×

Global UGRAD dasturi haqida: ushbu grantni yutib, hozirda AQShda o’qiyotgan talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

13170 marta

CHOP ETILGAN

16.04.2019

Global UGRAD dasturi AQShda bir semestr davomida o’qish imkonini beruvchi nufuzli grant dasturi hisoblanadi. O’zbekistondan har yili sanoqli talabalar ushbu grant dasturi doirasida AQShning turli universitetlarida o’qishga borishadi. Grant haqida batafsil ma’lumotni uni yutgan talabadan olish maqsadida 2018-19 o’quv yilida grant yutib, hozirda AQShda tahsil olayotgan Sabina Akhroriy bilan suhbatlashdik.

O’zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

– Men Sabina Axroriy, 14-oktabr 1996 yil Samarqand shahrida tug’ilganman. Toshkent shahridagi Xalqaro Westminster Universitetining Tijoriy Huquq yo’nalishi talabasiman. Yoshligimdan tadbirlarda faol qatnashib kelganman. 2011-yilda “Kelajak Ovozi” ko’rik tanlovi g’olibi bo’lganman. Samarqand viloyati Yoshlar Ittifoqi (O’sha vaqt “Kamolot” deb nomlangan) tashkiloti faol a’zosi bo’lganman. Ko’plab sammitlarda, xalqaro konferensiyalarda qatnashib kelaman. 2018-yil Avstriyaning Vena shahrida o’tkazilgan Vis Moot xalqaro arbitraj musobaqasida ham universitetimiz jamoasi tarkibida ishtirok etdim. Shuningdek, o’tgan yili Yoshlar Ittifoqi stipendiyasini qo’lga kiritganman. Turli xalqaro tashkilotlarda amaliyot o’taganman. Hozirda G’arbiy Virjiniya shtatining West Liberty Universitetida Global UGRAD  dasturi doirasidagi almashinuv talabasi sifatida tahsil olyapman. Bu yerda o’qishim 1 semestr davom etadi.

Global UGRAD stipendiya dasturi g’oliblarga qanday iqtisodiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.

– Dastur g’oliblari AQShdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida bir semestr davomida tahsil olishlari mumkin bo’ladi. Barcha xarajatlar – talabaning o’qish, turar-joy, yashash va safar xarajatlari dastur tashkilotchisi tomonidan qoplab beriladi.

Dastur uchun ingliz tilini qay darajada bilish kerak? Dasturga hujjat topshirayotganda nomzoddan biror til sertifikati talab qilinadimi?

– Dasturga hujjat topshirayotganda nomzoddan til sertifikati talab qilinmaydi. Talabalar yozilgan insholar va taqdim etilgan hujjatlar asosida saralanadilar, lekin til sertifikati shart emas.  Talabaning til bilish darajasi suhbat va keyinchalik TOEFL imtihoni orqali aniqlanadi. Ya’ni, ilk saralashdan o’tgan nomzodlar suhbatga taklif qilinadilar, to’liq ingliz tilidagi suhbatdan muvaffaqqiyatli o’tganlar keyingi bosqichda TOEFL iBT imtihonini topshirishadi. Imtihon xarajatlari qoplab beriladi.

Global UGRAD dasturiga hujjat topshirganingizda universitetdagi o’rtacha baholaringiz qanday bo’lgan?

– Baholarim 70% dan baland edi (Bizning universitet ta’lim tizimida bu a’lo degani).

Grant yutib olish uchun alohida tayyorgarlik ko’rganmisiz?

– Ha, hujjat tayyorlashga, ayniqsa yozma qismlariga 2 oydan ko’proq vaqt sarflaganman. Universitetga o’qishga kirganimdan keyin bu dastur haqida dugonalarimdan eshitgandim. O’sha yili bizning yo’nalishda o’qiydigan ikkita dugonalarim Makhliyo Shodieva va Nigorakhonim Umarova shu dasturda qatnashishdi. O’shanda menda ham qatnashish istagi uyg’ongandi. Keyinchalik men ham hujjat topshirdim, tayyorgarligim va qattiq xohishim zoe ketmay, dasturga qabul qilindim.

Ushbu dasturga ariza berishda qanday hujjatlar taqdim etiladi?

– Dasturga ariza berish uchun Application form (ariza) to’ldiriladi (insholar ham ariza ichida bo’ladi) va unga ikkita tavsiyanoma, baholar va passport nusxasi ilova qilinadi.

Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

– Hujjatlarini tayyorlashda talaba o’z iqtidorini ko’rsata bilishi kerak. Arizalar nomzodning baholari, yetakchilik qobiliyati, o’z yurti va AQSh aloqalarini mustahkamlashga intilishi kabi me’zonlar asosida saralanadi. Hujjat topshirishda avvaldan tayyorgarlik ko’rish va ertaroq topshirish kerak.

Dasturga qabul necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

– Dastur uchun saralash jarayoni 3 bosqichdan iborat.

  1. Hujjatlar topshiriladi.
  2. Hujjatlari saralab olingan sanoqli nomzodlar suhbatga taklif qilinadilar.
  3. Suhbatdan ham muvaffaqqiyatli o’tganlar TOEFL iBT imtihonini topshiradilar (imtihondan ham qoniqarli ball olish kerak). Bu bosqichlar taxminan bahorning birinchi yarmigacha bo’ladi.
  4. TOEFL imtihonini muvaffaqqiyatli topshirgan nomzodlarga qaysi universitetda qaysi semestr (birinchi yoki ikkinchi semestr) da o’qish boshlashi ma’lum qilinadi. Dasturda AQShning ko’plab OTMlari ishtirok etadi, talabalar shu OTMlarga grant tashkilotchilari tomonidan joylashtiriladi. Qaysi universitetga o’qishga borishingizni o’zingiz tanlay olmaysiz. Qaysi semestrda, ya’ni kuzgi yoki bahorgi semestrda o’qishni afzal ko’rishingizni ko’rsatishingiz mumkin, lekin qaysi vaqtda o’qishga ketishingiz ham vaziyatdan kelib chiqib tashkilotchilar tomonidan belgilanadi. OTMlarga joylashtirish jarayonlari tugagach talabaga taxminan baxor oxiri yoki yoz boshlarida qayerda va qachon o’qishi ma’lum qilinadi.

Suhbat jarayonida qanday savollar so’ralgan?

– Suhbat davomida turli savollar so’ralgan, ulardan ba’zilari:

  1. Introduce yourself?
  2. Why you have applied for this program?
  3. Why you want to go to USA?
  4. What role you can play between US and Uzbekistan for cultural development?
  5. What sports do you play? Why do you like it?
  6. What are your academic goals? How do you see yourself in 10 years?
  7. If someone asked you to do something that you did not think was appropriate, how would you handle the situation?
  8. Will you attend church with your host family if they are of a different faith?
  9. The customs and food will be very different from home. How will you assimilate?
  10. What difficulties do you think you will face in the US?
  11. How do u think u can contribute to your country after your studies?
  12. What leadership qualities do you possess in your community? Are you involve in your community?
  13. How are you different from others?
  14. What are your expectations of this program? Or how this exchange will benefit you and your community?

Suhbat so’nggida nomzodga dastur haqida savollari bo’lsa, berishi mumkinligi aytiladi. Shu vaqtda nomzod qiziqtirgan savollarni berishi mumkin. Menimcha savol berish yaxshi, bu orqali nomzod dasturga qiziqishini ko’rsatib beradi.

Suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?

– Suhbat jarayonida iqtidoringiz yutuqlaringiz va boshqalardan ajralib turishingizni ko’rsata bilish kerak. Do’stona munosabatda bo’lish juda muhim.

Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

– Menimcha grantni yutish uchun eng muhim omil uning talablariga javob berish va qaysidir ma’noda sizga ajratiladigan katta moddiy yordamga munosib bo’lish. Grantga munosib ko’rilganimdan behad quvonganman, menimcha ijtimoiy va akademik jihatdan faol bo’lganim, kuchli qiziqishim kabi omillar muhim rol o’ynagan. Undan tashqari, yaqinlarimning qo’llab-quvvatlashi sababli o’zimni ko’rsata oldim deb o’ylayman.

AQShda o’qish jarayoni qay darajda? Siz joylashtirilgan oliygohda haftasiga necha kun dars bo’ladi? Dars mashg’ulotlari qanchalik qiyin?

– O’zim xalqaro universitet talabasi bo’lganim uchun ta’lim tizimida katta farqni his qilmadim. Bu yerda asosan ko’proq tanqidiy fikrlashga ahamiyat berishadi. Men o’qiyotgan universitetda darslar haftasiga 5 kun. Dars mashg’ulotlari, agar o’z vaqtida qilib borilsa, uncha qiyin emas.

