×

Oʻzbekistonlik talabalarni oyiga 100 yevro stipendiya bilan taʼminlovchi dastur gʻolibining taassurotlari


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

3242 marta

CHOP ETILGAN

13.08.2020

2020-yilning iyun oyi boshlarida Nippon Foundation Scholarship Program stipendiya dasturiga hujjat topshirayotgan oʻzbek yoshlariga foydali maʼlumotlar ulashish uchun Grantlar.uz jamoasi dasturning oʻtgan yilgi gʻolibi bilan suhbat uyushtirgandi. Shuningdek, Grantlar.uz jamoasi dastur gʻoliblari tomonidan hujjat topshirishda yoshlarga bevosita yoʻl-yoʻriq koʻrsatish uchun telegramda guruh ochish, guruh haqida yoshlarni xabardor qilish jarayonida ishtirok etgan. Mazkur guruhga qoʻshilib, keyinchalik dasturning 2020-yildagi qabuliga hujjat topshirgan va stipendiyani qoʻlga kiritgan yoshlardan biri Marvarid Oʻktamjonova oʻz taassurotlari bilan boʻlishdi. Uni eʼtiboringizga havola etamiz:

Aprel oyida oʻrtogʻim “scholarship”ga link tashladi. Oʻqidim. Zoʻr. Bakalavrni tugatgunimizcha 2 yil davomida 100 yevro (1 mln 200 ming soʻm) miqdorida har oy stipendiya beriladi. Bundan tashqari har-xil davlatlarga konferensiyalarga tashkilot oʻz hisobidan olib boradi. 4-kursda Yaponiyaga 10 kunga sayohatga ketish mumkin. Magistraturani Yaponiyada davom ettirish mumkin. Xullas, judayam zoʻr imkoniyat ekan.

Lekin insho yozishga dangasalik qildim toʻgʻrisi. Yaponiya va Oʻzbekiston munosabatlari haqida yozish kerak edi. Zoʻr imkoniyat ekan, koʻpchilik topshiradi, meni olishmaydi dedim. Grantlardan yiqilaverganimga oʻzimga past baho berishni boshlagandim. Iyun oyida @grantlar kanalida yana koʻzim tushdi oʻsha grantga. Hujjat topshirish oxirgi muddatiga 4 kun qolgandi.

Ulgurmayman dedim endi. Oʻtgan yili gʻolib boʻlganlar yordam uchun guruh ochishgan ekan. Qiziqishdan qoʻshildim. Ular hujjat tayyorlab, esse yozib yurishganiga qiziqib, tavakkal boshladim men ham. Esse zoʻr chiqdi. Oʻzimga yoqdi. Aniq meni suhbatga chaqirishadi, deb oʻylardim. 2 hafta kutdik.

Va nihoyat javoblar chiqdi. Hamma suhbatga chaqirilganlarga birdaniga xat kelgandi-yu, nimagadir meni pochtam tinch. Balkim muammo pochtadadir deb ikki marta boshqa elektron pochta ochdim🤦‍♀. Chunki ishonmadim meni chaqirishmaganiga. Afsuski, muammo pochtada emas ekan. Menga xat kechroq keldi. Ungacha tamom boʻldim. Shundan keyin ketma-ket intervyular, hayajonlanish, tayyorgarliklar boshlandi.

Asosiy intervyu grantni qoplaydigan tashkilot raisi bilan boʻldi. Intervyudagi xatolarimni yozganman. Oʻtmadim, deb oʻyladim. Chunki kuchlilar koʻp edi. Meni baholarim zoʻr emas. Hatto 3 ham bor. Hamma IELTS bilan topshirgan bir paytda, men CEFR bilan hujjat topshirganman. Bu tomonlama past edim.

Lekin intervyudan keyin xat kelgan 8 kishini ichida men ham bor edim (qayta-qayta oʻqidim). Afsuski, bu ham hali gʻoliblikni anglatmas ekan🤷‍♀​. Shuning uchun hech kimga aytmadim. Oʻzi hammadan sir tutib kelayotgandim. Kecha ertalab yana intervyu boʻlishini aytishdi. 8 kishiga emas. 2 kishiga.

Zoomʼga kirganimizda 6ta yigitni olishlari aniq boʻlgan va 2 ta qizdan bittasini tanlashga majbur ekanliklarini aytishdi. Nima? Ikkalamiz ham hayron, asabiy, hayajonda. Bildirmadim. Boshlandi intervyu.

Birinchi savol, nima uchun sizni ushbu grantga loyiq koʻrishimiz kerak? Tayyorlangandim bu savolga ancha. Birinchi boʻlib, sherigim javob berdi. Judayam zoʻr, yetarli sabablar bilan, chiroyli javob berdi. Aksiga olib ayni men aytmoqchi boʻlgan gaplar. Meni navbatim. “Well, Iʼm going to give you three reasons why I deserve this scholarship. Firstly,…“. Oʻzimga yoqdi. Tanlashga qiynalishayotgandi.

Yana savol berdi. “Oʻzbekistonni kelajakda qanday koʻrasan?“. Umuman tayyorlanmaganman bu savolga. Shuning uchun boshqa tayyorlangan savolimni javobini shunga moslashtirib ketishni maʼqul koʻrdim (aqlni qarang🤓). Oʻzbekiston rivojiga qanaqa hissa qoʻsholishimni 2 ta sabab bilan aytdim. Tugadi.

Meni qabul qilishlarini emas, ikkalamizni ham olishlarini niyat qildim. Chunki sherigim ham kuchli edi. Tadaaam, 1 soatdan keyin kutilmagan email keldi. Ikkalamizni ham olishibdi.

Xursandman juda. Asosiysi, yaxshi niyat va harakat. Judayam xohlardim sayohat qilishni. Endi orzular amalga oshadi, xudo xohlasa. Keyingi yil mart oyidan yana eʼlon qilinadi. Hujjat qabuli boshlanadi. Endi 2-kursga oʻtgan Toshkentda oʻqiydigan talabalar topshira olishlari mumkin. Oʻzim yordam beraman, vaʼda. Savollar yuzasidan oʻzimga SHU YERDA murojaat qilishingiz mumkin.

Ha aytgancha, hammasi havas qilishdan boshlanadi. Muvaffaqiyatga erishgan odamlarga havas qiling. Niyat qiling va albatta harakat qiling.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!