×

Global UGRAD dasturi: baholar va til bilish dasturni yutish uchun qanchalik ahamiyatli?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

8769 marta

CHOP ETILGAN

10.05.2021

2021-2022 Global UGRAD dasturiga 11 nafar oʻzbek talaba qabul qilindi: ularning 8 nafari qiz, 3 nafari esa yigit talabalardir. Grantlar.uz jamoasi gʻoliblar bilan bogʻlanib, Global UGRAD dasturini qoʻlga kiritish yuzasidan tahliliy material tayyorladi. Quyida shu material eʼtiboringizga havola etiladi.

Mazkur maqolada quyidagilar bilan tanishasiz:

  • Global UGRAD dasturini qoʻlga kiritishda baholar qanchalik ahamiyatli?
  • Dastur gʻolibi boʻlish uchun til bilish darajasi qanchalik muhim?
  • Nega aynan mana shu 11 nafar talaba tanlab olingan? Ularning muvaffaqiyat siri nimada?
  • Nega bu yil qabul qilingan qizlar soni yigitlar sonidan 2 barobardan ham ortiqroq?

Demak, boshladik.

1. Global UGRAD dasturini qoʻlga kiritishda baholar qanchalik ahamiyatli?

Grantlar.uz jamoasi 2021-2022 Global UGRAD dasturi gʻoliblarining baholarini oʻrganib chiqdi. Ular quyidagicha (100 ballik tizimidagi ballar ham 5 ballik tizimga oʻtkazib hisoblangan):

  • Karimova Rayhona, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 2 bosqich talabasi. Rayhonaning oʻtgan fanlari 24 ta boʻlgan; baholari: 1 ta fandan “3” baho, 14 ta fandan “4” baho va 9 ta fandan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 4,3/5.
  • Khusanova Oydinoy, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining 2-bosqich talabasi. Oydinoyning oʻtgan fanlari 20 ta boʻlgan; barcha fandan baholari “5”. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 5/5.
  • Oʻktamjonova Marvarid, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining 3-bosqich talabasi. Marvaridning oʻtgan fanlari 41 ta boʻlgan; 1 ta fandan “3” baho, 19 ta fandan “4” baho, 21 ta fandan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 4,5/5.
  • Omonov Sherzodbek, Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi. Sherzodbekning oʻtgan fanlari 26 ta boʻlgan; 1 ta fandan “3” baho, 12 ta fandan “4” baho, 13 ta fandan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 4,8/5.
  • Yuldoshev Gʻulomjon, Urganch davlat universitetining 2-bosqich talabasi. Gʻulomjonning oʻtgan fanlari 21 ta boʻlgan; 1 ta fandan “3” baho, qolgan fanlardan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 4,9/5.
  • Omonova Barno, Termiz davlat universitetining 3-bosqich talabasi. Barnoning oʻtgan fanlari 39 ta boʻlgan; 2 ta fandan “3” baho, 7 ta fandan “4” baho, 30 ta fandan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 4,7/5.
  • Mirakova Shahzoda, Buxoro davlat universitetining 1-bosqich talabasi. Shahzodaning oʻtgan fanlari 9 ta boʻlgan; hammasidan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 5/5.
  • Zaynutdinov Zafarbek, Toshkent shahridagi Inha universitetining 2-bosqich talabasi. Zafarbekning oʻtgan fanlari 21 ta; 6 ta fandan “4” baho, qolgan fanlardan “5” baho. Demak, GPA (oʻrtacha koʻrsatkich) – 4,7/5.

Koʻrib turganingizek:

  • 2 nafar gʻolibning barcha bahosi “5”.
  • 1 nafar talabaning baholari “4” va “5”.
  • 4 nafar gʻolibda 1 tadan “3” bor.
  • 1 nafar gʻolibda 2 ta “3” bor.

Biroq hech bir gʻolibda GPA 4 dan past emas (eng past GPA 4,3).

