×

To’liq grant yutib, magistratura kursini Kanadada o’qiyotgan o’zbekistonlik talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

7414 marta

CHOP ETILGAN

24.09.2020

O’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.

Ismim Yulduz Khodjaeva. 2018-yil Toshkentdagi Inha Universitetining kompyuter fanlari va muhandisligi bakalavr kursini tamomlaganman. 2020-yil yanvar oyida Kanadada magistratura kursida o’qishimni boshladim. Hozirgi kunda dasturlarning o’rganish algoritmlari (machine learning) kiberxavfsizlik maqsadida qanday foydalanilishini o’rganyapman. Bo’sh vaqtlarimda hackerrank.com saytida algoritmlarga oid masalalalarni yechish va til o’rganishni yoqtiraman.

Qaysi universitetga va qanday kursga o’qishga kirdingiz?

Hozirda Kanadaning Halifax shahrida joylashgan Dalhousie universitetining kompyuter fanlari bo’yicha magistratura kursida tahsil olyapman. Men o’qiyotgan magistratura kursi tadqiqotga chuqurlashtirilgan. Ya’ni, talaba o’qish vaqtida o’zi tanlab olgan mavzuda tadqiqot olib borishi kerak. Joriy yilning dekabr oyi yakunigacha o’qishning birinchi kursini tamomlayman.

Siz o’qiyotgan universitet, u yerdagi tizim, sizga yoqqan jihatlari va boshqalar haqida nimalar deya olasiz?

Dalhousie universiteti Kanada universitetlari reytingida 10-o’rinda turadi va Atlantika hududidagi eng taniqli universitetlardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi ta’lim tizimining O’zbekiston universitetlaridagi tizimdan asosiy farqi shundaki, bu yerda bir o’quv yili ikki semestrga emas, har biri 12 haftadan davom etuvchi 3 semestrga bo’linadi. Bunda talabalar kuzgi, qishki va yozgi semestrlarni o’qishadi.

O’qish jarayoniga kelsak, men qabul qilingan kursda, aytib o’tganimdek, tadqiqot asosiy o’rinda turadi, kurs esa odatda 2 yil davom etadi. Bunda har bir talabaga tadqiqot mavzusi va tadqiqot jarayonida yo’nalish berib boruvchi ilmiy rahbar (supervisor) tayinlanadi. Ilmiy rahbar talabaga universitetda qaysi kurslarni (fanlarni) tanlash, o’qish jarayoni va ijtimoiy hayotga oid masalalarda ham yordam beradi.

Talabalarning hayoti ham juda yoqimli – bu yerda talabani yaxshi o’qishdan tashqari boshqa insonlar bilan muloqot qilish va ijtimoiy mahoratini oshirib borishga undovchi muhit bor. Talabalar ko’pincha uy vazifalari, kurs ishlari, imtihonlar va boshqalarga ham birgalikda tayyorlanishadi. Birga dars qilayotgan talabalarni har qadamda uchratish mumkin.

Grant dasturi haqida umumiy ma’lumot bera olasizmi?

Men yutib olgan grant dasturining rasmiy nomi «Study in Canada Scholarship». Bu dastur Kanada Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan va rivojlanayotgan davlatlar fuqarolari uchun mo’ljallangan. Grant Kanada oliy ta’lim muassasalarida bakalavr kursidan keyingi kasbiy sertifikat, diplom va magistratura kurslarida o’qish uchun beriladi. Bakalavr yoki doktorantura kurslari uchun grant ajratilmaydi.

Grantni yutib olgan talabaga yiliga 60 000 Kanada dollarigacha, ikki yil uchun esa umumiy 120 000 Kanada dollarigacha mablag’ ajratiladi. Bu taxminan 90 000 AQSh dollariga teng. Bu kontrakt to’lovi, stipendiya, aviachiptalar, tibbiy sug’urta, viza xarajatlari, jamoat transportidan foydalanish xarajatlari va darsliklar uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun yetarli bo’ladi. Ushbu dastur to’liq grant bo’lgani uchun ham saralash jarayonida raqobat juda kuchli bo’ladi. Grantlar akademik yutuqlari va shaxsiy sifatlari eng yuqori nomzodlarga belgilanadi.

