×

Turkiya hukumatining Turkiye Burslari toʻliq grantini yutib olgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

10529 marta

CHOP ETILGAN

09.11.2021

Eslatma: Suhbat 2021-yil 9-noyabrda qilingan. Suhbatda keltirilgan maʼlumotlar Turkiye Burslari grant dasturiga keyingi yillardagi qabullarda biroz oʻzgarishi mumkin.

  1. Assalomu alaykum, Abdulaziz. Avvalo, oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz.

Va alaykum assalom. Ismim Abdulaziz Murtozayev 1998-yilda tugʻilganman. Bundan oldin ham Grantlar.uz jamoasi bilan ikki marotaba suhbat qilganmiz (1-suhbat; 2-suhbat). Ushbu suhbatlarni bu yerda oʻqishingiz mumkin. 2021-yilda Toshkent Davlat Texnika Universitetini bakalavr bosqichini Energiya tejamkorlik sohasida aʼlo baholar bilan bitirdim. Hozirda Turkiya burslari va Islom taraqqiyoti banki hamkorligida tashkil qilingan grant dasturi gʻolibi sifatida Turkiya poytaxti Anqara shahrida joylashgan Anqara Yildirim Boyazid Universitetining magistratura bosqichi Energiya tizimlari muhandisligi sohasida ingliz tilida tahsil olmoqdaman.

  1. Turkiya burslari stipendiyasi haqida qisqacha maʼlumot bersangiz?

Turkiya burslariga 2012-yilda YTB (Yurtdışı Türkler ve Akraba Topluluklar Başkanlığı), yaʼni (Chet eldagi turklar va qardosh jamiyatlar prezidensiyasi) tomonidan asos solinadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad chet eldagi iqtidorli talabalarga Turkiyada taʼlim olish uchun moliyaviy yordam berishdir. Turkiya burslariga asos solingan birinchi yilning oʻzidayoq butun dunyodan 40 000 nafar atrofida arizalar kelib tushadi. Bu koʻrsatkich 2021-yilda 165 000 ga yetadi va talabgorlar 178 ta davlatdan boʻldi. Ushbu raqamlar hozirda ushbu grantning butun dunyo boʻylab juda mashhur ekanligini bildiradi. Turkiya burslari qabul qilingan talabani nafaqat moliyaviy tomondan qoʻllab quvvatlaydi balki, ijtimoiy-madaniy tadbirlarda qatnashish imkonini ham beradi. Umuman olganda ushbu grant dunyodagi eng mashhur grantlarning top 20 taligiga kiradi. Dasturga dunyodagi deyarli barcha mamlakat fuqarolari ariza topshirishlari mumkin, shu qatorda Oʻzbekiston fuqarolari ham.

2021-yilda Turkiya burslari va “IsDB” – Islom Taraqqiyoti Banki qoʻshma grant dasturini tuzishdi. Bu grant ariza topshiruvchilar orasida eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan talabalargagina beriladi. Onlayn hujjat topshirish jarayonida nomzod Turkiye burslarining oʻzini grantiga yoki Islom Taraqqiyot Banki bilan qoʻshma grant dasturiga ariza topshirishni tanlashi mumkin. Qoʻshma grant dasturi ham deyarli Turkiya burslari kabi barcha moliyaviy yordamni beradi. Faqatgina, Turkiya burslari&IsDB qoʻshma grantini yutgan talabalar koʻproq stipendiya olishadi. Stipendiya miqdorida biroz keyinroq toʻxtalib oʻtaman.

  1. Dastur gʻoliblarga qanday imkoniyatlar beradi?

Turkiya burslari gʻoliblari barcha bosqichlar uchun toʻliq moliyaviy qoʻllab quvvatlanadi.