Bundan shunday xulosa qilish mumkin: 1-2 ta (balki undan ham koʻproq) “3” bahosi borlar ham Global UGRAD dasturini qoʻlga kirita oladi, faqat GPA 4 dan past boʻlmasligi kerak.

2. Dastur gʻolibi boʻlish uchun til bilish darajasi qanchalik muhim?

Gʻoliblar Global UGRAD dasturiga hujjat topshirgan paytda ingliz tili boʻyicha quyidagicha koʻrsatkichga ega boʻlgan:

  • Karimova Rayhona – til sertifikatiga ega boʻlmagan; “Til bilish darajangizni qanday baholaysiz?” – deb soʻralganda “Til bilish darajam IELTS 6-6.5 darajada boʻlsa kerak”, – deb javob berdi Rayhona.
  • Khusanova Oydinoy – CEFR B2 sertifikatiga ega boʻlgan.
  • Oʻktamjonova Marvarid  IELTS 7.0 sertifikatiga ega boʻlgan.
  • Omonov Sherzodbek – til sertifikatiga ega boʻlmagan; “Til bilish darajangizni qanday baholaysiz?” – deb soʻralganda “Til bilish darajam IELTS 7-7.5 darajada boʻlsa kerak”, – deb javob berdi Sherzodbek.
  • Yuldoshev Gʻulomjon – IELTS 7.5 sertifikatiga ega boʻlgan.
  • Omonova Barno – IELTS 6.0 sertifikatiga ega boʻlgan, lekin yaqinda yana qayta imtihon topshirib IELTS 7.5 ball olgan.
  • Mirakova Shahzoda – IELTS 7.0 sertifikatiga ega boʻlgan.
  • Zaynutdinov Zafarbek – IELTS 6.0 sertifikatiga ega boʻlgan.

Demak, bundan shunday xulosa qilish mumkin: Global UGRAD dasturini qoʻlga kiritish uchun ingliz tilini hech boʻlmaganda IELTS 6 darajada bilish lozim. Albatta, til bilish darajasi qancha yuqori boʻlsa, dasturga qabul qilinish uchun shuncha ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Chunki insholarni ingliz tilida yozasiz, suhbat ingliz tilida boʻladi. Biroq IELTS 6 daraja bilan ham dasturni yutish mumkin ekan.

Shuningdek, Grantlar.uz jamoasi gʻoliblardan Global UGRAD dasturi uchun baholar va til bilish darajasining ahamiyati haqida ham soʻradi. Gʻoliblar quyidagicha javob qildi:

Oʻktamjonova Marvarid: Baholar va til bilish darajasi yuqori boʻlsa, yaxshi, albatta. Lekin bular hal qiluvchi omillar emas. Global UGRAD dasturida yetakchilik, jamiyatga foyda keltira olish asosiy urgʻu beriladigan jihatlardir.

Karimova Rayhona: Baʼzilar Global UGRAD dasturini qoʻlga kiritish uchun aʼlo baholarga ega boʻlish, til bilish darajasi nihoyatda yuqori boʻlishi kerak deb oʻylashi mumkin. Men buning aksini aytgan boʻlardim: aslida baholar va til bilish darajasi asosiysi emas. Chunki dasturning talablari butunlay boshqacha. Tashkilotchilar sizning qanchalik aʼlo oʻqishingiz yoki tilni qanchalik zoʻr bilishingizga qaramaydi. Asosiysi – jamiyatingizga foyda keltirishga boʻlgan harakatingizdir. Lekin tilni fikrlaringizni qiyinchiliksiz yetkazib bera olish darajasida bilishingiz kerak, albatta.

