xatini yozishda, dastur va tahsil olmoqchi bo’lgan universitet talablari bilan yaqindan tanishib chiqish muhim. Xat mazmuni ijobiy va kelajakka yo’naltirilgan bo’lishi; unda nima uchun aynan ushbu dasturni tanlaganingiz va tanlangan magistratura dasturi nima uchun siz uchun to’g’ri ekanligini ko’rsatish, hozirgacha erishgan yutuqlaringiz tanlangan dasturga qanchalik mos kelishi korsatilishi zarur. Shuningdek, o’zingizning kuchli taraflaringiz, shaxsiy qobiliyatlaringiz, avvalgi tajribangizni (ta’lim, volontyorlik va ijtimoiy ish) va boshqalardan ajratib turuvchi jihatlaringizni ko’rsatib berishingiz kerak.

Tavsiyanomalar sizni ikki tomondan ko’rsatib beruvchi shaxlardan olinishi maqsadga muvofiq. Masalan, universitet professori sizni darslardagi faolligingiz va akademik jihatdan ko’rsatsa, ish joyidan yoki universitet dekanati tomonidan berilgan tavsiyanoma sizning darsdan tashqaridagi faoliyatingiz va jamoat ishlaridagi faollingizni ko’rsatib beradi. Tavsiyanomalar aynan siz haqingizda yozilgan bo’lishi zarur, umumiy gaplardan foydalanish tavsiya qilinmaydi.

Hujjatlar berilgan muddatning oxirgi kuni emas, kamida 1 hafta oldin topshirilishi tvavsiya qilinadi. Zero oxirgi fursatda kutilmagan vaziyatlar tufayli hujjatlaringiz pochtada ushlanib qolinishi va yetib bormasligi mumkin.

Dasturga qabul necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Hujjat topishirish muddati fevral oyi o’rtasiga to’g’ri keladi. Mart oyi boshida arizalar ko’rib chiqiladi va ilk saralashda muvaffaqqiyatli o’tgan nomzodlar intervyuga taklif qilinadi. Aprel oyida tanlov natijalari e’lon qilinadi.

Suhbat  jarayonida qanday savollar so’ralgan?

Suhbat davomida tanlagan magistratura dasturi, qisqa va uzoq muddatli rejalaringiz, dasturdan nimalar kutayotganiz haqida savollar beriladi. Suhbat o’rtacha 20-30 daqiqa  davom etadi.

Suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Suhbat boshida 7-10 daqida o’z “proyektingiz” haqida gapirib berasiz. Proyekt deganda Fransiyada nima qilishingiz, maqsad, kutayotgan natijalaringiz va erishmoqchi bo’lgan natijalar, bilim va tajribalarni nima yo’naltirishingiz nazarda tutiladi. Suhbatda motivatsion xatda yozganlarni qaytarish emas, ularni yana to’ldirish tavsiya qilinadi. Suhbatning ikkinchi savol-javoblar qismida berilgan savollarga ijobiy yondashgan holda javob berish zarur.

Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

Eng asosiy omillardan biri bu aniq maqsadga ega bo’lish; va unga erishishda topshirmoqchi bo’lgan grant va universitetning ro’lini ko’rsatib bera olish deb o’ylayman. Undan tashqari, ijtimoiy faol inson bo’lish ham muhim: jamoat ishlarida, turli konferensiya, tadbir va ijtimoiy harakatlarda ishtirok etish nafaqat rezyumengizni boyitadi, balki juda katta tajriba olish imkonini ham beradi. Faqat til va darslardagi yaxshi baholarga tayanish hozirgi raqobatda yetarli bo’lmaydi.

Siz o’qishga qabul qilingan OTM va dastur haqida nimalarni bilasiz?

Men Bordeaux universiteti Menejement maktabining “Xalqaro Biznes Menejment” (Master 2: International Business Management- IBM) magistratura dasturiga qabul qilindim. (Fransiyada magistratura ikki turga bo’linadi: Master 1 va Master 2). Bordeaux universiteti dunyo reytingi (QS World University Ranking by Subject) bo’yicha eng oldi menejment dasturlarini taklif qiladi.

Ushbu dastur 1 yil muddatga mo’ljallangan bo’lib, yarim yil o’qish, unda yarim yil tashkilotda amaliyot o’tash nazarda tutilgan. O’qish tugagach avgust oyida diplom himoyasi bo’lib o’tadi. Amaliyot (stajirovka) vatida esa olingan nazariy bilimlarni amaliyotda sinab ko’rish imkoniyatiga ega bo’lasiz. Bu dastur chet elda ta’lim olish bilan birga ish tajribasiga ham ega bo’lish imkoniyatini beradi.

Dastur tarkibiga darsdan tashqari sayohat yoki safarlar kiritilganmi?

Dasturga asosiy fanlardan tashqari fransuz til kurslari va madaniy dasturlar ham kiritilgan. Bundan tashqari Fransiya shengen hududida joylashgani dam olish kunlari va ta’til vaqtida butun Yevropa bo’ylab sayohat qilish imkonini beradi.

Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

Ushbu sayt foydalanuvchilar uchun juda qulay shaklda yaratilgan, ya’ni ma’lumotlar to’g’ri tartibda va topish uchun oson qilib joylashtirilgan. Shuningdek, bu vebsaytni aynan O’zbekiston yoshlari uchun amal qiladigan ta’lim dasturlari va grantlarning umumiy bazasi deb qarash ham menimcha to’g’ri bo’ladi. Sayt jamoasi ishlarida muvaffaqiyat tilayman!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!