×

Vengriyaga magistratura uchun to’liq grant yutib olgan O’zbekistonlik talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6479 marta

CHOP ETILGAN

04.07.2019

Eslatma: Mazkur suhbat 2019-yili qilingan. Grant talablari, taʼminoti va shartlari keyingi yillarda suhbatda keltirilganidan bir oz oʻzgarishi mumkin.

O’zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz

– Ismim Yusufov Nodirjon Olimjon o’g’li. 1995 yil 22-iyun Toshkent viloyati Zangiota tumanida dunyoga keldim.Yoshligimdan aniq fanlar, ayniqsa fizika va matematikaga qiziqardim. Maktabda 2-9 sinflarda Matematika fan olimpiadasi maktab bosqichida doim 1-o’rinni qo’lga kiritardim. Darvoqe, Sergeli tumanidagi 300-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tahsil olganman. So’ngra Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti qoshidagi Shayxontoxur akademik litseyi va Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetini tugalladim. Shuningdek, 2018 yilning bahorgi semestrini Global UGRAD granti g’olibi sifatida AQSHning G’arbiy Virjiniya shtatida West Virginia Universityda almashinuv talabasi sifatida o’qidim. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritaman.

Siz yutgan grant haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.

– Stipendium Hungaricum Scholarship (SH) Program Vengriya hukumati tomonidan har yili 4000-5000 talabaga turli darajalar bo’yicha Vengriyadagi universitetlardan birida tahsil olish imkoniyatini yaratuvchi dastur. Loyiha Tempus Public Foundation fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu dasturda qatnashish uchun ikki davlat o’rtasida shartnoma imzolangan bo’lishi kerak. 2018 yilda O’zbekiston ham Vengriya hukumati bilan shartnoma imzolagan va ushbu dasturda birinchi marta ishtirok etdi. Bizdagi rasmiy hamkor – Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi. Bu yili umumiy hisobda 5000 talabaga grant ajratish rejalashtirilgan. Batafsil

Bu grant qanday moddiy manfaatlarni o’z ichiga oladi?

– Grant quyidagi moddiy manfaatlarni o’z ichiga oladi:

  • To’liq o’qish puli (kontrakt)
  • Tibbiy sug’urta
  • Talabalar yotoqxonasi to’lovi yoki oylik kvartira uchun 43.000 HUF (150 USD atrofida). Oylik kvartira to’lovi katta ehtimol bilan ushbu narxdan qimmatroq.
  • Bakalavriat va magistratura uchun 40.000 HUF (140 USD atrofida) va doktorantura uchun 140.000 HUF (490 USD atrofida) miqdorida oylik stipendiya.

Grantni yutish uchun talablar qanday?

– Har bir grant dasturida bo’lgani kabi ushbu dasturda ham talabalar yetarli darajadagi ingliz tilidagi bilimlarga va yaxshi akademik ko’rsatkichlarga ega bo’lishlari kerak. Albatta hamma baholar a’lo bo’lishi talab etilmaydi va baholarga qo’yilgan aniq minimum talab mavjud emas. Lekin baribir, akademik potensial, o’ylashimcha muhim rol o’ynaydi. Shuningdek nomzodlar ijtimoiy loyihalarda qatnashganliklari ham foyda beradi. Bundan tashqari, nomzod qaysi akademik darajaga ariza topshirayotganiga ko’p faktorlar bog’liq. Misol uchun, doktorantura yo’nalishida ilmiy faoliyat yurita olish qobiliyati ham muhim rol o’ynaydi.

Grant yutib olish uchun alohida tayyorgarlik ko’rganmisiz?

– Yo’q. Alohida tayorgarlik ko’rmadim. To’g’risi ushbu grant Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan juda sust ravishda yoritildi. Men ariza topshirish muddati tugashiga 3-4 kun qolgandagina ushbu dastur haqida xabar topdim. Shunchaki bor potensialimni ochiqchasiga namoyon qildim.

Ushbu dasturlarga ariza berishda qanday hujjatlar taqdim etiladi? 