Dastur haqida ilk marta qayerdan yoki kimdan eshitdingiz?

Bu grant dasturi haqida ilk marta 2019-yil sentyabr oyida xabar topdim. Dastur haqida ma’lumot Kanada hukumatining rasmiy veb saytida e’lon qilingan. Grant ajratilgan davlatlar orasida O’zbekiston ham borligini ko’rib xursand bo’lib ketgandim o’shanda. Bir yil ichida shu grantni o’zim yutib olib, Kanadaga o’qishga ketishimni kim o’ylabdi deysiz?

Dasturga kimlar hujjat topshirishi mumkin?

Grant dasturiga Kanada oliy ta’lim muassasasida sertifikat, diplom yoki magistratura kurslariga o’qishga qabul qilingan talabalarning hujjatlari topshiriladi.

Grantlar barcha sohalar uchun beriladimi?

Ha, grantni barcha sohalar uchun yutib olish mumkin.

Hujjat topshirish sanalari (dedlaynlar) va jarayoni qanday? Saralash necha bosqichda bo’ladi?

Grant yutib olishni xohlovchilar fevral oyidan mart oyi yakunigacha hujjat topshirishlari kerak. Saralash ikki bosqichda bo’ladi: avvaliga nomzod Kanada oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshiradi. Bunda universitet nomzodlarni o’qishga qabul qilish uchun ichki saralash jarayonini o’tkazadi. Keyinchalik, qabul qilingan talabalar ichidan eng yuqori o’rinda turgan nomzodlarning hujjatlari universitet tomonidan grant dasturi uchun yuboriladi. Grant natijalari iyun oyining birinchi yarmida e’lon qilinadi.

Universitetga hujjat topshirayotganingizda «Study in Canada Scholarship» grantiga nomzodingiz ko’rsatilishi istagida ekanligingizni arizada ko’rsatib o’tish kerak bo’ladi. Ba’zi oliy ta’lim muassasalariga qabul muddati grantga qabul muddatidan keyin bo’lsa, muassasaga murojaat qilib, ertaroq hujjat topshirish mumkin yoki yo’qligini aniqlashtirish kerak. Masalan, agar siz tanlagan magistratura kursiga hujjatlar 1-aprelgacha qabul qilinsa, ammo grant dasturiga hujjatlar 31-martgacha topshirilishi kerak bo’lsa, muassasaga ertaroq hujjat topshirishingiz va buni 31-martgacha tasdiqlatib olishingiz kerak.

Grantga eng munosib nomzod qanday sifat va natijalarga ega bo’lishi kerak deb o’ylaysiz?

Grantni yutib olish istagidagi nomzod har tomonlama boshqalardan ustun bo’lishi kerak – ham o’qishlari, ham ijtimoiy yutuqlari, shaxsiy sifatlari, maqsadlari va boshqalar jihatdan. Nomzod unga beriladigan grantga munosibligini, kelajakda o’z jamiyati uchun kerakli shaxsga aylanishi va ijobiy o’zgarishlarga sabab bo’la olishini ko’rsata olishi zarur.

Grantni o’zingiz yutib olishingizda nimalar asosiy rol o’ynadi deb hisoblaysiz?