Omonov Sherzodbek: Til bilish darajasi haqida aytsam, bu sezilarli darajada ahamiyatga ega. Masalan, birinchi bosqich – hujjat topshirish jarayoni va bu bosqichdan oʻtish uchun tilni yetarli darajada bilish kerak, insholarni yaxshi yoza olish kerak. Ikkinchi bosqich esa – suhbat. Suhbatda ham til bilish darajasi ahamiyatli. Chunki fikrlaringizni ifoda eta olasizmi, ingliz tilidagi darslarni eplab keta olasizmi degan savollarga javob olishlari kerak, deb oʻyladim.

Baholarga keladigan boʻlsak, menimcha, ularning ahamiyati biz oʻylaganchalik katta emas. Albatta, baholarga ham eʼtibor berishadi, lekin bu asosiy omil emas, deb oʻylayman.

Mirakova Shahzoda: Dasturga hujjat topshirishda saytda koʻrgan mezonlarimni hisobga olsak, talabaning oʻzlashtirish va til bilish darajasi yuqori boʻlishi kerak, deb ishonch bilan ayta olaman. Lekin baholarning aʼlo boʻlishi hamda ingliz tilidan C1/C2 darajaga ega boʻlish dasturni qoʻlga kiritishingizni 100% kafolatlamaydi. Bulardan tashqari yetakchilik qobiliyati va ijtimoiy faollik, volontyorlik faoliyati ham kerak, deb oʻylayman.

UGRAD dasturi uchun jamiyatga hissa qoʻshish va uni yaxshilashga tayyor ekaningiz nihoyatga katta ahamiyatga ega. Boshqa almashinuv dasturlari kabi, UGRAD ham volontyorlik / ijtimoiy faollikda tajribaga ega talabalarni xohlaydi hamda odatda baholaringiz va ingliz tilini “mukammal” darajada bilishingiz ikkinchi darajaga tushib qolishi mumkin.

Yuldoshev Gʻulomjon: Baholar talabaning aqliy salohiyatini aniq koʻrsatmasligini yaxshi bilishadi, deb oʻylayman. Lekin baholarga ham maʼlum darajada eʼtibor berishadi. Baholari faqat “3” va “4”  boʻlgan talabani tanlashmasa kerak, nazarimda. Chunki ular xohlagan ijtimoiy faol va yetakchi talaba baholarini ham “eplab qoʻygan” boʻlishi kerak deb oʻylayman. Baholar eng muhimi emas, lekin ular, albatta, oʻrtacha oʻqiydigan talabalar bahosidan yuqori boʻlishi kerak.

Til bilish haqida aytadigan boʻlsak, til sertifikatiga ega boʻlmaganlar ham dasturni qoʻlga kiritishi mumkin. Demak, dastlabki bosqichda nomzodning tilini baholash uchun yagona manba – topshirilgan insholardir. Agar insho yetarli darajada yaxshi yozilgan va muallifning tarixi (background) baholovchilarga yoqsa, keyin suhbatga taklif qilishlari mumkin. Aynan suhbatda inshoni nomzodning oʻzi yozganmi, ingliz tilini aslida qay darajada biladi, aniqlab olishadi. Til sertifikatiga ega boʻlish shart emas, lekin ingliz tilini suhbat qila oladigan darajada bilishingiz kerak.

Omonova Barno: Baholar juda ham katta ahamiyatga ega emas, lekin bu baholar umuman rol oʻynamaydi degani emas. Baholar qaysidir maʼnoda bizning yuzimiz hisoblanadi. Baholar qancha yaxshi boʻlsa, nomzodning imkoniyatiga ijobiy taʼsir qiladi. Menda ham 2 ta fanda “3” bahom bor edi, biroz xavotir oldim. Lekin umumiy hisoblanganda, oʻrtacha bahom 100 ballik tizimda 94% foiz chiqdi.

