×

Oʻqishimni xorijiy universitetga koʻchirsam boʻladimi?


Blog

BO'LIM

O'QILGAN

1330 marta

CHOP ETILGAN

04.04.2021

Oʻzbekistonda bakalavriatda oʻqiyotgan koʻplab talabalarni oʻqishimni xorijiy universitetga koʻchirsam boʻladimi degan savol qiynaydi. Bugun shu masalaga toʻxtalamiz.

Umumiy javob: Ha, koʻchirsangiz boʻladi. Deyarli barcha davlatlardagi koʻplab universitetlar boshqa davlat talabalarini “transfer student” (oʻqishni koʻchirgan talaba) sifatida qabul qiladi. Albatta, bunda nomzod oʻqishni koʻchirish talablariga mos boʻlishi kerak.

Lekin:

1. Ayrim universitetlar transfer talaba qabul qilmasligi mumkin.

2. Har bir davlat (universitet)da oʻqishni koʻchirish talablari bor. Oʻzbekistonlik talabalar bu talablarga baʼzida javob bermasligi mumkin.

Oʻqishni koʻchirish masalasini kim hal qiladi?

Buni oʻqishingizni koʻchirmoqchi boʻlgan xorijiy universitet hal qiladi (davlatda belgilangan taʼlimga oid qonun-qoidalar asosida). Shu sababli oʻqishingizni xorij oliygohiga koʻchirmoqchi boʻlsangiz, avvalo oʻsha universitetning oʻziga murojaat qilishingiz kerak.

Oʻqishni koʻchirish shartlarini qanday bilsam boʻladi?

Aksariyat universitetlar veb-saytida oʻqishni koʻchirish haqida maʼlumot boʻladi. Shu maʼlumotni topib, oʻqib chiqish kerak.

Maʼlumotlarni oʻqigandan keyin ham savollaringiz boʻlsa, universitetga email yozish orqali soʻrab olsangiz boʻladi.

Agar universitet saytidan oʻqishni koʻchirish haqida maʼlumot topa olmasangiz, universitet emailiga oʻqishingizni shu universitetga koʻchirmoqchi ekaningizni aytib, buning tartib-qoidalari qanday boʻlishi soʻrab yozib yuborishingiz mumkin.

Misol bilan tushuntiring?

AQSHda joylashgan Clark universitetini misol sifatida olamiz (nufuzli universitet, THE roʻyxatida 401-500-oʻrin).

Avval saytiga kiramiz. Saytdan “Admissions” boʻlimiga sichqonchani olib boramiz. Oʻngda qoʻshimcha boʻlimlar ochiladi. Ulardan “Transfer Student Admissions” boʻlimini tanlaymiz.

Boʻlimda xalqaro talabalar ham Clark universitetiga oʻqishini koʻchira olishi aytilgan. Va boshqa kerakli maʼlumotlar berilgan.

Shu maʼlumotlarni oʻqib chiqib, tushunmagan yerlarimiz boʻlsa, sahifa ostdagi emailga xabar yozib soʻrab olsak boʻladi. Soʻng kerakli hujjatlarni topshirish harakati boshlay olamiz.

Maʼlumot topish har doim ham oson emas

Clark universitetida oʻqishni koʻchirish maʼlumotlarini osongina topdik. Lekin ayrim universitet saytlarida bunday maʼlumotni topish oson kechmasligi mumkin.

Oʻqishni koʻchirish haqidagi maʼlumotni topish uchun boʻlimlarni sabr bilan qarab chiqishga toʻgʻri kelishi mumkin.

Agar tezroq topmoqchi boʻlsangiz, universitet saytidagi qidiruv (Search) maydoniga “Transfer”, “Transfer student” yoki shunga oʻxshash jumlalarni kiritib, qidirib koʻrishingiz mumkin.

Oʻqishni koʻchirish uchun grantlar bormi?

Ha, bor. Lekin oʻqishni koʻchirayotganlar uchun barcha universitet ham grant taklif qilavermaydi.

Shuningdek, oʻqishni koʻchirish uchun mavjud grantlarning koʻpchiligi qisman grant boʻladi. Toʻliq grant nisbatan kam uchraydi.

Oʻqishni koʻchirish uchun grantlar mavjud yoki yoʻqligini universitetning “Financial Aid and Scholarships” yoki shunga oʻxshash nomdagi boʻlimidan yoxud oʻqishni koʻchirishga oid sahifasidan topish mumkin.

Masalan, Clark universiteti ham oʻqishni koʻchirish uchun grantlar taklif qiladi. Bu haqida transfer sahifasida ham, “Cost and Financial Aid” boʻlimida ham maʼlumot berilgan (Admissions > Cost and Financial Aid > International Students).

Lekin Clark universitetida grantlarning aniq miqdorlari koʻrsatilmagan ekan. Buni email yozish orqali aniqlab olishingiz mumkin.

Oʻqishni koʻchirish uchun toʻliq grant ajratadigan oliygohlarga Tokio universitetini misol qilib keltirish mumkin. Bu haqida batafsil BU YERDA oʻqing.

Demak, talablarga javob bersangiz, oʻqishingizni xorijiy davlat universitetlariga koʻchirishingiz mumkin.

Eslatma: Ayrim davlatlar yoki universitetlar xalqaro talabalarni “Transfer Student” sifatida qabul qilmasligi mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!