×

Nemis tili menga nima beradi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

10238 marta

CHOP ETILGAN

01.09.2024

Bilasiz, koʻpchilik ingliz tilini oʻrganadi. Lekin ayrimlar buning oʻrniga nemis tilini yoki ingliz tilidan keyin nemis tilini oʻrganadi. Va bu munosib tanlov.

Bugun nemis tili orqali qatnashish mumkin boʻlgan grantlar va dasturlar haqida gaplashamiz.

1. DAAD dasturi. Bu dastur Germaniya universitetlarida magistratura yoki doktoranturada toʻliq grant asosida oʻqish imkonini berdi. Bunda nemis yoki ingliz tilida qatnashish mumkin.

Shuningdek, DAAD dasturi grantlari orqali til kurslariga qatnashish ham mumkin (faqat nemis tilida).

DAAD grantlariga qabul dastur, universitet va yoʻnalishga qarab juda farq qiladi. Odatda umumiy qabul har yili avgust oyi boshida boshlanib, oktabr oxirida tugaydi.

👉DAAD grantlari haqida batafsil (magistratura va doktorantura)

👉DAAD moliyalashtiradigan til kurslari haqida batafsil

2. FSJ dasturi. Dastur Germaniyada 6 oydan 18 oygacha amaliyot oʻtash imkonini beradi. Bunda nomzodlar tibbiyot, parvarish, madaniyat va boshqa bir qancha sohalarda amaliyot oʻtashi mumkin. Faqat nemis tilida boʻladi.

Dastur odatda amaliyotchini choʻntak puli, sugʻurta hamda turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlaydi.

Hujjatlar yil davomida qabul qilinadi.

👉 FSJ dasturi haqida batafsil

3. Au Pair dasturi. Bu dastur Germaniyadagi mezbon oila bilan yashab, nemis madaniyati va tilini oʻrganishga imkon beradi. Buning evaziga dastur ishtirokchisi mezbon oiladagi bolalarga qarash ishlarida yordam berishi kerak boʻladi.

Nemis tilini kamida A1 darajada bilish talab qilinadi.

Hujjatlar yil boʻyi qabul qilinadi.

Taʼkidlash joiz, bu dastur boshqa bir qancha davlatlarda ham mavjud.

👉 Germaniyadagi Au Pair dasturi haqida batafsil

4. Stipendium Copernicus dasturi. Bu dastur bakalavriat va magistratura talabalariga Germaniyadagi Gamburg universitetida 1 semestr davomida oʻqish hamda amaliyot oʻtash imkonini beradi. Faqat nemis tilida qatnashish mumkin.

Dastur ishtirokchilarning barcha xarajatlarini toʻliq qoplaydi.

Qabul yiliga 2 marta boʻladi:
– bahorgi semestr uchun 1-sentabrgacha;
– qishki semestr uchun 1-martgacha.

👉Stipendium Copernicus dasturi haqida batafsil

5. Leaders for Future dasturi. Germaniyda 2 oy davomida amaliyot oʻtash imkonini beradi. Dasturda nemis yoki ingliz tilida qatnashish mumkin. Istalgan soha vakillari ariza topshira oladi.

Dastur ishtirokchilarga toʻliq va qisman grantlar taklif qiladi.

Hujjatlar odatda har yili 1-oktabrdan 15-dekabrgacha davom etadi.

👉 Leaders for Future dasturi haqida batafsil

6. IES dasturi. Bu dastur bakalavrlar, magistrlar va doktorantlarga moʻljallangan boʻlib, talabalarga Germaniyada joylashgan Berlin ozod universitet va Gumboldt nomidagi Berlin universitetida 1 semestr davomida oʻqish imkonini beradi.

Dasturga talabalar ingliz tilida ham, nemis tilida ham hujjat topshirishi mumkin. Oʻqish ham talaba hujjat topshirgan tilda boʻladi.

Dastur talabaning Germaniyada yashash, oʻqish, turar joy, viza, sugʻurta, kontrakt toʻlovi xarajatlarini toʻliq yoki qisman qoplab beradi.

Dasturga qabul yiliga 2 marta boʻladi:
– 1-oktyabrdan 20-dekabrgacha;
– 1-apreldan 20-iyungacha.

👉 IES dasturi haqida batafsil

7. Germaniya va Avstriyada bepul yoki arzonga sifatli taʼlim. Germaniyada deyarli barcha davlat universitetlarida oʻqish bepul, yaʼni kontrakt summasi toʻlanmaydi.

Taʼlim asosan nemis tilida boʻlgan Avstriyada ham ayrim oʻqish bepul boʻlgan va kontrakti hamyonbop universitetlarni topish mumkin.

Albatta, Germaniyada ham, Avstriyada ham ingliz tilida oʻqitiladigan dasturlar bor. Lekin OTMlardagi kurslarning aksariyati nemis tilida oʻqitiladi.

Biz nemis tili beradigan imkoniyatlarning ayrimlarini sanadik, xolos. Bulardan boshqa koʻplab dastur va imkoniyatlar ham mavjud.

Postimiz foydali boʻldi degan umiddamiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!