Tilni esa fikrlaringizni yozma va ogʻzaki tarzda toʻgʻri yetkazib bera oladigan darajada bilishingiz kerak, deb oʻylayman. Masalan, men hujjat topshirgan vaqtim IELTS 6.0 sertifikatim bor edi. Til sertifikating bormi deganda, shuni koʻrsatganman. Lekin yaqinda yana imtihon topshirib IELTS 7.5 oldim, lekin buni dastur tashkilotchilari bilishmaydi. Umuman, til sertifikatiga ega yoki ega emaslik hujjat topshirish jarayonida ahamiyatga ega emas, deb oʻylayman. Muhimi yetarli darajada tilni bilsangiz, boʻldi. Qabul qilishgandan keyin esa TOEFL imtihonini topshirasiz.

3. Nega aynan mana shu 11 nafar talaba tanlab olingan? Ularning muvaffaqiyat siri nimada?

Grantlar.uz gʻoliblardan nega aynan ularni tanlashgani haqidagi fikrini ham soʻradi. Ularning javobi quyidagicha boʻldi:

Mirakova Shahzoda: Amerikada “social background” atamasi tez-tez quloqqa chalinadi. Bu biror universitetda talabalarni saralashda rezyumeda muhim oʻrin egallaydi. Dastur gʻolibi boʻlishimga keladigan boʻlsak, hakamlar hayʼati mening yutuqlarim hamda ijtimoiy sohadagi volontyorlik tajribam (“social background”) va ularni AQSHda qanday qoʻllay olishimga alohida eʼtibor qaratishgan deb oʻylayman.

Motivatsiya inshomda Buxorodagi TEDxYouth@TKA loyihasida spiker boʻlganim va Buxoroda shunday keng miqyosdagi tadbirni tashkillashtirishda yordam berganimni aytganman hamda volontyorlik sohasidagi faollik hayotimning bir boʻlagi ekanini qoʻshimcha qilganman. Oʻzim Buxoroda TED, Global Dignity, GoDigital va shu kabi boshqa koʻplab loyihalarda tashabbuskor va volontyor boʻlganman. Suhbatda menda AQSHda qay tarzda ijtimoiy faol boʻlishim haqida soʻrashganida, bolalarga yordam berish va Amerikadagi universitetda oʻzbek milliy raqsi klubini ochish istagim borligini bildirdim.

Ikkinchidan, ingliz tilini oʻrganish men uchun qanchalar qiyin boʻlgani, biroq bu qiyinchilikni yengib oʻtganim va hatto ingliz tilida ogʻzaki suhbat koʻnikmalarini oshirmoqchi boʻlganlar uchun bepul klub ochganimni ham aytib oʻtdim. Suhbat va inshoda oʻz qiyinchilik va muvaffaqiyatsizlaringiz hamda komfort zonangizdan chiqa olish salohiyatingiz haqida gapirish muhim, deb hisoblayman. Chunki bu almashuv dasturida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday qiyinchiliklarni yengib oʻta olishingizni isbotlaydi.

Uchinchidan, koʻp millatli madaniyat taʼsiri ostida voyaga yetganim haqida ham gapirishga qaror qildim. Bu oʻz dunyoqarashimni kengaytirish uchun yanada koʻproq madaniyatlarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishimni shakllantirishga yordam bergan. Menimcha, bunday muhit AQSHdagi koʻp millatli jamiyatga tezda moslashib ketishim hamda dunyoning turli burchaklaridan boʻlgan kishilar bilan muloqot qilish orqali tanishlarim davrasini kengaytirishimga yordam beradi.

Umumiy qilib aytganda, AQSHda Oʻzbekiston vakili boʻlishga toʻliq tayyorligim, u yerda yangi tajriba orttirishga boʻlgan kuchli ishtiyoqim va orttirgan bilimlarim hamda taassurotlarimni Buxorodagi tengdoshlarim bilan boʻlishishga tayyorligim dasturni qoʻlga kiritishimga sabab boʻldi, deb oʻylayman. UGRAD uchun dastur ishtirokchilarining AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqani mustahkamlay olishi va bu UGRAD dasturi davomida hamda undan keyin qanday amalga oshirmoqchi ekanini bilishi muhimdir.