  • Har bir talaba qabul qilingan universitetining kontrakt toʻlovidan ozod qilinadi;
  • Barcha bosqich talabalari universitetda oʻqish davomida qaysi tilda oʻqishidan qatʼiy nazar, bir yillik majburiy turk tili kursiga joylashtiriladi va bu kurs toʻlovidan ozod qilinadilar (Turk tili faqatgina talabaning turk tilidan C1 til sertifikati boʻlgan holatdagina majburiy hisoblanmaydi);
  • Barcha bosqich talabalari oʻqishning davomiyligiga qarab toʻliq tibbiy sugʻurtalandilar va tibbiy sugʻurta xarajatlari ham tashkilot tomonidan qoplab beriladi;
  • Barcha bosqich talabalariga talabalari turar joyidan bepul turar joylar beriladi. Shuni taʼkidlab oʻtishim lozimki Turkiyada barcha talabalar yotoqxonalarida 2 mahal – nonushta va kechki ovqat bepul beriladi. Qoʻshimcha qiladigan boʻlsam, magistratura va doktorantura talabalari faqatgina 1 yil davomida yotoqxonada bepul qolishlari mumkin va ikkinchi yildan ularga yotoqxona uchun 750 TL yordam puli beriladi;
  • Barcha talabalarga birinchi marotaba Turkiyaga kelish va oʻqish tugagandan soʻng ketishdagi aviachiptalar tashkilot tomonidan toʻlab beriladi;
  • Barcha bosqich talabalariga oylik stipendiya beriladi. Turkiya burslari talablari quyidagicha oylik stipendiya olishadi: Bakalavr – 800 TL, Magistratura – 1100 TL, Doktorantura – 1600 TL. Stipendiya miqdorlarini Turk lirasida yozdim, sababi hozirda Turk lirasi AQSH dollariga jadallik bilan qadrsizlanmoqda. Agarda sizni ayni vaqtdagi valyuta kursini bilmoqchi boʻlsangiz internet orqali koʻrishingiz mumkin.

Yuqorida taʼkidlab oʻtishim lozimki, yuqorida Turkiya burslari&IsDB granti haqida yozdim va ushbu grantning stipendiya miqdori quyidagicha: Bakalavr – 1800 TL, Magistratura – 2100 TL, Doktorantura – 2600 TL.

  1. Bu stipendiyaga topshirmoqchi boʻlgan nomzodlarga qoʻyilgan talablar nimalardan iborat?

Dasturning minimum talablari quyidagicha:

  • Oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi eng kamida quyidagicha boʻlishi kerak: Bakalavr – 70%, Magistratura – 75%, Doktorantura – 75%, Tibbiyot va Stomatologiyaning har qanday bosqichlari uchun – 90%.
  • Yosh chegarasi ham mavjud: Bakalavr – 21, Magistratura – 30, Doktorantura – 35 yoshdan kichik boʻlganlar hujjat topshirishlari mumkin.

Qolgan talablar bilan BU YERDA tanishish mumkin. Shuni taʼkidlashim kerakki, bu eng minimum talablar va bu talabga javob bergan bajargan har bir talabaga grant beriladi degani emas, albatta.

  1. Dasturda gʻolib boʻlish uchun til bilish darajasi qanchalik muhim? Siz topshirganda til darajangiz qanday edi (til sertifikatingiz boʻlsa, uning ballini yozsangiz)?

Til boʻyicha maxsus talablar topshiriladigan universitetingizga qarab turib farqlanadi. Odatda bakalavr uchun ingliz tilida oʻqimoqchi boʻlganlardan kamida IELTS 5,5 yoki shunga teng boshqa sertifikat soʻraladi. Magistratura uchun IELTS 6,0 va Doktorantura uchun IELTS 6,5. Diqqat qiling, barcha universitetlarda talablar har xil. Yuqoridagi koʻrsatkichlar faqat mening taxminlarim. Shaxsan oʻzimda hujjat topshirgan paytimda IELTS 6,0 edi. Undan tashqari baʼzi muhandislik sohalarida GRE soʻralishi mumkin.

  1. Dasturga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan? Umuman, baholar dastur uchun qanchalik ahamiyatli?

Shaxsan oʻzim ushbu dasturga hujjat topshirgan paytimda bakalavr baholarim oʻrtachasi 83% edi. Dasturga qabul qilinish ehtimolingiz baholaringizga chambarchas bogʻliq. Dastur orqali kelgan boshqalarning ham baholari yuqori.

  1. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Dastur uchun alohida tayyorgarlik koʻrganim yoʻq. Chunki aynan hujjat topshirgan paytimda boshqa grantlarga ham hujjat topshirayotgan edim. Odatda grantlar uchun hujjatlar doim bir xil boʻladi, faqat baʼzi hujjatlarda farq boʻlishi mumkin. Aynan Turkiya burslariga oldin ham 2 marotaba hujjat topshirgan edim va afsuski rad xatini olgan edim. Bu yil esa oldingi safarlarda qilgan xatolarimni toʻgʻrilagan holda hujjat topshirdim va shukurki qabul qilindim.

