1. Assalomu alaykum, Xumora. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.
Assalomu alaykum. Ismim Xumora Nurmurodova. Asli samarqandlikman. Hozirda Germaniyaning Bavariya oʻlkasi, Bamberg shahrida joylashgan Otto-Fridrix nomidagi Bamberg Universitetida oʻqituvchilikka tayyorlov kursida Boshlangʻich taʼlim sohasida tahsil olaman. Oʻqituvchilikka tayyorlash kurslari darajasi boʻyicha bakalavriatga teng hisoblanadi. Ayni damda (2021-yil, mart) 6-semestr talabasiman. Germaniyaga kelishdan oldin Samarqand davlat chet tillari institutida Roman-german filologiyasi fakulteti nemis tili boʻlimida bakalavriatni bitirganman.
2. Universitetda nemis tilida oʻqir ekansiz. Tilni qanday va qayerda oʻrgangansiz?
Nemis tilini Oʻzbekistonda oʻrganganman. Samarqand davlat universiteti qoshidagi 1-sonli akademik litseyida Xorijiy filologiya yoʻnalishida nemis tilini oʻrganganman, 2-tilim ingliz tili boʻlgan. 2010-2014-yillarda esa Samarqand davlat chet tillari institutida nemis tilini yanada chuqurlashtirib oʻrganganman.
3. Siz oʻqiydigan universitetda yillik kontrakt summasi qancha?
Germaniyaning davlat universitetlarida, jumladan, Bamberg universitetida ham oliy taʼlim bepul. Shu sababli davlat universitetlarida oʻqiyotgan mahalliy talabalar ham, xorijlik talabalar ham kontrakt summasi (tuition fee) toʻlamaydi.
Lekin talabalar, 2021-yil mart oyi holatiga koʻra, har semestrda 101 yevro 50 sent miqdorida maʼmuriy toʻlov toʻlashi kerak. Keyingi yillarda maʻmuriy toʻlov miqdori bir oz oʻzgarishi mumkin. Buning 60 yevrosi talabalarga koʻrsatiladigan universitet xizmatlari uchun olinadi, qolgan 40 yevrosiga talabaga 1 semestr davomida Bamberg shahridagi barcha jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beruvchi chipta beriladi. Bundan boshqa universitetga toʻlanadigan badal yoʻq.
Lekin Germaniyadagi tartibga koʻra, har bir talaba sugʻurta qilingan boʻlishi kerak. Sugʻurta xarajati talabalarga oyida 100-110 yevroga toʻgʻri keladi. Bu talabalar uchun arzonlashtirilgan narx.
4. Universitetga Oʻzbekistondan turib hujjat topshirganmisiz yoki hujjat topshirish vaqtida Germaniyada boʻlganmisiz?
Germaniyada boʻlganman. Dastlab Germaniyaga Au Pair dasturi orqali kelganman (nemis oilalarida ishlashga moʻljallangan dastur). Bu dastur tugagach, maktabda bir yil FSJ amaliyotini oʻtaganman. Shu amaliyot tugashidan oldin universitetga hujjat topshirib, qabul qilinganman va vizamni talaba vizasiga oʻzgartirib, oʻqishga qolganman.
5. Oʻqituvchilikka tayyorlov kurslari talabalari va bakalavrlar uchun Germaniyada haftasiga necha soat ishlashga ruxsat etilgan?
Yevropa Ittifoqi tarkibiga kirmaydigan talabalarga (oʻzbek talabalar ham) yiliga 120 kun toʻliq ish kuni yoki 240 kun yarim ish kunida ishlashga rasman ruxsat berilgan. 1 kunlik toʻliq toʻliq ish kuni 8 soatlik ishdan iborat. Qaysi oylarda yoki haftada necha kun ishlasangiz ham bir yilda umumiy ishlagan kunlaringiz 120 toʻliq ish kunidan oshib ketmasa boʻldi. Odatda talabalar, qayerda ishlashiga qarab, soatiga oʻrtacha 9,5-12 yevro haq oladi. Ayrim firmalar soatiga 22 yevrogacha haq toʻlaydi.
