KNB Scholarship – Kemitraan Negara Berkembang stipendiyasi Indoneziya hukumati tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlardan keluvchi xalqaro talabalarga Indoneziyadagi universitetlardan birida bakalavr, magistratura yoki doktorantura bosqichida taʼlim olish uchun taqdim etiladigan moliyaviy yordam hisoblanadi.
Dasturning asosiy vazifa va maqsadi:
- Rivojlanayotgan mamlakatlarda inson resurslarini rivojlantirishga hissa qoʻshish.
- Chuqur madaniy tushunishni rivojlantirish va rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash.
- Indoneziyadagi jahon darajasidagi universitetlar sonini koʻpaytirish boʻyicha milliy strategiyalarning bir qismi sifatida Indoneziya oliy taʼlim muassasalarining tadqiqot salohiyatini yaxshilash.
Ushbu stipendiya doirasida nomzodlar Indoneziyadagi 31 ta universitet, 1475 ta yoʻnalishdagi oʻquv dasturlaridan birida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Dastur doirasida 2024-yil uchun jami 222 nomzod uchun grant ajratgan boʻlib, quyidagicha taqsimlanadi:
- Bakalavr uchun — 30 ta (4 yil, yaʼni 8 semestr)
- Magistratura uchun — 162 ta (2 yil,yaʼni 4 semestr)
- Doktorantura uchun — 30 ta (4 yil, yaʼni 8 semestr)
Ishtirokchilarning barchasi dastur boshlanishida 1 akademik yil davomida indonez til kursida qatnashadi. Chunki KNB dasturi ishtirokchilari uchun darslarning barchasi indonez (bahasa) tilida oʻtiladi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavr, magistratura va doktoranturada oʻqimoqchi boʻlganlar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Grant sohiblari quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- Dastur ishtirokchilari 1 yil davomida BIPA, yaʼni indonez til kursida bepul oʻqiydi.
- Dastur davomida oʻquv kontrakt toʻlovidan ozod qilinadi.
- Til kursi hamda akademik oʻquv jarayonida tadqiqot va kitoblar uchun har oy stipendiya beriladi.
- Indoneziyaga borish hamda dastur yakunlangach oʻz vataniga qaytishda xalqaro safar xarajatlari qoplanadi. Bunda Indoneziya aeroportiga kelgach mezbon universitetgacha, qaytishda esa universitetdan aeroportgacha boʻlgan mahalliy transport xarajatlari ham qoplab beriladi.
- Indoneziyaga yetib kelganda joylashib olish uchun moddiy yordam beriladi.
- Sugʻurta hamda ilmiy maqola chop etish xarajatlari qoplanadi.
ESLATMA: dastur yuqorida aytilmagan hech qanday xarajatlar uchun, jumladan, talaba oila aʼzolari uchun qoʻshimcha moliyaviy yordamni oʻz zimmasiga olmaydi.
Talablar:
Bakalavr bosqichida oʻqish uchun talablar:
- Nomzod koʻpi bilan 21 yosh yoki undan kichik boʻlishi shart.
- Oʻrta maktab (kollej/akademik litsey)ni tugallagan boʻlishi kerak. Bakalavr darajasiga ega boʻlgan nomzodlar qayta bakalavr oʻqish uchun ariza topshira olmaydi.
- Ingliz tilini yetarlicha bilishi kerak. Kamida IELTS 5.5, TOEFL iBT 53, TOEIC 510 va TOEFL ITP 477 darajaga ega boʻlishi shart. Maktab fanlarini toʻliq ingliz tilida oʻqigan nomzodlardan ushbu sertifikatlar talab etilmaydi.
Magistratura bosqichida oʻqish uchun talablar:
- Nomzod koʻpi bilan 35 yosh yoki undan kichik boʻlishi shart.
- Bakalavr darajasiga ega boʻlishi kerak. Magistraturani allaqachon tugallagan va bu bosqichda qayta oʻqimoqchi boʻlganlar topshira olmaydi.
- Ingliz tilini yetarlicha bilishi kerak. Kamida IELTS 6.0, TOEFL iBT 61, TOEIC 575 va TOEFL ITP 500 darajaga ega boʻlishi shart. Universitet fanlarini toʻliq ingliz tilida oʻqigan nomzodlardan ushbu sertifikatlar talab etilmaydi.
Doktorantura bosqichida oʻqish uchun talablar:
- Nomzod koʻpi bilan 40 yosh yoki undan kichik boʻlishi shart.
- Magistrlik darajasiga ega boʻlishi kerak. Doktoranturani allaqachon tugallagan va bu bosqichda qayta oʻqimoqchi boʻlganlar topshira olmaydi.
- Ingliz tilini yetarlicha bilishi kerak. Kamida IELTS 6.0, TOEFL iBT 71, TOEIC 640 va TOEFL ITP 530 darajaga ega boʻlishi shart. Universitet fanlarini toʻliq ingliz tilida oʻqigan nomzodlardan ushbu sertifikatlar talab etilmaydi.
Dasturga qabul jarayoni:
Dasturga ariza topshirish uchun nomzodlar onlayn roʻyxatdan oʻtishlari va ariza shaklini toʻldirishlari kerak. Arizalar 2024- yil 23-fevralga qadar qabul qilinadi. Ariza topshirishda kerakli hujjatlar:
- KNB Scholarship Offering Letter (yuklab olish PDF).
- Rasmiy pasport, muddati tugashiga kamida yana 2 yil boʻlishi kerak.
- Ingliz tilini bilishini tasdiqlovchi sertifikat.
- Indoneziya elchixonasidan tavsiyanoma. Yashayotgan davlatingizda Indoneziya elchixonasi mavjud boʻlmasa, mamlakatingizda akkreditatsiyadan oʻtgan Indoneziya elchixonasidan xat olishingiz mumkin. Indoneziya elchixonasi haqida qoʻshimcha maʼlumot Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida.
- Nomzod hozirda ishlayotgan boʻlsa, ish joyidan tavsiyanoma.
- Avvalgi oʻqigan joylaridan akademik tavsiyanoma. Doktoranturaga topshirmoqchilar uchun ilmiy rahbaridan tavsiyanoma.
- Diplom va baholar.
Muhim: barcha hujjatlar ingliz yoki indonez tilida boʻlishi kerak.
ESLATMA: ariza topshirishdan avval rasmiy eʼlon hamda ariza topshirish yoʻriqnomasi bilan batafsil tanishib chiqing.
Qoʻshimcha savol va murojaatlar uchun: knb@kemdikbud.go.id