×

Yozgi/qishki maktablar: Chet elga chiqishning kam eʼtibor beriladigan usuli


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

6352 marta

CHOP ETILGAN

26.02.2024

Biror xorijiy tilni oʻrgangan koʻpchilik chet elga borishni, u yerdagi odamlar va hayot tarzi bilan tanishishni xohlaydi. Lekin chet davlatlarga borish uchun ancha qiyin va qimmat boʻlib tuyiladi. Agar chet elga chiqishning qulay usullarini bilmasangiz, bu chindan ham murakkab va qimmat jarayonga aylanadi.

Ammo buning osonroq yoʻli ham bor. Bu – yozgi maktablarda ishtirok etish. Dunyodagi turli mamlakatlarda koʻplab yozgi maktablar tashkil qilinadi. Bunday maktablar uchun odatda qatnashish haqi boʻlsa-da, ularning koʻpchiligi har yili toʻliq va qisman grantlar eʼlon qiladi. Yaʼni moliyaviy imkoniyatingizga qarab oʻz hisobingizdan qatnashishingiz yoki matkab taklif etgan grantlarga ariza topshirishingiz mumkin.

Masalan, hozirda Latviyada boʻladigan yozgi maktablar va toʻliq grantlarga, (qabul 2024-yil 1-aprelgacha), shuningdek, jurnalistlar, blogerlar va tadqiqotchilar uchun Germaniyadagi 2 haftalik yozgi maktabga hujjatlar qabuli davom etmoqda.

Yozgi/qishki maktablarda ishtirok etishning foydalari:

1. Ham sayohat, ham taʼtil, ham taʼlim.

Yozgi maktablarda ishtirok etish chet davlatga sayohat qilish va vaqtni foydali oʻtkazish uchun samarali usul hisoblanadi. Chunki yozgi maktablar yoz oylarida, koʻpchilikda boʻsh vaqt mavjud mavsumda oʻtkaziladi, shuning uchun bu dasturlarda yil davomida band boʻladigan oʻquvchilar ham, oʻqituvchilar ham qatnasha oladi. Undan tashqari, bunday dasturlarda ham madaniy-koʻngilochar, ham oʻquv dasturlari bir vaqtda olib borilgani uchun, mashgʻulotlar ham qiziqarli boʻladi, ham yangi bilim yoki koʻnikmalar shakllantirish imkoni boʻladi. Mashgʻulotlardan boʻsh vaqtda shahar aylanish va boshqa ishtirokchilar bilan muloqot qilgan holda, madaniy koʻnikmalaringizni oshirishingiz ham mumkin.

2. Boshqa ish va mashgʻulotlaringizga xalal bermaydi.

Yozgi maktablar odatda 1 haftadan 1 oygacha davom etadi, shuning uchun ularda ishtirok etish uchun talabalar akademik taʼtil olishi, repetitor yoki shunga oʻxshash dasturlarni toʻxtatishi, yoki ishlaydiganlar ishdan taʼtil (otpusk) olishi shart emas. Hayotingizning doimiy oqimiga xalal bermagan holda, boshqa davlatga borib kelishingiz, keyin yana avvalgidek davom etishingiz mumkin. Oʻzbekistonda, ayniqsa, oʻquvchi va talaba yoshlar chet ellarga borishni xohlashsa ham, ota-onalar ularni oʻzga yurtlarga uzoq muddatga yuborishni xohlashmasligi mumkin. Yoki, hali oʻz yurtidan uzoqda yashashga koʻnikmaganlar avval qisqa muddat tajriba orttirib, bir muddat yashab koʻrishni xohlashlari mumkin. Shunday vaziyatlarda yozgi maktablar ancha qoʻl keladi, qisqa muddatli dasturda qatnashish uchun uydan ruxsat olish ham, tajriba uchun sinab koʻrish ham oson.

3. Moliyaviy jihatdan ham qulay.

Agar yozgi maktab uchun grant yutib olsangiz, sayohatingiz bepul bo’lishi mumkin. Agar qisman grant yutsangiz, boshqa vaziyatdan ancha qimmat bo’lishi mumkin bo’lgan mashg’ulotlarga bir necha barobar kamroq xarajat qilish imkoniyati paydo bo’ladi. Ko’pchilik yozgi maktablar qisman grant taqdim etganda mashg’ulot va turar joyni bepul qilib berishadi, siz faqat aviachiptalar sotib olishingiz kerak bo’ladi. Yoki, mashg’ulotlar bepul bo’lib, mehmonxona va aviachiptalarni o’zingiz qoplashingiz so’ralishi mumkin. Har qanday holatda ham, bunday dasturlarga ketadigan umumiy xarajatlar turistik dasturlardan ancha arzon bo’ladi va bir marta bo’lsa ham chet el ko’rib kelishga arziydi.

4. Kelajak uchun foydali.

Yozgi maktablar turistik dasturlardan farq qiladi, chunki chet davlatni turist bo’lib aylanish va biror madaniy yoki o’quv dasturida qatnashish uchun borib kelishning farqi bor. Agar biror yozgi maktabda, masalan, Yevropa taxiriga, dasturlashga, madaniyatga, yoki yetakchilikka bag’ishlangan yozgi dasturda ishtirok etsangiz, sizga sertifikat berishadi va kelajakda CV tayyorlaganda bu sertifikatni qo’shish mumkin bo’ladi. Keyinchalik boshqa grant dasturlariga, magistratura yoki boshqa kurslarga, ishga, yoki boshqa istalgan dasturga hujjat topshirganda yozgi maktabda olgan sertifikatingizni qo’shib topshira olasiz. Bunday dasturda muvaffaqiyatli qatnashib kelgan shaxsda kirishimlilik, madaniy va muloqot ko’nikmalari, chet tili ko’nikmalari, mustaqil harakat qilish qobiliyati, va begona davlat va yangi vaziyatlarda o’zini tutish qobiliyati yetarlicha rivojlangan hisoblanadi. Shuning uchun, boshqa dasturlarga hujjat topshirganda yozgi maktab sertifikatingiz sizni mustaqil va bilimli shaxs sifatida reklama qiladi. Bunday sertifikatlari ko’proq nomzodlarning grant yutishi, o’qishga qabul qilinishi, va viza olishi ehtimoli boshqalarga nisbatan balandroq bo’ladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!