×

2021-yili JACAFA stipendiyasini qoʻlga kiritgan oʻzbek talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

4678 marta

CHOP ETILGAN

02.05.2021

Eslatma: Bu suhbat 2021-yilgi qabul yuzasidan qilingan. Keyingi yillardagi qabulda suhbatda qayd etilgan talablar, sonlar yoki boshqalar biroz oʻzgarishi mumkin.

1. Assalomu alaykum, Xushnazar. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalomu alaykum. Men, Jo’rayev Xushnazar Bahodir-o’g’li, 2002-yil 25-may kuni Qashqadaryo viloyati G’uzor tumanida tug’ilganman. 2019-yil G’uzor tumanidagi 68-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatini bitirganman. Hozirgi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 2-kurs talabasiman. Fursatdan foydalanib, JACAFA stipendiyasini yutgan barchani tabriklamoqchiman.

2. Aytingchi, JACAFA stipendiyasini qoʻlga kiritganlar qanday imtiyozlarga ega boʻladi?

Gʻoliblar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Gʻolib talabalarga 2021-yil oktyabr oyidan boshlab 100 yevro miqdorida oylik (bu yil istisno sifatida noyabr oyidan) stipendiya berib boriladi. Stipendiya 2 yilgacha berilishi mumkin.
  • Dastur doirasida Markaziy Osiyo davlatlarida turli tadbirlar uyushtiriladi va gʻoliblarning bu tadbirlarga qatnashish xarajatlari qoplanadi.
  • Gʻoliblar soʻnggi yilda JACAFA Japan Visit Program musobaqasiga qatnashishi mumkin. Musobaqada yutganlar Yaponiyaga sayohat qiladi, barcha xarajatlar qoplanadi.

3. Ushbu dasturda ayrim yillari talablar oʻtgan yilgidan bir oz farq qiladi. Bu yil nomzodga qoʻyilgan talablar nimalardan iborat edi?

Bu yilgi talablar ham avvalgilari bilan deyarli bir xil boʻldi. Talablar quyidagilar:

  • Nomzod Toshkent shahridagi oliygohlardan birida o’qishi va O’zbekiston fuqarosi bo’lishi bo’lishi kerak.
  • Baholari 75% yoki undan yuqori bo’lishi va grant berilgandan keyin ham shu koʻrsatkich pasaymasligi shart.
  • Nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi va IELTS, TOEFL, TOEIC yoki boshqa muqobil test natijalari orqali buni tasdiqlashi zarur.
  • Nomzodning yoshi stipendiya berila boshlaydigan vaqtda (2021-yil, oktabr) 23 yoshdan oshmagan bo’lishi kerak.
  • Nomzod talaba bo’lishi va bakalavriat bosqichida 3-kursni boshlash arafasida boʻlishi lozim. Yaʼni 2021-yilning yozida 2-kursni bitiradigan talaba boʻlishi kerak.
  • Nomzod fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat (pasport) va sudlanmaganligini haqida maʼlumotnoma topshirishi kerak.
  • Grantlar faqat ijtimoiy fanlar, kompyuter muhandisligi va IT muhandisligi sohalarida ta’lim olayotgan talabalarga beriladi.

4. Ushbu dasturda nomzodning ingliz tilini bilish darajasi IELTS, TOEFL, TOEIC kabi test natijalari orqali tasdiqlanishi zarur ekani yozilgan, lekin minimum ball keltirilmagan. Sizdagi til sertifikati balli necha ball? Nima deb oʻylaysiz, ingliz tili sertifikati balli stipendiyani yutishda qanchalik ahamiyatli?

Ha, minimum ball keltirilmagan. Shaxsan o’zimda 7.0 IELTS sertifikatim bor edi. Lekin CEFR orqali ham o’tganlarni ham taniyman. Ingliz tilini bilish juda muhim. Chunki barcha hujjatlar, barcha suhbatlar va barcha xabarlar faqat va faqat ingliz tilida bo’lishi shart. Ingliz tilida erkin suhbat qila olmasangiz, jarayonlar siz uchun juda qiyin bo’ladi.

5. Dasturga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball edi? Dasturda gʻolib boʻlish uchun baholar qanchalik ahamiyatli?