Nemis tilini bilsangiz, oson ish topasiz. Nemis tilini butunlay bilmaydigan, faqat ingliz tilini biluvchilar ham ish topa oladi. Germaniyada odatda koʻp yerlarda ishchi yetishmaydi, masalan, oddiy doʻkonlarda ham. Faqat ingliz tilini bilsangiz ham yigʻishtirish, doʻkonda mahsulotlarni joylashtirish kabi ishlarga oladi. Pochtada ishlash uchun ham nemis tilini bilish shart emas.
Shuningdek, Facebookʼda ham Germaniyadagi oʻzbeklar guruhi bor. Ulardan ham ish topish boʻyicha maslahat soʻrash mumkin.
Ish topishda boshlanishida juda yaxshi ish boʻlmasligi mumkin, lekin xarajatlaringizni qoplay olish darajasida ish topish har doim mumkin. Masalan, men oʻzim Au Pair dasturi boʻyicha kelgan oilamda ishni bogʻlarini tozalash ishlari bilan boshlaganman.
6. Ham ishlab, ham oʻqir ekansiz. Yashash xarajatlari va boshqa chiqimlarning barchasini oʻqish davomida ishlash orqali qoplasa boʻladimi?
Ha. Germaniyada ham oʻqib, ham ishlasangiz yashash, sugʻurta toʻlovlari, semestr badali va boshqa xarajatlaringizni bemalol qoplay olasiz.
7. Bir nafar talabaning Germaniyada yashashi uchun oyiga oʻrtacha qancha mablagʻ ketadi?
Uniersitetga semestr toʻlovi, sugʻurta toʻlovlari, oziq-ovqat, turar joy, kiyim-kechak va boshqa xarajatlarni ham qoʻshib hisoblaganda, bir oyda talaba oʻrtacha 700-900 yevro ishlatadi. Turar joyni qanchaga topishingiz, qanday kiyim olishingiz va shu kabilarga qarab bu summa biroz oʻzgarishi mumkin, albatta.
8. Sizningcha, Germaniya taʼlim tizimida oʻqishning afzallik va noqulaylik/kamchilik tomonlari nimalardan iborat?
Germaniyada oʻqishning afzalliklari anchagina. Birinchidan, oʻqish davomida ishlash uchun imkoniyatlar juda katta. Oson ish topasiz. Oʻqish davomida ota-onangizga ogʻirligingiz tushmaydi, oʻz noningizni oʻzingiz topib yeysiz.
Ikkinchidan, talaba oʻqiyotgan semestrlari sonini uzaytirish mumkin. Masalan, oʻqituvchilikka tayyorlov kursi 7 semestr davom etadi, lekin semestrlarda kamroq darslar olib, oʻqishni 9 semestrgacha uzaytirishingiz mumkin. Bakalavriat, magistratura va boshqa kurs talabalari ham xuddi shu kabi bir semestr uchun kamroq dars olib, semestrlar sonini uzaytirishi mumkin. Uzaytirish mumkin boʻlgan semestrlar soni bosqich va sohaga qarab biroz farq qiladi (1 semestrdan 4 semestrgacha uzaytirish mumkin). Semestrni uzaytira olish talabaga anchagina yordam boʻlishi mumkin. Chunki ishlayotgan talaba oʻqishga yetarlicha vaqt ajrata olmasligi mumkin va kamroq dars olib, semestrlar sonini uzaytirish bunda ancha yordam beradi.
Uchinchidan, bu yerda oʻqish uchun kurslarini (fanlarni) oʻzingiz tanlay olasiz. Yana biror mavzuni oʻrganishingiz kerak boʻlsa, oʻsha mavzu uchun turli kurslar, seminarlar boʻladi. Oʻshalardan oʻzingizga maʼqulini tanlab, qatnashishingiz va kerakli ballni toʻplashingiz mumkin. Shuningdek, oʻqish jarayonida oʻzingizga koʻproq yoqadigan mavzularni tanlab, aynan shu mavzular boʻyicha oʻqishingiz mumkin.
Toʻrtinchidan, oʻqish uchun biror sohani tanlasangiz, aynan oʻsha sohaga taalluqli boʻlmagan fanlar yoki sohalar juda kam. Masalan, bu yerda jismoniy tarbiya yoki oliy matematikani oʻrganishim shart emas. Faqat oʻqituvchilikka aloqador kam sonli fanlarni oʻzlashtirishim talab etiladi.