Oʻktamjonova Marvarid: Dasturni qoʻlga kiritishimda hal qiluvchi ahamiyatga ega omil mendagi yetakchilik xislati boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Hozirgacha koʻplab loyihalar tashkil qilganman va bular haqida insholarimda ham yozdim. Bunday loyihalarga universitetdagi “Speak Up” klubi, “Girl Up” klubi, oʻquv markazidagi “Speaking” klubi kabilarni misol qilib keltirishim mumkin.

Omonova Barno: Avvalo, Xudo shuni nasib qilgan ekan, dastur gʻolibi boʻldim. Shuningdek, quyidagilar dasturni qoʻlga kiritishimga yordam berdi, deb oʻylayman:

Birinchidan, barcha hujjatlarni tartibli tayyorlashga katta ahamiyat berdim. Soʻralgan barcha hujjatlarni yukladim, qizil pasportimni ham. Tavsiyanomalarni ham universitetning maxsus blankasiga yozdirdim va muhr bilan tasdiqlatib oldim. Hujjatlar tartibli boʻlishi, pala-partish boʻlmasligi kerak, deb bilaman. Hujjatlarga qaraganda hammasi tartibli turgani koʻrinsa, saralovchilar sizni masʼuliyatli ekaningizni, chin dildan yondashganingizni bilib olishadi.

Ikkinchidan, insholarimda tabiiy hayot yoʻlimni (Life story) yoritib berganman. Insholarning maʼnosi, ularda yozilganlarning tavsiyanomalarda tasdigʻini topgani, bir-biri bilan bogʻliqligi, aldamaganlik ham muhim deb oʻylayman. Tavsiyanomalarim ilmiy rahbarim va volontyorlik dasturimning tashkilotchisi tomonidan tasdiqlangan edi. Hujjatlarning tartibli ekani, ularning oʻzaro bir-birini tasdiqlashi, insholar mazmuni va sizning faolligingiz sizni suhbat bosqichiga olib chiqa oladi.

Uchinchidan, suhbatda tabiiy boʻlishga, aslimni koʻrsatishga, yaʼni aldamaslikka harakat qildim. Suhbatda inshodagi inson chindan ham men ekanimni tekshirishdi. Shuningdek, suhbatda doim kulib turdim, doʻstona muhit boʻldi. Bunda oʻziga ishonch ham muhim. “Men siz xohlagan nomzodman, men yuborsangiz, insholarda bergan vaʼdalarimni bajara olaman” degan mazmunda suhbat oluvchilarni ishontira olish kerak. Men buni uddaladim, deb oʻylayman.

Omonov Sherzodbek: Menimcha, bu yerda oʻziga xoslik (originallik) kerak. Bu yil 600 ta atrofida talaba dasturga topshirgan va shularning orasida siz ajralib turishingiz kerak.

Shuningdek, arizangiz, insholaringizni oʻqiyotgan kishini ishontira olish qobiliyati ham boʻlishi kerak. U sizni koʻrmaydi, siz bilan gaplasha olmaydi. Sizda faqat kompyuter va soʻzlar bor. Shular orqali oʻqiyotgan odamni ishontira olishingiz, oʻziga xosligingizni namoyish qilishingiz kerak. Dasturni maqsadlariga mos kelishingizni ham insholar va suhbatda kreativ usulda yetkazib berish kerak.

Qisqa qilib aytganda, “ommadan ajralib turish”ni uddalay olish kerak. Men buni uddaladim va shu sababli gʻolib boʻldim, deb oʻylayman.

Karimova Rayhona: Qisqa qilib aytganda, AQSHdan qaytgach amalga oshirmoqchi boʻlgan real maqsadim – loyiham bor edi. Menimcha, nima xohlashimni, dasturdan nimalar olishim mumkinligini bilganim meni tanlashlariga sabab boʻlgan.