– Yuqorida ta’kidlaganimdek, topshiriladigan xujjatlar soni topshirilayotgan darajaga bog’liq. Umumiy xujjatlar ro’yxati quyidagicha:

  • Onlayn ariza (application form). Ingliz tilida online to’ldiriladi
  • Motivatsion xat (kamida 1 bet, Times New Roman 12). Ingliz yoki Venger tilida
  • Til bilish darajasini tasdiqlovchi xujjat elektron nusxasi. Nomzod ushbu xujjatni keyinchalik taqdim etishi ham mumkin. Grant qo’lga kiritadigan tadirda, darhol taqdim etishi kerak. Shuningdek, agar nomzod oldingi akademik dasturni ingliz tilida o’qigan bo’lsa, til sertifikati so’ralmaydi. Sertifikatning o’rniga nomzod bundan oldingi akademik darajani ngliz tilida o’qigani haqidagi tasdiqlovchi xujjatni taqdim etishi kifoya
  • Bakalavr uchun: litsey/kollej diplomi va uning ilovasi elektron nusxasi
  • Magistratura uchun: bakalavr diplomi va uning ilovasi elektron nusxasi
  • Doktorantura uchun bakalavr va magistr diplomi va ularning ilovalari elektron nusxalari
  • Tibbiy ko’rikdan o’tganligi haqida xujjat elektron nusxasi. Ushbu xujjat erkin formada shakllantirilishi mumkin. Xujjat namunasi rasmiy saytda mavjud.
  • Pasport elektron nusxasi
  • Magistratura uchun 2 tagacha tavsiyanoma (recommendation letter) topshirilishi mumkin, lekin majburiy emas.
  • Doktorantura uchun tadqiqot rejasi (research proposal) va 2 ta tavsiyanoma topshirilishi kerak.
  • San’at va musiqa yo’nalishiga xujjat topshiruvchi nomzodlar o’z ijod namunalarini ham topshirishlari so’raladi.
  • B: Barcha xujjatlar ingliz yoki venger tilida bo’lishi shart. Boshqa tildagi xujjatlar rasmiy tarjimalari bilan birga topshirilishi so’raladi.

Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

– Men magistratura yo’nalishiga topshirganim bois, ruhsat bersangiz, faqat shu haqida gapirsam. Eng avval, o’ylaymanki, motivatsion xat. Men bir necha bor grantlarga topshirganim va Global UGRAD dasturida g’olib chiqqanim sabab, motivatsion xat yozish bo’yicha ancha tajribaga ega edim. Shu sabab bu borada qiynalmadim. Lekin, ilk bor xujjat topshirayotgan nomzodlarga ushbu xat ustida yaxshilab ishlashni maslahat beraman. Chunki motivatsion xat sizga o’zingizni erkin namoyon qilishga imkon beradigan yagona imkoniyat. Internetda ko’plab namunaviy va muvaffaqiyatli motivatsion xatlarni topish mumkin. Ularni ko’rib chiqish va o’rganishni tavsiya qilgan bo’lardim. Shuningdek, men ish joyimdan 1 ta va oldingi universitetimdan 1 ta tavsiyanoma olib topshirgandim. Garchi bu majburiy bo’lmasada, imkoniyatlaringizni oshirishga ancha yordam beradi. Shuningdek, til sertifikati ham imkoniyatlaringizni oshirishi turgan gap. Menda 97 balli TOEFL iBT sertifikati bor edi.

 

Dasturga qabul necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

– Onlayn ariza yanvar oyida topshirilib, unda nomzod 2 ta universitetni tanlashi mumkin. Saralash bosqichi ham aynan tanlangan universitetlarga bog’liq. Albatta, eng birinchi bosqich bu umumiy va texnik bosqich. Bunda har bir nomzodning hujjatlari o’rganib chiqiladi. Mart oyida nomzodning hujjatlari nomzod yashovchi davlatdagi rasmiy hamkorga qaytib jo’natiladi. Rasmiy hamkor davlat rivojidagi muhim yo’nalishlardan kelib chiqib, nomzodlarni keyingi bosqichga tavsiya qiladi. Keyingi bosqichda nomzodlar hujjatlari o’zi tanlagan universitetlarga yuboriladi. Menda ushbu universitetlar – 1-tanlov uchun University of Debrecen, 2-tanlov uchun Budapest University of Technology and Economics edi. Tanlangan universitetlar ko’p hollarda nomzodlar bilan eng kamida video suhbat o’tkazadi. Ayrim hollarda nomzodlar online imtihon topshirishlari ham mumkin. Menda BUTE’da ham imtihon, ham suhbat bo’lgandi. Eng oxirgi bosqichda universitetlar suhbat va imtihon natijalariga ko’ra eng yaxshi nomzodlarni tanlab oladilar. Men ikkala universitetga ham qabul qilingandim. Lekin nomzodning birinchi tanlovi ikkinchi tanlovidan mutlaq ustunlikga ega bo’lgani uchun, grant birinchi tanlov uchun ajratiladi. Agarda birinchi tanlovdagi universitet nomzodni qabul qilmasagina u ikkinchi tanlovdagi universitet uchun grant olish imkoniga ega bo’ladi.