Samarqand davlat chet tillari institutida esa soham nemis tili boʻlsa-da, sohamga umuman aloqador boʻlmagan jismoniy tarbiya, oliy matematika kabi bir qancha majburiy fanlar bor edi. Va sohaga aloqador boʻlmagan fanlarni oʻzlashtirishga qiynalardim. Qiynalganimdan keyin oʻqituvchi ham “Hmm, eplolmayapsan. Senga 2” deb past baho qoʻyishi mumkin edi. Natijada shu fandan oʻtish uchun pul toʻlashingizga toʻgʻri keladi (haqiqatga tik qaraydigan boʻlsak, shunday).
Faqat oʻzingizga kerak fanlarni oʻrganganingizda ortiqcha fanlar yuki boʻlmaydi. Shu sohani chuqurroq oʻrganishga koʻproq vaqt boʻladi. Xohishingiz boʻlmagan, sohangizga aloqador boʻlmagan fanlarni majburan oʻqib, oʻzlashtira olmaganingizda esa, asosiy sohangizni oʻrganishga boʻlgan motivatsiya ham kuchsizlanib ketishi mumkin.
Qisqa qilib aytganda, oʻzingizning sohangizni chuqur oʻrganishga barcha vaqt va quvvatingizni sarflay olasiz, xohlamagan fanlarni imtihonidan bir nima qilib oʻtib olsam boʻldi deya quvvat sarflab oʻqimaysiz.
Germaniyada oʻqishning kamchiliklariga kelsak, kamchilik emas, qiyinchiliklar bor deb aytgan boʻlardim. Yuqorida aytganimdek, qaysi fanni tanlash sizning zimmangizga boʻladi. Fanga oid darslar, seminarlarni ham oʻzingiz tanlab, dars jadvalingizni mustaqil shakllantirishingiz kerak. Bunda 2 ta fan yoki imtihon vaqti bir-biriga toʻgʻri kelib qolmasligi kerak. Mazkur dars jadvalini shakllantirish talabaga biroz qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.
9. Oʻqish va kundalik hayot davomida odatda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?
Oʻqishdagi qiyinchilik haqida oldingi savolda qisman javob berdim, yaʼni dars jadvali boshida qiyinchilik tugʻdirgan.
Oʻzbekistonlik yoshlar duch kelishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklardan yana biri – ilmiy ish va kurs ishlari yozishda ilmiy adabiyotlardan toʻgʻri foydalana olish masalasidir. Afsuski, bir qancha oʻzbek OTMlarida talabalarga bunday koʻnikmalarni jahon standartlariga mos ravishda yetkazib berish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.
Oʻz tajribamdan kelib chiqib aytsam, bu yerda har bir yozgan ishingizni – u oddiy referatmi, essemi, kurs ishimi yoki bakalavr ishimi – ilmiy adabiyotga asoslangan holda oʻz fikrlaringiz orqali ishlab chiqasiz. Shuningdek, ilmiy adabiyotdan olgan fikrlaringiz doim iqtibos sifatida belgilangan lozim. Aks holda ushbu ish plagiat hisoblanib, sizga qiyinchiliklar tugʻdiradi. Hatto talabalik huquqidan mahrum etilishgacha olib kelishi mumkin.
Bundan boshqa qiyinchilikka duch kelganman, deb aytolmayman. Biror narsaga tushunmasam yoki oʻzim bilmaydigan soha, fan yo masalaga duch kelsam, dotsentlar, masʼul xodimlari yoki doʻstlarimdan maslahat va savol soʻrab, hammasiga javob olganman. Ularning barchasi ochiq koʻngillilik bilan javob beradi, batafsil tushuntiradi va yordam beradi.
10. Talabalar uchun turar joy sharoitlari qanday?
Yotoqxona haqida aniq maʼlumot ayta olmayman, chunki yotoqxonada yashab koʻrmaganman. Oʻzim hozir ham Au Pair dasturi boʻyicha ishlashga kelgan nemis oilasi bilan yashayman. Shu uchun kvartira narxlari haqida ham aniq maʼlumotga ega emasman. Lekin talabalar kvartira ijarasi uchun kishi boshiga oyiga 250-500 yevro toʻlashadi, odatda. 250 yevroga kvartira topish qiyinroq. Oʻrtacha 300 yevro desam, toʻgʻri boʻladi, menimcha.