Maqsad qilgan loyiham haqida aytadigan boʻlsam, oʻzim siyosatshunoslik sohasida oʻqiyman. Lekin AQSHda iqtisod, bozor tahlili, moliya, investitsiya va biznes strategiyalarni oʻrganmoqchiman. Loyiham esa ijtimoiy biznesdir. Loyiha Oʻzbekistonda sekon-xend mahsulotlar doʻkonlari tarmogʻini ochish hamda mahsulotlarni chegirmali narxda sotishni oʻz ichiga oladi. Tushgan daromad esa aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, ijtimoiy hayotda faolligim ham dasturni qoʻlga kiritishimda muhim rol oʻynadi deb bilaman. Masalan, koʻplab xayriya tadbirlarini tashkillashtirganman, Qizil yarim oy jamiyatida volontyorlik qilganman va boshqalar.

Menimcha, UGRAD uchun foydasi tegmaydigan aqlli kishi boʻlgandan koʻra, oʻz jamiyati, davlati va boshqalar haqida qaygʻuradigan yetakchi boʻlish muhimroq.

4. Nega bu yil qabul qilingan qizlar soni yigitlar sonidan 2 barobardan ham ortiqroq?

Omonov Sherzodbek (Savolni eshitib, kuladi): Oʻzim ham telegramda gʻoliblar guruhiga qoʻshilganda hayron boʻldim. Guruhga oxirgi boʻlib qoʻshildim. Qarasam, 4 nafar oʻgʻil bola, qolgani qizlar. Oʻgʻil bolalardan biri koordinator edi, yutgan yigitlar esa 3 ta ekan.

Menimcha… Hayronman…  Qizlar koʻproq harakat qilgan boʻlishi mumkin. Rostan mehnat qilgan boʻlishi mumkin. Va oʻtgan yili ham topshirgan boʻlishi va bu borada tajribaga ega boʻlishi mumkindir koʻpchiligi. Menimcha, sababi shu.

Khusanova Oydinoy (jilmayadi): Bu savol hammani oʻylantirsa kerak. Lekin gʻolib boʻlgan qizlar bunga arziydi deb oʻylayman. Ular yigitlarga qaraganda ijtimoiy hayotda faolroq, hatto ancha faol deyishim mumkin.

Yana bir jihat bor: ariza jarayoni, insholarni yozish va qolgan hujjatlarni tayyorlash ancha vaqt, eʼtibor hamda sabr talab qiladi. Yigitlarning sabri esa bunga har doim ham yetavermaydi, ajratadigan vaqti ham kamroq boʻlsa kerak, menimcha.

Mirakova Shahzoda: Bu anchagina nozik savol, yigitlar va qizlar soni nega aynan bunday koʻrinish olganini faqat taxmin qilishim mumkin, xolos.

Lekin bir narsani ishonch bilan ayta olaman: buning qizlarga koʻproq imkoniyat taqdim qilish bilan aloqasi yoʻq, chunki dasturda biror jins vakili uchun cheklov yoki ustunlik nazarda tutilmagan.

Gʻoliblarning umumiy soni nafaqat bizni, balki mazkur dasturning avvalgi ishtirokchilarini ham hayratga soldi. Avvallari turli yoʻnalishlardan boʻlgan taxminan 6 nafar talabani dasturga qabul qilishardi. Lekin bu yil AQSH elchixonasi ingliz tili yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalarga qoʻshimcha 5 ta oʻrib ajratishga qaror qildi, qolgan 6 nafar talaba esa boshqa umumiy yoʻnalishlarda tahsil oladi. Ehtimol, qizlar va bolalar soni oʻrtasidagi katta farq ham shu sabablidir. Chunki, hammaga maʼlum boʻlsa kerak, ingliz tili fakultetlarida yigitlarga qaraganda qizlarning soni ancha koʻp.