Suhbat taxminan jarayonida qanday savollar so’ralgan?

– Suhbatlar ikkala universitetda ham deyarli bir xil bo’ldi. Asosiy savollar:

  • Nima uchun Vengriya?
  • Nima uchun aynan shu universitet?
  • Grant dasturi menga qanday imkoniyat yaratadi?
  • O’qishdan tashqari nimalar bilan shug’ullanaman?
  • Ishlayotgan soham va asosiy vazifalarim nimalardan iborat?
  • Magistraturadan keyin nima qilaman?

 

Suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?

– Menimcha, asosan o’zi haqida yaxshi tasavvur qoldirishga. Vengriya hukumatini maqtash, ortiqcha havoyi gaplar kerak emas. Shunchaki nomzod o’zining eng yaxshi jihatlarini yetarlicha ijobiy tarzda ko’rsata olishi kerak. Shuningdek, ushbu suhbatda til bilish darajasi ham tekshiriladi. Shu sabab, barqaror ingliz tili darajasini ko’rsata olish alohida ahamiyat kasb etadi, chamamda.

 

Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

– To’g’risi grantni yutish unchalik qiyin bo’lmadi. Asosiy e’tiborni muddatlarga qaratgan holda, har bir bosqichda qo’yilgan topshiriqlarni o’z vaqtida bajarib borishning o’zi kifoya. Xujjatlarni yuqori sifatda tayorlash va suhbatlarga puxta tayorlangan holda, yuqori kayfiyatda o’tkazsangiz grant yutish ehtimoli ancha yuqori. Balki ushbu grant O’zbekiston uchun birinchi yil bo’lgani va nomzodlar soni ko’p bo’lmagani uchun menga oson tuyulayotgandir, bilmadim.

Siz o’qishga qabul qilingan OTM ta’lim tizimi haqida nimalarni bilasiz?

– To’g’risi Vengriya haqida unchalik ma’lumotga ega emasdim. Ayniqsa ta’lim tizimi haqida. Lekin o’zim o’qishga qabul qilingan universitet haqida internet orqali ancha ko’p ma’lumotga ega bo’ldim. University of Debrecen 1548 yildan beri ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Vengriyadagi eng tajribali universitet. Eng muhimi, men doim o’qishni orzu qilgan Master of Science in Engineering Management dasturi aynan shu universitetda o’qitiladi.

 

Dastur tarkibiga darsdan tashqari sayohat yoki safarlar kiritilganmi?

– Magistratura dasturida majburiy 1 oylik stajirovka dasturi bor. Bu haqida hali ko’p ma’lumotga ega emasman. Lekin bilamanki, ushbu dastur magistratura yo’nalishiga to’g’ridan to’g’ri bog’liq bo’ladi va Vengriyada mavjud korxona yoki muassasalardan birida olib oriladi.

 

O’qish boshlangach, necha yil tahsil olasiz?

Aksariyat Magistratura yo’nalishlari kabi, 4 semestr, ya’ni 2 yil.

 

Bu grant dasturiga va shu oliygohga hujjat topshirish niyatidagi nomzodlar harakatni nimadan boshlashlari va nimalarni yodda tutishlari kerak?

– Eng avvalo, grant haqida ko’p ma’lumot to’plash. Chunki, afsuski bizning kanallar orqali ushbu dastur unchalik ko’p yoritilmadi. Shuningdek, o’zlari tanlayotgan soha bo’yicha Vengriyaning eng yaxshi oliygohlari haqida ma’lumot to’plashsin. Chunki ushbu loyiha, Vengriyaning istalgan oliygohida o’qish imkonini beradi, xatto eng nufuzlilarida ham. Albatta, universitet tanlayotganda uning infrastrukturasi va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ham hisobga olish zarur. Va eng muhimi, tanlov tartibi haqida unutib qo’ymaslik kerak. Ya’ni agar siz birinchi tanlovingiz bo’yicha o’qishga qabul qilinsangiz, ikkinchi tanlovingiz o’z-o’zidan kuyadi. 2 ta tanlov bir xil kuchga ega emas. Shuni yoddan chiqarmang.

 

Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

– Ajoyib sayt, talabalar va abituriyentlar uchun juda ko’plab imkoniyatlarni taqdim etmoqdasizlar. Sizlar bilan Stipendium Hungaricum Scholarship Program stipendiati sifatida yaqindan ishlashga doim tayyorman.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!