Baholarim ancha yaxshi edi. Oxirgi semestrda o’rtacha GPA baholarim 4.7/5 edi. Balki baholar avvalgi yillarda unchalik hisobga olinmagan bo’lishi mumkin, lekin bu yil katta ahamiyatga ega bo’lgan, menimcha. Chunki raqobat juda juda kuchli edi. Shu sababli barcha hujjatlar muhim ahamiyatga ega bo’lgan.

6. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz, qanday?

Ha, albatta. Hujjatlarni tayyorlashda va inshoni yozishda. Inshoni yozish unchalik ko’p vaqt olmadi, chunki avval ham bunday insholar yozganim qo’l keldi. Taxminan ikki kunda inshoni yozib tugatdim. Bundan tashqari, maqsadlarimni aniq qilib tayyorlab qo’yganim ham ahamiyatga ega bo’ldi. Shu bilan birga, avvalgi yilda JACAFA stipendiyasini yutgan talabalar bilan ham suhbatlashganim ancha yordam berdi.

7. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Dasturga hujjat topshirish va qabul jarayoni quyidagicha boʻldi:

  • (1) Dastlabki bosqichda: mantiqiy savollar, o’zingiz haqida ma’lumotlar, rezyume (CV); agarda yuqorida keltirilganlardan muvaffaqiyatli o’tgan bo’lsangiz, biroz vaqtdan keyin elektron pochtangizga xabar keladi.
  • (2) Keyingi bosqichda: birinchi suhbat – Bu suhbat Zoom orqali va umumiy mavzuda bo’ldi, ya’ni o’zimiz haqimizdagi ma’lumotlar yana bir marta tekshirldi, va albatta, maqsadlarimiz haqida so’rashdi. Asosiy maqsad: qanchalik darajada ingliz tilida suhbat qila olasiz;
  • (3) Bu bosqichda sizga barcha kerakli hujjatlar ro’yxati taqdim etiladi (insho mavzusi, baholar, ingliz tilini bilishni isbotlovchi hujjat, o’qish joyidan ma’lumotnoma, 2+ tavsiyanoma, CV, qizil pasport nusxasi). Lekin bundan tashqari siz o’zingizning sertifikat va boshqa diplomlaringizni ham qo’shishingiz mumkin;
  • (4) Bu bosqichda, agarda sizning hujjatlaringiz qabul qilingan bo’lsa, sizga yangi xabar keladi. Yana bir marta Zoom orqali suhbat boʻladi. Bu suhbat (Ikkinchi suhbat) ham oldingisi bilan deyarli bir xil;
  • (5) Uchinchi suhbat – eng muhim bosqichlardan biri. Shu suhbatdan keyin JACAFA stipendiyasi gʻoliblari aniqlanadi. Uchinchi suhbat oldingilaridan farqli ravishda, yuzma-yuz boʻldi.

8. Dasturga qanday hujjatlarni topshirish soʻraldi?

Yuqorida aytganimdek, insho, baholar, ingliz tilini bilishni isbotlovchi hujjat, o’qish joyidan ma’lumotnoma, 2+ tavsiyanoma, CV, qizil pasport nusxasi soʻraldi. Lekin bundan tashqari siz o’zingizning sertifikat va boshqa diplomlaringizni ham qo’shishingiz mumkin.

9. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Mening fikrimcha, aniqlik va tushunarlilik eng muhim jihat hisoblanadi. Shu bilan birga, barcha hujjatlar ingliz tilida bo’lishi lozim.

10. Nima deb oʻylaysiz, gʻoliblik uchun eng muhim boʻlgan hujjatlar qaysilar?

Menimcha, eng muhim hujjatlar IELTS, baholar, CV va yozilgan insho boʻlgan.

11. Bu yilgi nomzodlar qanday mavzuda insho yozishdi?

Menimcha, barcha yillarda bir xil insho mavzusi taqdim etiladi. Insho mavzusi quyidagicha:

“How could Uzbekistan society be influenced and inspired by Japanese culture, work ethics and economy”.

12.Test bosqichida qaysi sohalardan test berishdi? Ular qiyinmidi?