Arizamda «Women in STEM» g’oyasiga e’tibor berganim foydali bo’lgan deb o’ylayman. Hozirda muhandislik sohasini tanlagan ayollar soni nisbatan kam ekanligidan ko’pchilikning xabari bor. Bu ko’rsatkich ko’tarilib borayotgani esa yaxshi yangilik. Arizamda bu haqida ham yozganman. Undan tashqari, bakalavr bosqichida tahsil olayotgan vaqtimda AQShda o’qish imkonini beruvchi Global UGRAD to’liq granti sohibasi bo’lganman. Almashinuv dasturi asosida Janubiy Koreyada ham o’qiganman. O’tgan yili Polshaning Varshava shahrida o’tkazilgan «Women in Tech» sammitida ishtirok etdim.  AQSh va Janubiy Koreyada o’qigan vaqtlarimda turli ijtimoiy loyihalarda, volontyorlio dasturlarida qatnashganman. Bularning barchasi meni grant uchun munosib nomzod sifatida ko’rsatgan bo’lsa kerak.

Magistraturadan keyingi rejalaringiz qanday?

Avvalo, bu yerda kuchli texnologiya kompaniyalarida amaliyot o’tash va dastur yaratish sirlarini chuqur o’rganishni rejalashtirganman. O’qishni tamomlagach, O’zbekistonga qaytib, sun’iy ong bo’yicha startap loyihasida ishtirok etmoqchiman. Bu sohalar yurtimizda nisbatan sust rivojlangan. Ammo kelajak uchun bu borada O’zbekistonlik yoshlarda katta potensial bor deb o’ylayman – yoshlarning matematika va dasturlash bo’yicha bilimlari men aytib o’tgan sohalarni rivojlantirishda katta foyda beradi. Yurtimizda matematika bo’yicha ayniqsa qobiliyatli yoshlar ko’p, bu fanni yaxshi o’zlashtirganlar soni ham yuqori. AQShda o’qib yurgan kezlarimda do’stlarim meni » daho matematik» deb hazillashishardi, chunki masalalarni yechishda matematika va chiziqli algebrani qo’llashimga qoyil qolishardi. Aslida esa, O’zbekistonda men kabi minglab yoshlardan biri edim, Toshkentdagi Inha universiteti talabalarining kuchli o’ntaligi ro’yxatidan chiqib ketmaslik uchun juda ko’p ter to’kardim. Bu yerda aniq fanlarni juda kuchli o’zlashtirgan yoshlar juda ko’p.

Shu grantga hujjat topshirish istagidagi nomzodlarga qanday tavsiyalar berasiz?

O’z tajribamdan kelib chiqib, quyidagi tavsiyalarni bergan bo’lardim:

  1. Magistratura kursiga tayyorgarlikni bakalavr kursida o’qib yurgan vaqtingizdan boshlang. Qanchalik erta boshlasangiz, shunchalik yaxshi. Magistratura dasturiga tayyorlanish va hujjat topshirish ancha mashaqqatli jarayon.
  2. Barcha fanlardan a’lo baholarga o’qishga harakat qiling.
  3. Oliygohingizda bo’layotgan tadbirlardan chetda qolmang. Qanchalik faol bo’lsangiz, shunchalik yaxshi.
  4. Chet tilini a’lo darajada o’rganing, til testlaridan yuqori ball olishga harakat qiling.
  5. O’qituvchilaringiz bilan yaxshi munosabatlar o’rnating. O’qishga hujjat topshirayotganingizda ular sizga tavsiyanoma beruvchi shaxslarga aylanishlari mumkin.
  6. Hozirgi kunda turli konferensiyalar, sammitlar va boshqa dasturlar juda ko’p. Ularda ishtirok eting. Hatto qabul qilishmaydi, deb o’ylasangiz ham hujjat topshiring. Bu borada dangasalik qilmang.
  7. Magistratura kursiga hujjat topshirishdan oldin imkon qadar o’zingiz tanlagan sohada ishlab ko’ring. Bu tanlangan sohani yaxshiroq tushunish, u bilan yaqinroq tanishish va qaroringizni aniqlashtirib olishda juda muhim.

Bizga tajribangiz va siz g’olib chiqqan grant dasturi haqida ma’lumot berganingiz uchun rahmat!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!