Gʻoliblar soni borasida 2021-2022 UGRAD dasturi avlodlariga bu omad kulib boqdi va men ham ular qatorida ekanimdan juda xursandman.

Yuldoshev Gʻulomjon (kuladi): Oʻgʻil bolalarni chet elga yuborish muammo emas, ammo qizlarni joʻnatishga kelganda ota-onalar oʻylanib qolishadi. Koʻpchilik qizlar shu tufayli imkoniyatni boy berishadi va koʻproq qizlarga 6 oylik (4 yilga qaraganda ancha kam muddat) taʼlim sayohati imkoniyatining berilishi toʻgʻri deb oʻylayman.

Bundan tashqari, bu qizlar ham oʻzi uncha-muncha yigitlar qilmagan ishlarni qilishgan ekan (jilmayadi). Ular gʻoliblikka loyiq.

Va bir qiz hamda bir yigit kuchi teng kelib qolganda qiz bola tomonga yon bosilsa, bundan hayron boʻlmayman. Shunisi adolatli.

Oʻktamjonova Marvarid (kuladi): Kuchli qizlar topshirgan boʻlsa kerak.

Umumiy xulosalar

Bu yilgi gʻoliblarning 8 nafari bilan qilingan suhbat, ularning natijalari tahlili natijasida quyidagicha xulosa qilish mumkin:

1. Global UGRAD gʻolibi boʻlish uchun baholarning ahamiyati juda katta emas. 1-2 ta “3” bilan ham dasturni yutish mumkin, oʻrtacha baho (GPA) 5 lik tizimda 4 dan tushib ketmasa, yetarli. Albatta, baholar qancha yuqori boʻlsa,  bu nomzod uchun ijobiy hisoblanadi.

2. Dastur gʻolibi boʻlishda asosiy omillar taxminan quyidagilar deyish mumkin: dastur maqsadlariga moslik, ijtimoiy faollik, dasturdan koʻzlangan aniq maqsadga va uni qanday amalga oshirish haqida aniq tasavvurga ega boʻlish, tartiblilik, kirishimlilik, jamiyat manfaatlari uchun harakat qilishga tayyorlik, yetakchilik, fikrlarni mohirona yetkazib bera olish va oziga xoslik.

3. Dasturni qoʻlga kiritish uchun ingliz tili darajasi “aʼlo” (C1/C2) boʻlishi shart emas. B2 (IELTS 6) daraja bilan ham gʻolib boʻlish mumkin. Fikringizni yozma va ogʻzaki tarzda toʻgʻri yetkazib bera olsangiz, shu yetarli.

4. Suhbat jarayonida muhim jihatlar: inshodagi inson chindan siz ekaningizni koʻrsatib berish, tabiiylik, oʻziga boʻlgan ishonch, fikrlarni aniq yetkazish, oʻzingizga xos xislatlarni ochib bera olish (bu inshoda ham muhim), maqsadlaringiz va oʻzingizga suhbat komissiyasini ishontira olish, doʻstona suhbat muhitini yaratish.

MUHIM: Keyingi yil Global UGRAD dasturi gʻolibi boʻlmoqchi boʻlsangiz, harakatni hozirdan boshlang: volontyorlik dasturlarida, turli loyihalarda qatnashing, ularni tashkil qiling, ijtimoiy faol boʻling va til darajangiz, suhbat mahoratingizni ham oshirib boring. Baholarni ham yaxshi qiling, bu foyda bersa beradiki, zarar qilmaydi.

Maqola yuzasidan oʻz fikrlaringizni BU YERDA bildirishingiz mumkin.

Grantlar.uz jamoasi vaqt ajratgan, oʻz taassurotlari bilan bajonidil boʻlishgan dastur gʻoliblariga minnatdorchilik bildiradi. Sizning hamkorligingiz yordamida kelajakdagi UGRAD talabgorlari uchun ushbu muhim va foydali maqola shakllandi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!