  1. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Dasturga hujjat topshirish 2 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda maxsus portal orqali roʻyxatdan oʻtib, soʻralgan hujjatlarni topshirasiz va agar sizni suhbatga loyiq koʻrishsagina ikkinchi bosqich yaʼni intervyu bosqichiga oʻtasiz. Aynan shu bosqichda sizga grant berishili yoki berilmasligi hal qilinadi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqadigan boʻlsam suhbat bosqichiga taklif etilganlarning 60-70% dasturga qabul qilingan.

  1. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy – gʻolib boʻlishga eng ahamiyatli hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Eng muhim hujjatlar: baholardan nusxa, diplom yoki attestat, til sertifikatlari, turli xil sertifikatlar va volontyorlik tashakkurnomalari, albatta agar mavjud boʻlsa.

  1. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Hujjatlarni tayyorlashda uning qaysi tilda ekaniga eʼtibor berish kerak. Chunki talabga muvofiq hujjat ingliz yoki turk tilida boʻlishi kerak.

  1. Suhbat jarayonida qanday savollar soʻralgan?

Suhbat odatda Oʻzbekistonlik talabalar uchun juda qisqa va onlayn tarzida boʻladi. Suhbat davomiyligi 5-10 daqiqa atrofida boʻladi. Suhbat hujjat topshirish jarayonida belgilagan jihatlaringiz, tanlagan sohangiz, nega aynan Turkiyani tanlaganligingiz va kelajakdagi rejalaringiz haqida soʻrashadi.

  1. Suhbatda asosan nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Suhbatda asosiysi yolgʻon gapirmaslik, oʻzingizni erkin va dalil tutishingiz hamda kelajakdagi rejalaringiz haqida ochiq bayon qilishingiz muhim. Ha aytgancha, yana bir eng muhim jihat bu ingliz yoki turk tilida suhbatlasha olishingiz, ammo istasangiz oʻzbek yoki rus tilida ham savollarga javob berishingiz mumkin.

  1. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?

Oʻylashimcha, granti yutishimda asosiy omillar bu barcha kerakli va qoʻshimcha hujjatlarni portal orqali yuborganim, hamma hujjatlarim soʻralgan tartibda ekanligi, baholarimning yuqori ekanligi va IELTS sertifikatim mavjud boʻlganligida deb oʻylayman. Undan tashqari Oʻzbekistonda yurgan paytim ham grantlar yutganman buni Grantlar.uz bilan boʻlgan oldingi suhbatlarimizdan koʻrishingiz mumkin va aniq ishonamanki ular ham katta rol oʻynagan. Boshqalarga ham imkon qadar yuqoriroq baho olish, turli volontyorlik, amaliyot va boshqa dasturlar, konferensiyalarda qatnashish, turli grant va stipendiyalarga ariza topshirib, imkon boʻlsa ularni yutib Turkiya burslari grantiga tayyorlanib borishni maslahat berardim. Umuman, bu harakatlar aynan shu grantni emas, boshqa grantlarni yutishda ham yordam beradi, albatta.

  1. Turkiyada oʻqish jarayoni qay darajada? Magistraturada haftasiga necha kun dars boʻladi va darslar qiyinmi?

Taʼkidlab oʻtganimdek, barcha bosqich talabalari turk tilidan C1 til sertifikatini olishlari zarur (agar mavjud boʻlmasa) va til kursi davomiyligi 1 yil. Shu sababli hozirda turk tili kursida oʻqiyapman. Oʻqish haftasiga 5 kun dushanba-juma kunlari va kuniga 4 soatdan. Turk tili oʻzbek tiliga yaqin boʻlganligi uchun qiynalmayapman desam ham boʻladi. Turk tili kurslari har bir universitetning tillar fakultetida tashkil etilgan. Oʻqituvchilarimiz juda malakali va barchalari PhD bosqichini bitirgan va yoki shu bosqichda tahsil olayotgan ustozlar. Magistratura darslari haqida boshqa talabalardan soʻradim odatda darslar haftasiga 2-3 kun boʻlar ekan.

  1. Ushbu dastur boʻyicha Turkiyada oʻqiyotgan talabalarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan boʻlsa, haftasiga necha soat?

Turkiya burslari talablari qonunan ishlashlari mumkin, lekin buning uchun Turkiya burslari tashkilotidan ruxsatnoma va hamda ishlashga ruxsatnomani Turkiya migratsiya agentligidan olishlari lozim. Ishlash soati haftasiga 20 soatdan oshmasligi lozim. Lekin shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, beriladigan stipendiya bemalol talaba hayoti uchun yetadi va ishlashga hojat yoʻq. Zotan, stipendiya berishdan maqsad talaba moliyaviy mustaqil boʻlsin va bor eʼtiborini oʻqishga qaratsin deyilgan.