Dastur tarkibiga darsdan tashqari sayohat yoki safarlar kiritilganmi?

– Dastur so’nggida Vashingtonda 3 kunlik tadbir bo’lib o’tadi. Bu tadbir barcha qatnashchi talabalarni bir joyga birlashtiradi va barcha xarajatlarni qoplaydi. Shuningdek, dam olish kunlari o’zingiz yoki do’stlaringiz bilan sayohat qilishingiz mumkin. Lekin sayohat uchun dars qoldirish ta’qiqlanadi. Unda xarajatlarni o’zingiz qoplashingiz kerak bo’ladi. Dastur tashkilotchilari grant qatnashchilariga yashash xarajatlari uchun stipendiya beradi, men sayohat uchun shu mablag’dan foydalanaman.

Dasturda qatnashayotgan talabalar o’z universitetlaridan akademik ta’til olishlari kerakmi?

– Bu talaba tahsil olayotgan OTM qaroriga bog’liq. Agar OTM talabaga keyinchalik imtihonlarni topshirish sharti bilan ruhsat bersa, akademik ta’til olmay turib o’qishga ketish mumkin. Shaxsan men TXVU’dan 1 yillik akademi ta’til oldim. Men bilgan boshqa qatnashchilarning ba’zilari ta’til olishmadi, bunday holda qaytib kelgach, u yerda o’tilgan va bu yerdagi fanlarga mos fanlardan baholaringiz ko’chiriladi, o’tilmaganlaridan imtihon topshirasiz.

Global UGRAD dasturi bo’yicha grant yutganlar bir semestrlik o’qish tugagach oliygohlariga qaytishgach, AQShda olingan baholar ko’chiriladimi?

– Bu ham OTM roziligiga bog’liq. Afsuski, men AQSHda olgan baholarim ko’chilarilmaydi. Mening vaziyatimda baholarim ko’chirilmaydi, chunki AQShda bir semestr o’qiyman, TXVU’da esa mening yo’nalishimda 3-kursdagi fanlarning barchas 1 yil o’tiladi, shuning uchun AQShdagi yarim yillik baholarim 1 yillik kurslar uchun yetarli emas.

AQShda o’qish vaqtida qanday qiyinchiliklarga uchrayapsiz? O’qish bilan bog’liq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida to’xtalsangiz.

– Shukrki, aynan o’qish jarayonida qiyinchilikka uchramayapman. Mashg’ulotlarga o’z vaqtida qatnashib, topshiriqlar bajarilsa, o’qish qiyinchilik tug’dirmaydi. Lekin kundalik hayotda qiyinchiliklar bo’lgan. Ayniqsa, avvaliga yangi joyga ko’nikish qiyin bo’ldi, oilamni sog’ingim. Lekin bu yerda odamlar juda mehribon, samimiy bo’lishgani uchun tez ko’nikib ketdim.

Dasturda ilgari chet davlatlarda kam bo’lgan yoki umuman bo’lmagan talabalar ishtirok etishi ayniqsa qo’llab-quvvatlanar ekan?

– Shunday.

Global UGRAD dasturiga hujjat topshirish niyatidagi bo’lajak nomzodlarga aytmoqchi bo’lgan gaplaringiz?

– Ushbu dasturga ko’proq talabalar hujjat topshirib, o’z iqtidor va salohiyatlarini namoyon qilishlarini xohlardim. AQSHda o’qish bir semestrga bo’lsa-da, barcha qirralaringizni ochib berishga, turli madaniyat vakillari bilan to’qnashishga, muvaffaqqiyatli karyera qilishga, ko’plab yangi do’stlar orttirishga va eng muhumi o’z sohangizda ko’proq izlanishga turtki bo’ladi.

Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

– Saytingizni doimiy kuzatib boraman. Yozgan maqolalaringizni juda foydali deb hisoblayman.

Umid qilamanki, insonlarni katta imkoniyatlar bilan tanishtirish va grant yutib olgan muvaffaqqiyatli qatnashilar bilan suhbatlar o’tkazib, foydali ma’lumotlar taqdim etishda davom etasizlar. Fikrlarim bilan qiziqqaningiz uchun rahmat. Dasturda ishtirok etish niyatidagilar uchun qimmatli ma’lumotlar bera olgan bo’lsam, xursandman.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!