Shuningdek, bir nechta talaba bitta koʻp xonali uyni olsa, har bir talaba odatda bitta xonani ijaraga oladi. Oshxonadan esa umumiy foydalaniladi. Masalan, Samarqandda oʻqigan paytim bitta xonani 3-4 talaba boʻlishganmiz.
11. Talabalar uchun ijaraga kvartira topish qanchalik qiyin yoki oson? Ijaraga kvartira izlashda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
Buni juda qiyin deya olmayman. Internetda ijaraga turar joy topish uchun koʻplab veb-saytlar, Facebook guruhlari bor. Bundan tashqari universitetlarning oʻzida alohida doskalari boʻladi, u yerda ijara eʼlonlari qoldiriladi. Yoki universitet saytida ham turar joy topish boʻyicha sahifalar boʻladi. Shulardan qidirishingiz mumkin. Yoki shu kabi platforma va guruhlarga kvartira kerak deb eʼlon qoldirishingiz mumkin.
Qiyinchilik shuki, ijaraga koʻpincha uydagi alohida xonalar beriladi va siz topgan uyning boshqa xonalarida allaqachon boshqa talabalar yashayotgan boʻlsa, avval ular bilan suhbat qilishingiz kerak. Suhbatda ularga siz va ular sizga maʼqul boʻlsa, keyin shu uydagi xonani ijaraga olishingiz mumkin. Suhbatdan keyin javob aniq boʻlishiga koʻproq vaqt ketishi mumkin.
12. Germaniyada oʻqituvchilikka tayyorlov kursi va bakalavrlik kursida oʻqimoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklar uchun asosiy talablar nimalardan iborat?
Asosiy talablardan biri – bitirgan bosqichini Germaniya taʼlim tizimi tan olishi kerak. Kollej, litsey va maktabni bitirganlar toʻgʻridan-toʻgʻri bakalavriat yoki oʻqituvchilikka tayyorlov kursiga qabul qilinmaydi.
Kollejni bitirganlar Oʻzbekistonning oʻzida bakalavriatning 2-kursini bitirgach Germaniyada bakalavriatga qabul qilinishi mumkin. Yoki Oʻzbekistonda bakalavriatning 1-kursini bitirib, soʻng Germaniya universitetida 1 yillik tayyorlov kursini (Studienkolleg) oʻqisa, keyin bakalavriatga qabul qilinadi.
Oʻzbekistonda litseyni bitirganlar yo Oʻzbekistonda bakalavriatni 1-kursini bitirishi, yoki Germaniya universitetida 1 yillik tayyorlov kursini bitirishi kerak. Shundan keyin bakalavriat/oʻqituvchilikka tayyorlov kursiga qabul qilinadi.
Maktabni bitirganlar haqida aniq maʼlumotga ega emasman. Bu haqida topshirmoqchi boʻlgan universitetdan maʼlumot soʻrab olish mumkin. Masalan, men oʻqiydigan universitetda xalqaro boʻlimning tegishli boʻlinmasiga email yozsangiz, kerakli maʼlumotlar bilan taʼminlashadi hamda turli tavsiyalar berishadi.
Men Oʻzbekistonda bakalavriatni bitirganman va oʻqituvchilikka tayyorlov kursida topshirishda bakalavrlik diplomim boʻlgan.
Bundan tashqari tanlangan kursda oʻqish uchun belgilangan til talablarini bilishingiz va buni til sertifikatini taqdim qilish orqali isbotlashingiz talab etiladi. Asosiy talablar shular. Qolgan talablar bilan universitetimizning bakalavriat bosqichiga yoki oʻqituvchilikka tayyorlov kursiga taalluqli sahifaga kirib, tanishish mumkin.
13. Oʻqishni bitirganingizdan keyingi rejalaringiz qanday?
Germaniyada qolib, maktab oʻqituvchisi boʻlib ishlamoqchiman. Universitetda oʻqishni bitirganimdan keyin yozma davlat imtihonini topshiraman. Undan oʻtsam, boshlangʻich maktablarda 2 yillik amaliyot boshlanadi. Bunda boshqa oʻqituvchilar hamrohligida maktab bolalariga dars oʻtaman. Amaliyot tugagach, ogʻzaki imtihon boʻladi. Undan ham oʻtsam, keyin Bavariya boshlangʻich maktablarida ishlashim mumkin boʻladi.
Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Xumora: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.
Bamberg universiteti haqidagi maqola bilan BU YERDA tanishing.