  1. Bu dastur boʻyicha grant yutganlar oila aʼzolarini (turmush oʻrtogʻi, farzandlarini) olib ketishi ham mumkinmi?

Bu grantni yutganlar oila aʼzolarini bemalol olib kelishlari mumkin. Lekin tashkilot hech bir bosqich talabasining oila aʼzosi uchun qoʻshimcha moliyaviy yordam berilmaydi. Faqatgina magistratura va doktoranturada oʻqiyotgan talabalar uchun agarda ular bepul talabalar yotoqxonalarida yashashni istashmasa uy ijarasi uchun 750 turk lirasi miqdorida oylik yordam puli beriladi.

  1. Turkiyada oʻqish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat?

Keling, avvalo qulayliklar haqida biroz aytib beray. Birinchidan, men tahsil olayotgan Anqara shahri chindan ham talabalar shahri hisoblanadi. Talabalarning tahsil olishlari uchun barcha qulayliklar mavjud. Oziq-ovqat va transport narxlari talabalar uchun judayam arzon. Misol sifatida avtobusdan oddiy inson bir marotaba foydalanishi 3.25 TL (soʻmda taxminan 4000 soʻm) va talabalar uchun 0.3 TL (soʻmda taxminan 350 soʻm). Shuni ishonch bilan ayta olamanki men oladigan stipendiyam 2100 turk lirasi talaba hayotida yashash uchun bemalol yetadi va yana bir narsani aytish joizki pulni qanday sarflash har bitta odamning yashash tarziga bogʻliq.

Turkiyaning yana bir menga judayam maʼqul kelgan tomoni insonlarning qoidalarga toʻliq amal qilishlari. Oddiygina misol pandemiya davrida tibbiy niqoblardan foydalanishlarini koʻrsangiz hayron qolasiz. Bizda bu narsalarda ancha kamchiliklar borligini tushundim.

Men moslasha olmayotgan eng katta va yagona muammo bu shahardagi tirbandlik. Ayniqsa peak-timeʼda, yaʼni ertalab va kechqurun hamma insonlar oʻqishdan va ishdan keladigan paytda juda uzundan uzun tirbandliklar hosil boʻladi. Tasavvur qilishingiz uchun Anqara shahri hudud jihatidan Toshkent shahridan 8 barobar kattaroq. Lekin shunga qaramasdan shahar aholisi 6 million va shu sababli shahar juda tirband. Odatda avtobusda 20 daqiqada boriladigan joylarga tirbandlikda 1 soat vaqt ketadi. Yagona muammo shu boshqa jiddiy muammo yoki qiyinchilik koʻrganim yoʻq.

  1. Turkiyaga joʻnab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik koʻrish haqida tavsiyalaringiz.

Ochigʻi, juda jiddiy tayyorgarlik koʻrganim ham yoʻq, yaʼni odatiy safar tayyorgarligi boʻldi. Kerakli kiyimlarni oldim, ammo ular ham juda koʻp emas. Kelgusida bu yerga oʻqish uchun keladiganlarga maslahatim koʻp yangi kiyimlarni Oʻzbekistondan emas Turkiyaga kelib olganingiz yaxshi. Chunki ham sifat ham narxda yutasiz. Milliy taomlarni sevuvchilar muzlatilgan taomlarni olib kelishlari shart emas chunki bu yerda oʻzbek oshxonalarini topish qiyin emas. Yana bir maslahat kelishdan oldin bizning quritilgan mevalar solingan savatlardan olib kelib bu yerda ustozlaringizga sovgʻa tariqasida bersangiz juda xursand boʻlishadi.

Qoʻshimcha sifatida ayrim fikrlarni bildirmoqchi edim: Grantlar.uz saytini 6 yildan beri kuzatib kelaman. Ishonch bilan ayta olamanki sayt oʻzbekistonlik yoshlarga xorijda taʼlim haqida foydalilik jihatidan birinchi oʻrinda turadi. Sayt rahbarlariga va xodimlariga Allohdan kuch-quvvat va baraka soʻrab qolaman! Shu bilan birga talabalarimiz uchun oʻz shaxsiy telegram kanalimga aʼzo boʻlishni tavsiya etaman. Oʻzim ham kanalimda grantlar va oʻqish uchun moliyaviy yordamlar haqida maʼlumotlar berib boraman. Kanalim manzili: https://t.me/scholarshipsdaily.

Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Abdulaziz: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!