Taxminan 90% savollar mantiqiy edi. Bundan tashqari, matematika sohasiga taalluqli savollar ham mavjud edi. Qiyinlik darajasi o’rtacha: juda qiyin ham emas, oson ham emas.

13. Suhbat jarayoni qanday kechdi? Qaysi tilda boʻldi va qanday savollar soʻraldi?

Birinchi va ikkinchi suhbatlar unchalik qiyin bo’lmadi, chunki deyarli bir xil savollar: o’zingiz haqida va jamiyatga manfaati tegadigan maqsadlaringiz so’raladi. Hal qiluvchi 3-suhbatda “JACAFA va Nippon Foundation (bu nodavlat notijorat tashkiloti JACAFA homiysi)ga qanday yordam bera olasiz? Nega aynan JACAFA sizni tanlashi kerak?” kabi savollar berildi. Aniq javob berish talab etildi. Oxirgi, ya’ni 3-bosqichga alohida e’tibor berish kerak deb o’ylayman. Suhbatlar yuqorida aytganimdek, faqat ingliz tilida bo’ladi.

14. Suhbat bosqichiga ancha koʻpchilik oʻtgan, lekin ular orasidan faqat 10 nafari suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtib, stipendiyani qoʻlga kiritgan hamda siz ulardan birisiz. Nima deb oʻylaysiz, suhbatdan oʻtishingizga qanday omillar sababchi boʻldi?

Bu stipendiyani yutishda asosiy sabab, mening fikrimcha, berilgan savollarga aniq javob berish, ya’ni “olib qochish” umuman yaramaydi. Agarda yuqoridagi holat yuz beradigan taqdirda, ular sizni to’xtatishadi va boshqa nomzoddan savol so’rashga o’tishadi. Shu bilan birga, siz ularni o’zingizga ishontira olishingiz va siz eng kuchli nomzod ekaningizni nutqingiz orqali isbotlashingiz kerak.

15. Suhbatdan oʻta olmaganlar qanday omillarga koʻra oʻta olmadi deb oʻylaysiz?

Suhbat bosqichiga ko’pchilik o’tgan bo’lsa ham, men bilan birgalikda bir xonaga kirgan 6 kishidan faqat men stipendiyani yutganlar orasida edim. Lekin barcha 6 kishi ham savollarga deyarli yaxshi javob bergan edi. Bu esa menga shuni aniqlashtirdiki, suhbatda qatnashish, savollarga javob berishning o’zigina yetarli emas. Barcha hujjatlar ham juda muhim rol o’ynaydi.

16. Stipendiya sohibi boʻlishingizga sababchi boʻlgan asosiy omillar nimalar deb hisoblaysiz.

Birinchi navbatda, har bir bosqichda mukammallikka e’tibor berganim. Ikkinchidan, avvalgi yilda stipendiyani yutgan Abdulaziz Murtozayev va Marvarid O’ktamjonovalarning maslahatlari hisoblanadi. Uchinchidan, yutishga ishonch eng muhimi.

17. Keyingi yil ushbu stipendiyani yutmoqchi boʻlganlarga nimalarni va qanday tayyorgarlik koʻrib qoʻyishni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

Birinchidan, jamiyatga va JACAFAga foydangiz tegadigan maqsadlaringizni aniq qilib tayyorlab olish hisoblanadi. Ikkinchidan, ingliz tilida erkin suhbat qilish va o’z fikrlaringizni aniq shaklda yetkazib bera olish juda muhim. Uchinchidan, har bir bosqichga alohida e’tibor va mukammallikka intiling.

Qo’shimcha

Bundan tashqari, bu stipendiyaga topshirishimga sababchi bo’lgan do’stim TDYUning 2-kurs talabasi Azizillo Habibullayevga alohida minnatdorchilik bildiraman. Shu bilan birga, otajonim, onajonimning duolari va ustozlarimning sa’y-harakatlari orqali shu natijaga erishganimni ta’kidlab o’tishim lozim.

Grantlar.uz jamoasi ishlariga rivoj tilagan holda, hech qachon ilm olishdan to’xtamasligingizni so’rayman. Zero, sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir”, deganlar.

Xushnazarning JACAFA stipendiya dasturi uchun topshirgan hujjatlari bilan BU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!